Do‘stlikdan raqobatgacha

Tahlil

image

Qirg‘izistonning mustaqillikdan keyingi tarixi ko‘plab to‘s-to‘polonlar, namoyishlaru siyosiy o‘yinlarga boy. Shu vaqtgacha hokimiyat kursisiga o‘tirgan rahbarlar orasida chinakam demokratik saylovlar bilan kelib, o‘z muddati tugagach tinch yo‘l bilan lavozimni topshirganlari sanoqli.

So‘nggi kunlarda boshlangan mash-mashalar, mamlakatning “ikkinchi odami” deb ko‘rilgan Tashiyevning lavozimdan bo‘shatilishi va uning ortidan boshlangan ommaviy reaksiyalarni ko‘rib, “qora kursi” an’anasi yana boshlanmoqdami degan savol ko‘pchilikning xayoliga kelgani aniq.

Tan olish lozim, siyosat halol o‘ynaladigan o‘yin emas. Uning o‘zgarmas qonuni: do‘stlik emas manfaat ustuvor. Yillar davomida “ajralmas do‘stlar tandemi” sifatida ko‘rilgan, qamoq va quvg‘inning achchiq nonini birga baham ko‘rgan Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev o‘rtasidagi po‘latdek mustahkam rishtalar bugun tarixning sovuq sahifalariga g‘arq bo‘lmoqda.

Ammo, do‘stlik va sadoqat qasamyodlari hokimiyatning sovuq tahlillari oldida ojiz qoldi. Ushbu iste’fo – Qirg‘iziston siyosiy sahnasidagi eng yirik “monolit”ning parchalanishidir.

Do‘stlikning yaralishi

“Lola inqilobi” Asqar Akayevni hokimiyat kursisidan tushurgan va Qurmanbek Bakiyevni siyosiy maydonga olib chiqqan tarixning muhim nuqtasi. Japarov hamda Tashiyevning do‘stlik rishtalari ildizi ham aynan shu voqeaga borib taqaladi. Ularning do‘stligi 2005 yilda ikkisi ham parlament deputati sifatida faoliyat yurita boshlagan kezlari boshlangan bo‘lib, keyinchalik hokimiyatning turli lavozimlarida ishlagan ushbu ikki insonning keyingi taqdiri o‘zaro chambarchas bog‘liq ekanligini katta ehtimol bilan o‘zlari ham tasavvur qilmagan.

2010 yil “Aprel inqilobi” – Qirg‘izistonda yana hokimiyat ag‘dariladi. Inqilob orqali hokimiyatga kelgan Qurmanbek Bakiyev, boshqa bir inqilob ortidan lavozimdan voz kechishga majbur bo‘ladi. Ammo, Japarov va Tashiyev siyosat maydonida yolg‘izlanib qolishmadi, aksincha, kuchlarni birlashtirib “Mekenchil” partiyasiga asos solishdi. Bakiyevning siyosiy maydondan ketishi ular o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi.

2010 yilgi oktyabrgi parlament saylovlarida yangi partiyaning kutilmaganda g‘alaba qozonishi ularning siyosiy maydonga jiddiy o‘yinchi sifatida qaytishiga yordam berdi. Ammo, bu muvaffaqiyat uzoqqa cho‘zilmadi. 2012 yil oktyabrida Bishkekdagi markaziy maydonda issiqko‘l viloyatida joylashgan “Qumtor” oltin konini milliylashtirish talabi bilan o‘tkazilgan ikki do‘st boshchiligidagi miting ularning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Namoyishchilar Bishkekdagi Oq uyni egallab olishga urinishgan. Ammo, noroziliklar kuch bilan bostirilgan va miting rahbarlari hibsga olingan.

Tashiyev va Japarov ikkalasiga Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 295-moddasi “Hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olish yoki hokimiyatni majburan ushlab qolish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. 2013 yil mart oyida Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudi ularni aybdor deb topdi va bir yil olti oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Aynan mana shu qamoq muddati ularni bir-biriga uzilmas rishtalar bilan bog‘ladi. Ammo 2013 yil iyun oyida Bishkek shahar sudi siyosatchilarni oqladi va sud zalidan ozod qildi.

2013 yil 27 iyunda Qorako‘lda yana norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tadi. Norozilik paytida qo‘zg‘olonchilar viloyat hokimi Emilbek Kaptagayevni o‘g‘irlab, garovga olishga harakat qilishdi. Qirg‘iziston rasmiylari Japarov va Kubanichbek Qodirovni rejani tashkil qilishda ayblashdi. Norozilik namoyishi yetakchilari hibsga olindi, ammo o‘z aloqadorligini rad etgan Japarov Qirg‘izistondan qochib ketishga majbur bo‘ldi. Tashiyev esa mamlakat ichida qolib, do‘stining nomini saqlab qolish va uning huquqlarini himoya qilish uchun kurashdi. Biroq, 2017 yil 25 martda Japarov Qirg‘izistonga qaytishi bilanoq yana qamoqqa olindi va 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.

Japarov qamoqda ota-onasi va o‘g‘lidan ayrilgan eng og‘ir damlarda, aynan Tashiyev uning yonida tog‘dek turdi. Siyosiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, Tashiyev o‘zining moliyaviy va siyosiy resurslarini aynan Japarovning xalq orasidagi obro‘sini saqlab qolishga sarflagan. U hatto chiqishlarining birida “Sadir mening do‘stim emas, balki qondoshimdir”, deya ta’kidlagandi. Bu vaqt ichida Tashiyev nafaqat do‘st, balki Japarovning oilasi uchun vasiyga ham aylandi.

2020 yilgi oktyabr voqealari bu do‘stlikning eng oliy mukofoti bo‘ldi. Parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan xalq 5 oktyabrda g‘alayon boshladi. Vaziyatdan unumli foydalangan Tashiyev birinchilardan bo‘lib maydonga chiqdi va Japarovni qamoqxonadan ozod qilib, Bishkekdagi Ala-Too maydonida bosh vazir deb e’lon qildi.

2020 yil 13 oktyabr kuni o‘sha paytdagi prezident Sooronbay Jeenbekov ishonchli vakillar orqali ovoz berish holatlari kuzatilgani va saylovlar adolatli bo‘lmagani ro‘kach qilib, Japarovning bosh vazir etib tayinlanishini rad etdi. Jeenbekov parlamentdan qayta yig‘ilishni va nomzod uchun yana bir bor ovoz berishni so‘radi. Ertasi kuni bu amalga oshirildi va Japarov yana parlament nominatsiyasida g‘olib chiqdi.

Xalq va Japarov ortida turgan kuchlarning bosimlari tufayli 15 oktyabrda, Jeenbekov o‘z ixtiyori bilan prezidentlikdan iste’foga chiqdi. Natijada Japarov o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi. Qirg‘iziston Konstitutsiyasida Oliy Kengash (Jogorku Kenesh) spikeri bu lavozimni egallashi kerakligi belgilangan bo‘lsa-da, Kanatbek Isayev lavozimni qabul qilishdan bosh tortdi. Buning natijasida Japarov prezident vazifasini bajaruvchiga aylandi. 2020 yil 16 oktyabr kuni parlament uni Qirg‘iziston prezidenti sifatida rasman tasdiqladi.

Yelkadoshlikda o‘tgan yillar

Qirg‘izistonning yangi tarixida 2020 yilgi oktyabr voqealari nafaqat hokimiyat almashinuvi, balki mamlakat boshqaruviga “siyosiy tandem” tushunchasining kirib kelishi bilan muhrlandi. Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev ittifoqi o‘tgan besh yil davomida mamlakatning ichki va tashqi qiyofasini tubdan o‘zgartirgan asosiy kuch bo‘lib xizmat qildi. 2020 yil oktyabrida Prezident tomonidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi etib tayinlangan Tashiyev tez orada mamlakatdagi eng nufuzli davlat arboblaridan biriga aylandi. Bu shunchaki yangi tayinlovi emas, balki davlatni boshqarishning yangi modelini yaratish edi. Japarov “yumshoq kuch” (soft pover) va strategik yo‘nalishlarini o‘z zimmasiga oldi. Tashiyev esa tizimning “temir qo‘li”ga aylanib, korrupsiyaga qarshi kurash, chegara masalalari va ichki tartibni saqlash vazifasini bajardi.

Japarov hokimiyat kursisiga o‘tirishi bilan mamlakatni parlament tizimidan prezidentlik tizimiga o‘tkazishga intildi. 2021 yil aprel oyida referendum orqali yangi konstitutsiya qabul qilindi, unda ijro hokimiyati kuchaytirilib, prezidentning roli sezilarli darajada oshtirildi.

Tashiyev boshchiligidagi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi esa korrupsiya va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashni e’lon qildi hamda katta miqdorda davlat aktivlarini qaytarish haqida hisobotlar chiqarildi.

Ularning hamkorligidagi eng yirik iqtisodiy g‘alaba – “Qumtor”oltin konining davlat tasarrufiga qaytarilishi bo‘ldi. Japarov o‘zining ko‘p yillik orzusini siyosiy iroda bilan amalga oshirgan bo‘lsa, Tashiyev bu jarayonning huquqiy va xavfsizlik tomonlarini ta’minladi. Bu voqea xalq orasida tandemning nufuzini misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tardi.

Shuningdek, Tojikiston bilan chegara mojarolarida Tashiyevning shaxsan ishtiroki va Japarovning diplomatik sa’y-harakatlari uyg‘unlashib ketdi. Bu voqealar ortidan 2022 yilda Tashiyevga “Qirg‘iziston Qahramon”" unvoni berildi.

Bir tomondan Tashiyev qo‘lidagi imkoniyatlar ham kengayib bordi. Korrupsiyaga qarshi kurash xizmatidan tortib Bosh prokuraturagacha o‘z ta’sirini o‘tkaza olgan Tashiyevni xalq mamlakat rahbaridan ko‘ra ko‘proq tanigan. Uning qo‘l ostida jamlangan o‘nlab davlat tuzilmalari hukumatdan deyarli mustaqil bo‘lib qolgan edi. Hatto, ba’zi xalqaro ekspertlar uni keyingi prezident bo‘lishi mumkin degan prognozlar qilishgan. Bunday ortiqcha shov-shuv, vanihoyat Tashiyevning “boshini yedi”.

Tandemning darz ketishi

Biroq, har qanday ikki rahbarli tizimda bo‘lgani kabi, vaqt o‘tishi bilan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keldi. 2025 yil oxiriga kelib, Tashiyevning haddan tashqari kuchayishi va uning “xalq amaldori” sifatidagi nufuzi prezident ma’muriyatida xavotir uyg‘ota boshladi. 2026 yil boshida Tashiyevning kutilmagan iste’fosi ushbu besh yillik “oltin davr”ning yakuni bo‘ldi.

10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXQ) raisi Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod qilindi. Sadir Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan. Bu vaqtda Tashiyev sog‘lig‘idagi muammo sababli Prezident ruxsati bilan Germaniyaga davolanish uchun borgan.

Aftidan Tashiyev o‘z ambitsiyalari qurboni bo‘lgan. Oxirgi kunlarda Qirg‘izistonda Prezidentning vakolat muddati haqida savollar paydo bo‘lgandi. Ya’ni, Japarov 2021 yil yanvarda eski Konstitutsiya bo‘yicha 6 yillik muddatga Prezidentlikka saylangan. 2021 yil oxirida qabul qilingan yangi Konstitutsiyada esa Prezidentlik muddati 5 yilga tushirilgan. Yuristlar yangi Konstitutsiya bo‘yicha 2026 yil yanvarda muddatidan oldingi Prezident saylovlari o‘tkazish kerakligini aytgan.

Eng qizig‘i, 75 kishi bu haqida Prezident va parlament raisiga rasmiy xat yuborgan. Ular orasida akademiklar, sobiq deputat va amaldorlar borligiga qaraganda ushbu 75 talik kimgadir ishonib, Prezidentga chaqiruv tashlagan. Ayrimlar bunda Tashiyevning qo‘li borligi haqida gapirgan. Japarov va uning atrofidagilar yangi huquqiy vakuum fonida Tashiyevda xavf ko‘rgan ehtimol.

Tashiyevning o‘sha fursatda Germaniyada bo‘lgani ham balki yopiq eshiklar ortida kelishilgan bo‘lishi mumkin. Xalq o‘z qahramonini lavozimidan bo‘shatilganiga qanday reaksiya berishi noma’lum bo‘lib turgan bir vaqtda uning mamlakat tashqarisida bo‘lishi, keskin namoyishlar ehtimolini kamaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, 2020-2026 yillar Qirg‘iziston tarixida “Japarov-Tashiyev davri” bo‘lib qoladi. Ular davlatni parchalanish yoqasidan olib chiqib, vertikal boshqaruvni o‘rnatishga erishdilar. Ammo sadoqatga qurilgan siyosat oxir-oqibat yagona hokimiyat qonuniyatlariga taslim bo‘ldi. Bugun Japarov mutlaq yetakchi sifatida qolgan bo‘lsa-da, Tashiyevsiz u bu yo‘lni qanchalik barqaror davom ettirishi katta savol ostida qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Japarov Tashiev Mekenchil Jeenbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing