Ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti 2 karra oshiriladi
Jamiyat
−
06 mart 1387 2 daqiqa
O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilib, 4 mingga yetkaziladi. Bu haqda bugun, 6 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugun oliygohda o‘qiyotgan qizlarning soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. O‘tgan yili 60 nafar qiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirgan.
Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Prezident tadbirda Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva, navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlari, bir qator xalqaro startap tanlovlari g‘olibi buvaydalik Dilafruz Jo‘raboyevaning nufuzli “ Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida tan olinganini alohida e’tirof etgan.
Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilangan.
Top 300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.
Endilikda har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Bunda har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant beriladi.
Maktabning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbirda O‘zbekistonda xotin-qizlar o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanishi ma’lum qilingan edi.
Live
Barchasi