Durov Fransiyaning yetakchi nashrini biryoqlamalikda aybladi
Olam
−
17 iyun 2025 1751 2 daqiqa
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiyaning yetakchi nashri – “Le Monde” gazetasini o‘z platformasiga nisbatan biryoqlama siyosat yuritishda aybladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Qayd etilishicha, Durov Parijda hibsga olinganidan so‘ng 7 hafta mobaynida gazetada Telegram haqida 40 ta salbiy material chop etilgan.
“Jurnalistika etikasi talablariga zid ravishda, bu maqolalarning 37 tasida bizdan izoh so‘rashmadi va yuborgan faktlarga asoslangan tuzatishlarimizni hamisha e’tiborsiz qoldirishdi”, deya izoh qoldirgan Pavel Durov.
Shu bilan birga, u fransuz ommaviy axborot vositalari Telegram'ga nisbatan qiziqishini yo‘qotmaganini qayd etgan. Yaqinda “Le Monde” o‘z o‘quvchilariga messenjer orqali noqonuniy futbol translyatsiyalarini tomosha qilishlari haqida so‘rovnoma yo‘llagan. Durov bu harakatni Telegram'ga qarshi navbatdagi salbiy maqola tayyorlash uchun ma’lumot to‘plash deb baholagan.
Durovning ta’kidlashicha, bunday axborot muhiti xavotirli. Shu sababli Telegram kabi platformalar juda muhimligi, odamlarning barcha nuqtai nazarlar bilan tanishib, mustaqil xulosa chiqarish imkoniyatini ta’minlay olishini qo‘shimcha qilgan.
“Biz odamlar aqlli, filtrlanmagan haqiqatni ko‘rishga loyiq, deb hisoblaymiz”, degan Durov.
Ma’lumot uchun, Pavel Durov 2024 yil avgustda Parijda hibsga olingan edi. Unga kontentni yetarli darajada moderatsiya qilmaganlik va rasmiy idoralar bilan hamkorlikdan bo‘yin tovlash ayblari qo‘yilgan. Keyinroq u 5 million yevro garov puli evaziga ozod etilgan, lekin Fransiyadan chiqishi taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov rasmiy Parijni Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil bahorda Parij shahrida joylashgan Hôtel de Crillon'dagi Salon des Batailles'da fransuz razvedkasi rahbari Nikolas Lerner Durovdan saylovlar oldidan Ruminiyada konservativ ovozlarni taqiqlashni so‘ragan. U esa bu talabni rad etgan.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi