“Ekologiyaning dushmani – hokimiyatlar”. Toshkentda 144 tup daraxt kesib tashlandi
3-sahifa
−
27 Oktabr 2025 5521 4 daqiqa
Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlandi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali 25 oktyabr kuni tunda daraxtlar kesilayotgani holati Ekologiya vazirligi inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan. O‘rganishda Yakkasaroy tumanining Nukus ko‘chasi va Bobur ko‘chasi kesishmasidan boshlab, Bobur ko‘chasi bo‘ylab avtomobil yo‘li yonidagi jami 144 tup daraxt (mojjevelnik) kesib ketilgani aniqlangan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan.
Bu Prezident farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi. 25 oktyabrdan daraxtlar kesilgan hududda manzarali daraxtlar ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming so‘mni tashkil etmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha aybdorlarga tegishli jazo ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
“Ayni vaqtda prokuratura organlarining bu masalada xolis va qonuniy ko‘magi kerak. Chunki Yakkasaroy tumani ekologiya xodimlari bosim ostida ushbu holat bo‘yicha tezkor chora ko‘rish uchun o‘rganish va hujjatlarni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmagan. Shu bois, holat Ekologiya vazirligi nazoratida o‘rganilmoqda”, deb yozdi Rasul Kusherbayev.
Uning qayd etishicha, holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, go‘yoki Yakkasaroyda qurib qolgan daraxtlar kesilgan deb, bosim qilib, Telegram-kanallardan o‘chirtirish boshlangan.
“Bilmayman, bu hokim o‘rinbosari nima xohlayapti. Albatta, bu kesilgandan keyin uning o‘rniga boshqa yangi daraxt ekilishi kerak va u soliq to‘lovchilar hisobidan shakllanadigan byudjetdan yana pul ketkaziladi. Byudjetning puli shu ishlarga sarflanadi. Bundan kim manfaatdor o‘zi? Ko‘m-ko‘k ko‘karib turgan daraxtni kesib, uning o‘rniga boshqa ekishdan, shuncha xarajat qilishdan kim manfaatdor? Hurmatli o‘sha hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov, siz buni balki xalqqa tushuntirib berarsiz. Nega bunaqa? Bu birinchi marta emas sizning bunday qilishingiz”, degan Kusherbayev 26 oktyabrdagi videomurojaatida.
U oddiy fuqaro ekologik yo‘nalishda huquqbuzarlik qilsa, javobgarlikka tortilayotganini, lekin asosiy katta huquqbuzarliklar, hokimlarning, o‘rinbosarlarning qilgan qonunbuzarliklariga ko‘z yumilayotganini ta’kidladi. Shunday holat Quvasoyda ham kuzatilganini eslatib o‘tdi. Ushbu tumanda 270 tup daraxt noqonuniy ko‘chirilishi oqibatida tabiatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgandi.
“Borib o‘rganib, chora ko‘rish bo‘yicha hamma materialni prokuraturaga beryapmiz, prokuratura chora ko‘rmayapti. Qurib qolmagan-ku, ko‘chiribdi-ku, deb yonini olyapti. Bugun prokuraturaning ayrim xodimlari hokimiyatning advokati.
Bugun ekologiyaning dushmani – hokimiyatlar. Toshkent shahrida ekologik vaziyatning yomonlashishiga Toshkent shahar hokimiyati aybdor. Ular kestirtiryapti. Ular rasvo qilyapti”, deydi Ekologiya vaziri maslahatchisi.
Shu bilan birga, hokim o‘rinbosari Prezidentning moratoriy talabini buzib, odamlarda norozilik keltirib chiqarsa-da, odamlar hokimiyatdan emas, Prezidentdan norozi bo‘lishini qayd etib o‘tdi va Prezidentning moratoriy talabini oyoqosti qilganlarni keskin tanqid qildi.
“Butun O‘zbekiston xalqi bilsin. Prezidentimiz ham bilsin buni, chunki u kishidan ham yashirishyapti atrofidagilari. Balki shunda nimadir o‘zgarar”, dedi Rasul Kusherbayev o‘z videomurojaatida.
Shundan so‘ng, bu borada Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Bobur ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum (eliks) va 62 mingdan ortiq manzarali buta ko‘chatlarini ekish ishlari doirasida, avval o‘sib turgan o‘simliklar bilan bog‘liq ishlarni bajarishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan.
Ilgari bu yerda 145 tupga yaqin archa bo‘lib, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgandi. Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, mas’ul shaxslar belgilangan talablarga rioya qilmagan.
“Ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra tegishli choralar ko‘riladi. Toshkent shahar hokimligi barcha ishlar qulay, xavfsiz va ekologik barqaror shahar muhitini yaratishga qaratilganini ta’kidlab, asrab-avaylash masalasiga e’tibor qaratganlari uchun shahar aholisiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda baliq ovlab tabiatga 350 mln so‘m zarar yetkazilgandi.
Live
Barchasi