Do‘pposlangan Tez yordam haydovchisi “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” bo‘ldi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2022
9537Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 16 oktyabrda poytaxt Toshkentda Tez yordam shifokorlari va haydovchisi do‘pposlanib, tan jarohati yetkazilgan edi. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Tez yordam haydovchisi Hasan Ishmuhammedov davolanayotgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga borib, haydovchining holidan xabar oldi va unga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonini topshirdi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ayni vaqtda Hasan Ishmuhammedov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tegishli muolajalarni olmoqda.
Dastlabki tekshiruvlar natijasida unga “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri Musayev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroxirurgiya bo‘limida bo‘ldi.
“Afsuski, keyingi paytlarda o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan shifokor va hamshiralar, ayniqsa, Tez yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatish holatlari tez-tez uchramoqda. Aholining sog‘ligini himoya qilishda o‘zini ayamay jon kuydirayotgan tizim xodimlariga tajovuz qilgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda qat’iy javobgarlik belgilanishi ustida ishlanmoqda. O‘ylaymanki, qonunchilikka kiritilayotgan bu o‘zgarishlar soha vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim asos bo‘ladi”, degan Musayev.
Vazir bemor bilan muloqot davomida unga tezroq sog‘ayishini tilab, mushtumzo‘r fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo belgilanishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, suhbat davomida bemor o‘z holidan xabar olgani kelgan vazirga alohida minnatdorlik bildirib, 64 yoshga kirganiga qaramay, xalq salomatligi yo‘lida g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishdan tolmasligini, otasi tengi insonga, qolaversa, tibbiyot brigidasi tarkibida chaqiruv manziliga borgan shifokor ayolga qo‘l ko‘targan kimsa esa qonun oldida javob berishiga qat’iy ishonishini ta’kidlagan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15