Dunyoning eng mashhur nashrlaridan biri Tramp ma’muriyatini sudga berdi
Olam
−
22 fevral 2025 5740 2 daqiqa
Eng yirik xalqaro axborot agentliklaridan biri bo‘lgan “Associated Press” AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining uch nafar mansabdor shaxsiga agentlikning davlat rahbari ishtirokidagi tadbirlarga kirishini cheklagani uchun sudga murojaat qildi. Bu haqda agentlikning o‘zi xabar berdi.
Shikoyat Vashingtondagi AQSH okrug sudiga topshirildi. Tramp allaqachon taqiqni uzaytirish bilan tahdid qilganiga qaramay, shikoyatda federal sudyadan jurnalistlarning prezidentlik tadbirlariga kirishiga 10 kunlik taqiqni bekor qilish so‘ralgan. Xususan, unda AP Oval kabinetiga va Prezident samolyoti Air Force One'ga kirishning rad etilishi AQSH konstitutsiyasiga so‘z va matbuot erkinligini kafolatlovchi Birinchi tuzatishning buzishi ta’kidlangan.
“Qo‘shma Shtatlardagi matbuot va barcha odamlar o‘z so‘zlarini tanlash huquqiga ega hamda hukumatning qasoslariga duchor bo‘lmaydi. AP tahririyatining mustaqilligiga qaratilgan ushbu maqsadli hujum Birinchi tuzatishning o‘zagiga zarba beradi”, deyiladi unda.
Oq uy rahbarining bu qarori tahririyat Trampning tegishli farmoniga qaramay, o‘z materiallarida Meksika ko‘rfazining nomini “Amerika ko‘rfazi” deb o‘zgartirishdan bosh tortgani munosabati bilan qabul qilingan.
Agentlik tomonidan sudga arz qilingan “ayblanuvchilar” – Oq uy apparati rahbari Syuzan Uayls, uning o‘rinbosari Teylor Budovich va Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittdir.
Ma’lumot uchun, “Associated Press” dunyodagi eng yirik va eng qadimgi axborot agentliklaridan biri bo‘lib, 1846 yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan. U Amerika nashrlariga tegishli notijorat kooperativ sifatida ishlaydi. Bugungi kunda agentlikda butun dunyo bo‘ylab 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida AQSH Prezidenti Donald Trampning tug‘ilganlik huquqi asosida fuqarolik berishni cheklash haqidagi farmoniga qarshi 22 shtat sudga murojaat qilgandi. Fevral oyida esa AQSHning 14 shtati vakillari Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti rahbari Ilon Maskni sudga bergandi.
Live
Barchasi