“El-Klasiko” oldidan jamoalarning imkoniyatlari baholandi
Sport
−
24 Oktabr 18270 2 daqiqa
Joriy yilning 26 oktyabr kuni Ispaniya La Ligasi 10-tur doirasida Madridning “Real” jamoasi o‘z maydonida Kataloniyaning “Barselona” klubini qabul qiladi. Superkompyuter “El-Klasiko” uchrashuvi oldidan “Real Madrid”ning imkoniyatlarini yuqori baholadi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
Sun’iy intellekt tarixiy ma’lumotlar, bukmekerlik koeffitsiyentlari va so‘nggi statistikalarga asoslanib, “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tadigan “El-Klasiko”ning g‘olibi sifatida “Real Madrid”ni tanladi. Xansi Flik boshchiligidagi “Barselona”ning g‘alaba qozonish ehtimoli 31,1 foizni tashkil etsa, “Real Madrid”ning g‘alaba qozonish imkoniyatlari 45,3 foiz bilan favorit hisoblanmoqda. Durrang natijaga esa 23,6 foiz imkoniyat berilgan.
Agar Xans-Diter Flik jamoasi g‘alaba qozonsa, u holda “Barselona” Pep Gvardiola davridagi raqibga qarshi ketma-ket beshta g‘alaba natijasini takrorlaydi. Flik hozircha dastlabki to‘rtta “El-Klasiko”da g‘alaba qozongan, kataloniyaliklarning g‘alabasi jamoa ustozining natijasini Gvardiola bilan tenglashtiradi.
“Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso uchun bu murabbiy sifatidagi dastlabki “El-Klasiko” hisoblanadi. Madridliklar ustozi joriy mavsum La Ligada 9 ta uchrashuvning 8 tasida g‘alaba qozongan va 1 martta mag‘lubiyatga uchragandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” hujumchisi Robert Levandovskiy terma jamoada olgan jarohati sabab “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuborishi haqida xabar berilgan edi. https://qalampir.uz/news/levandovski-%D2%B3am-el-klasiko-ni-utkazib-yuboradi-125509