“Rus askarining oyog‘i yetgan joy bizniki”. Putin Sumini ham egallamoqchi

Tahlil

Ayni damda butun dunyo e’tibori Yaqin Sharqda. Eron va Isroil orasida ziddiyat jiddiylashib borar ekan, ko‘plab davlatlar bir-biriga raketa va dron uchirayotgan ushbu ikki mamlakatdan fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda, u yerdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. 

Shimolroqda esa Yaqin Sharqdagi urush fonida dunyo nazaridan biroz chetda qolgan yana bir mojaro bor. Bu Rossiyaning Ukrainaga bosqini. Xabarlar lentasida ushbu urush haqida yangiliklar biroz kamaygan bo‘lsa-da, u yerda janglar hamon davom etmoqda. 

Masalan, 21 iyunga o‘tar kechasi Odessada portlash ovozlari eshitilgan, erta tongda Poltava viloyatining Kremenchuk shahri Rossiya raketalari va dronlari tomonidan hujumga uchragan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa kechqurun Kursk, Voronej viloyatlari va Mordoviya ustida Ukrainaning beshta dronini urib tushirganini xabar qildi. 

Xullas, urush davom etmoqda va ayni damda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Sumi shahrini ham bosib olishni istisno qilmayapti. 20 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Sumi viloyatida “xavfsizlik zonasi” tashkil etilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Putin shaharni egallash Rossiya armiyasining vazifasi emasligini, lekin buni istisno ham qilmasligini aytdi. 

“Bizda Sumini olish vazifasi yo‘q, lekin prinsipial jihatdan men buni istisno qilmayman”, dedi Putin.

Shu bilan birga, Putin Ukraina Qurolli kuchlari avvalroq Kursk viloyatiga bostirib kirgani uchun Rossiya armiyasi “chegara bo‘ylab xavfsizlik zonasini yaratishga majbur” ekanini ta’kidladi. Rossiya Ukrainada yaratmoqchi bo‘lgan “xavfsizlik zonasi”ning uzunligi haqida so‘ralganda esa, Putin shunday javob berdi:

“Sumi viloyatida chuqurlik qayerdadir 10-12 kilometr, qayerdadir 8, 10, 12 kilometr atrofida. Keyin viloyat markazi Sumi shahri bor”.

Putin Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi oldinga siljishini izohlar ekan, “rus askari oyog‘ini qayerga bossa, o‘sha yer bizniki” dedi. Shuningdek, u rus va ukrain xalqlarini bir xalq deb bilishini yana bir bor ta’kidladi.

“Ukrainadagi biz o‘zimizniki deb hisoblaydigan hududlar haqida gapirdingiz. Men rus va ukrain xalqlarini haqiqatda bir xalq deb bilishimni bir necha bor aytganman. Shu ma’noda butun Ukraina bizniki”, dedi u.

Putinning bu gaplari ikkinchi tomonning g‘azabini keltirmasdan qolmasligi aniq edi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiya rahbarining yuqoridagi bayonotiga e’tiroz sifatida X tarmog‘ida ingliz tilida post e’lon qildi. U Putinning bu gaplarini beadablik va AQSHning tinchlikka erishish sa’y-harakatlariga mutlaqo hurmatsizlik deb atadi. 

“AQSH va dunyoning boshqa davlatlari qotillikni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirayotgan bir paytda, Rossiyaning bosh harbiy jinoyatchisi Ukrainaning yangi hududlarini egallab olish va ko‘proq ukrainaliklarni o‘ldirish rejalarini muhokama qilmoqda. Ammo Putinning barcha aqldan ozgan bayonotlari ichida uning rus askari qadamlari qayerda ekanligi haqidagi so‘zlari alohida ajralib turadi. Aslida, rus askari qayerga qadam bosmasin, u faqat o‘lim, halokat va vayronagarchilikni olib keladi”, deb yozadi Sibiga.

Bufer zona

Yuqorida eshitganingiz, bufer zona masalasiga to‘xtalsak, Bufer zona – urush holati taraflar o‘rtasidagi hech kimga tegishli bo‘lmagan yoki maxsus tartib bilan boshqariladigan hudud bo‘lib, u xavfsizlik va nizoni yumshatish uchun yaratiladi.

22 may kuni hukumat a’zolari bilan uchrashuvda Putin Rossiya hududlarini Ukraina Qurolli kuchlari tahdidlaridan himoya qilish uchun Ukraina bilan chegarada xavfsizlik bufer zonasini yaratish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. 

U bunday rejalar haqida birinchi marta 2024 yil mart oyida gapirgan.

May oyi oxirida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya 10 km chuqurlikda “bufer zona” yaratish uchun Sumi yo‘nalishida qo‘shin yig‘ayotganini aytdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan rus qo‘shinlari soni 50 ming kishidan ortiq edi.

Harbiy tahlilchilar iyun oyi boshida Rossiya armiyasi Sumi viloyatida erta bahorda boshlangan hujumlarini kuchaytirayotganini qayd etgan edi. Harbiy ekspertlarning fikricha, iyun oyi boshida rus qo‘shinlari Sumi chekkasidan 20-25 km uzoqlikda bo‘lgan.

Rossiya qo‘shinlari qish oxirida Sumi viloyatining chegara hududlariga kirishdi.

Ukraina qo‘shinlarini Kursk viloyatidan siqib chiqarish bo‘yicha operatsiya o‘tkazayotganda ular Novenkoye qishlog‘i yaqinidagi chegarani kesib o‘tib, Sumi-Sudja avtomagistraligacha o‘ta boshladi. Bu frontning ushbu qismida Ukraina Qurolli kuchlarining asosiy logistik arteriyasi edi.

Iyun oyi boshida NATO alyans Rossiya Federatsiyasining Sumi viloyati bilan chegara yaqinida qo‘shinlar to‘plash bo‘yicha harakatlarini va Kursk viloyatidan Sumi viloyatining chegaradosh qishloqlariga ko‘chgan harbiy harakatlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini e’lon qildi.

Shu bilan birga, Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari Rossiya harbiylari Sumini qo‘lga kiritish maqsadiga ega bo‘lishi mumkinligini aytdi, ammo ularning fikricha, rus qo‘shinlari yaqin kelajakda bunga erisha olmaydi.

“ISW Rossiya kuchlari yaqin va o‘rta muddatda Sumi shahrini egallashi dargumon, deb ishonishda davom etmoqda, chunki Rossiya kuchlari 2022 yil iyulidan buyon urushgacha bo‘lgan aholisi 100 000 dan ortiq bo‘lgan Ukrainaning bironta shahrini egallab olmagan”, deyiladi ISW’ning iyun oyidagi hisobotlaridan birida.

Xullas, Ukraina atrofida shunday voqealar sodir bo‘lmoqda. QALAMPIR.UZ’da qoling va voqealar rivojini biz bilan kuzatib boring.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina Sumi Andrey Sibiga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing