Dushanbeda Mustaqillik kunidagi mushakbozlik ortidan yong‘in chiqdi (video)
Olam
−
10 Sentabr
5589Tojikiston poytaxti Dushanbeda kecha, 9 sentyabr oqshomida mamlakat mustaqilligi munosabati bilan uyushtirilgan mushakbozlik sabab shahardagi Istiqlol maydonida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda mahalliy “Asia-plus” nashri xabar berdi.
Poytaxt Yong‘in xavfsizlik xizmati ushbu voqeani tasdiqladi. Unga ko‘ra, yong‘in soat 20:31 da sodir bo‘lgan.
“Yong‘inga o‘rimdan keyin qolgan quruq o‘t ustiga tushgan pirotexnika uchqunlari sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, yong‘in maydoni 20 kvadrat metrni tashkil etgan. Voqea joyiga zudlik bilan ikkita o‘t o‘chirish mashinasi yetib kelgan va 15 daqiqa ichida yong‘in o‘chirilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Ma’lumot uchun, 9 sentyabr Tojikistonning Mustaqillik kuni hisoblanadi. Joriy yil mamlakat o‘z mustaqilligining 33 yilligini nishonlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon mustaqillikning 33 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida mamlakatdagi va xorijdagi vatandoshlarini dunyoda og‘irlashib borayotgan vaziyat, yangi sovuq urush, tez qurollanish, shuningdek, terrorizm va ekstremizm tufayli ogoh bo‘lishga va o‘z vatanini himoya qilishga tayyor bo‘lishga chaqirgandi.
LiveBarchasi