Do‘st Tojikiston bilan yaxshi aloqa o‘rnatamiz — “Tolibon” chegara va diplomatlar xavfsizligini va’da qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

“Tolibon” Tojikiston bilan chegaraning 70 foizini nazorat qilmoqda hamda xavfsizlik kafolatini beradi, nazorat qilinadigan hududlar foizini ko‘paytirishi mumkin. Bu haqda “Tolibon” harakati vakili Zabiulla Mujohid aytib o‘tdi.

“Biz buni tasdiqlaymiz (Tojikiston bilan chegaraning bir qismi ustidan nazorat — tahr.). Tojikiston bilan chegaraning 70 foizdan ortig‘ini ham egallab olganmiz. Do‘st davlatimiz — Tojikiston bilan yaxshi aloqalar o‘rnatamiz. Chegaralar xavfsiz bo‘ladi va hech qanday aralashuv bo‘lmaydi”, deydi Mujohid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar nazorati ostidagi hududlarning ulushi hali ko‘payishi mumkin.

“Kecha Badaxshon viloyatidagi katta hudud va chegarada Kobul hukumati harbiylari qochib ketdi va natijada hudud bizning nazoratimizga o‘tdi. Ular ushbu hududlarni o‘z nazoratiga ololmaydi. Bizning ixtiyorimizda bo‘lgan barcha hududlarda doimiy kuchlarimiz bor. Avvaliga ular qarshilik qila olmadi, buyog‘iga ham hech narsa qila olmaydilar. Dialog yo‘lidan borganingiz ma’qul, qolgan muammolar esa muzokaralarda hal qilinadi”, deydi u.

Shu bilan birga, u toliblar Mozori Sharifdagi xorijiy diplomatlar xavfsizligini kafolatlashini ham ta’kidlagan.

“Dialog yo‘lidan borganingiz va qolgan muammolarni muzokaralarda hal qilganingiz ma’qul” deya Afg‘oniston hukumatiga murojaat qildi u.

Faollashgan "Tolibon"

Joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlarini Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Kecha, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

248

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing