Dunyoning boshqa joylarida ham odamlar o‘lmoqda – Infantino Ukrainadagi urush haqida
Sport
−
31 mart 2022
5879Bugun Ukrainadan tashqarida ham ziddiyatlar davom etyapti va odamlar halok bo‘lmoqda. Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino bugun, 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan FIFA’ning navbatdagi kongress yig‘ilishida shunday fikr bildirdi.
“Ukrainada dahshatli voqealar yuz bermoqda. Dunyoning boshqa hududlarida ham ziddiyatlar davom etmoqda va biz ularni ham unutmasligimiz kerak. Odamlar azob chekishyapti va o‘lishmoqda. Biz tajovuzkor va taraflarga bo‘lingan dunyoda yashayapmiz.
Lekin men futbolning odamlarni birlashtirish va madaniy chegaralarni ortda qoldirishiga qattiq ishonaman. Nelson Mandela aytgan edi, sport dunyoni o‘zgartirish kuchiga ega. Lekin, shu bilan birga aziz do‘stlar, futbol umuman barcha muammolarni hal qila oladi, deb o‘ylaydigan darajada sodda emasmiz”, degan Infantino
Shuningdek, Infantinoning aytishicha, Ukraina va Rossiyada tashkil qilingan Yevropa va Jahon chempionati ham mintaqaga tinchlik olib kelmagan.
“Ukrainadagi voqealar yuragimni og‘ritadi. Men UYeFA tashkiloti bosh kotibi sifatida ishlab yurgan paytlarim tashkil qilingan oxirgi Yevropa chempionati Ukraina va Polshada bo‘lib o‘tgan edi. Chempionatning final uchrashuvi esa Kiyev shahrida bo‘lgan. FIFA prezidenti sifatida ishlagan oxirgi jahon chempionatimga esa Rossiyada mezbonlik qilgandi. Mundialning finali Moskvada tashkilashtirildi.
2018 yil Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionati har jihatdan ajoyib, sport va madaniy tarafdan muvaffaqiyatli bo‘ldi. Lekin ochig‘i, bu dunyodagi muammolarni hal qilmadi va hatto mintaqadagi nizolarga ham barham bermadi. Harakatlarimiz mustahkam tinchlikka olib kelmadi”, degan FIFA prezidenti.
Infantinoning qo‘shimcha qilishicha, qachondir bu dahshatli to‘qnashuv yakuniga yetadi va futbol tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shishda davom etadi.
“Qachondir bu dahshatli [Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi] to‘qnashuv, dunyodagi boshqa barcha mojarolar singari tugaydi. Umid qilamanki, bu juda tez sodir bo‘ladi va keyin futbol munosabatlarni tiklashda, tinchlik va o‘zaro birdamlikda kichik rol o‘ynashda davom etadi”, degan Janni Infantino nutqi yakunida.
Avvalroq, Janni Infantino Rossiya futbol ittifoqini (RFI) FIFA’dan chetlashtirish niyatida ekanligini xabar qilgandik. Ammo yig‘ilishda RFI’ning FIFA’ga a’zoligini to‘xtatib turish masalasi ko‘rib chiqilmadi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi