Dunyoning besh yadroviy derjavasi kelishib oldi
Olam
−
04 yanvar 2022
12413Dunyoning beshta yadroviy kuchga ega mamlakati joriy yilning oxirida yadroviy qurollar tarqalishining oldini olish va yadro urushlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolaydi.
Bu haqda kecha, 3 yanvar kuni e’lon qilingan BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolarining qo‘shma bayonotida so‘z boradi.
Bayonotda aytilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bo‘lgan AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy va Fransiya yadroviy davlatlar o‘rtasidagi urushning oldini olish va strategik xavflarni kamaytirishni hamda dunyoning barcha davlatlari bilan xavfsizlik muhitini yaratish uchun hamkorlik qilishni o‘zlarining asosiy maqsadi deb bilishadi.
“Biz bunday qurollar tarqalishning oldini olish kerakligiga qat’iy ishonamiz, yadro urushini yengib bo‘lmaydi. U hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak”, deyiladi bayonotda.
Bayonotning rus tilidagi nusxasida “yadro urushida g‘olib taraf bo‘lmaydi”, deya ta’kidlangan.
"Yadro qurolidan foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi sababli, biz yadro qurollari mudofaa maqsadlarida, tajovuz va urushning oldini olishga xizmat qilishi kerak, deya hisoblaymiz. Rossiya yadroviy beshlikning kelishuvi dunyodagi taranglikni yumshatishga xizmat qilishidan umidvor. Biz BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolarining sammitini o‘tkazish juda zarur deb hisoblaymiz", deyiladi rasmiy Moskvaning bayonotida.
Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskov RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida, Moskva hali ham dunyoning yirik yadroviy davlatlari sammitini o‘tkazish “zarur” deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu kelishuv “o‘zaro ishonchni mustahkamlab, jangovor va mudofaa qurollari ustidan kelajakda nazoratni shakllantirishga yordam beradi”, deya ishonishini bildirgan.
Fransiya ham beshta davlat yadroviy qurollarni nazorat qilish va qurolsizlanish bo‘yicha fikri qat’iyligini ta’kidlab, bayonot bilan chiqqan. Parij yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlikni davom ettirishi haqida ma’lum qilgan.
Rasmiy Pekinning ta’kidlashicha, kelishuv “o‘zaro ishonchni oshiradi” va yadroviy mojaro xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
“Yadro quroliga ega beshta davlat rahbarlarining qo‘shma bayonoti o‘zaro ishonchni oshirishga yordam beradi va yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobatni muvofiqlashtirish hamda uni hamkorlik bilan almashtirishga yordam beradi”, degan Xitoy Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ma Chjaoxu o‘z bayonotida.
Behruz Saidov
LiveBarchasi