Eksport agentligi tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qoldi – Prezident
Jamiyat
−
18 yanvar
4757Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga, davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilindi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga 800 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.
Lekin yig‘ilishda Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Masalan, eksportoldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har bir dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelayapti. Ammo elektrotexnikada 2,5 dollar, qishloq xo‘jaligida va farmatsevtikada 3 dollarni tashkil qiladi.
Achinarlisi, ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam bo‘lgan bo‘lsa, ba’zilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.
Shuningdek, o‘tgan yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard so‘m mablag‘ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shug‘ullanmagan.
Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilingan.
LiveBarchasi