Dunyoga chalingan “dahshatli qo‘ng‘iroqqa” 18 yil to‘ldi
Olam
−
11 Sentabr 2019
10280Dunyoni dahshatga solgan 2001 yil 11 sentyabr. XXI asrdagi yirik qo‘poruvchilik harakatlarining “bosh toji” bo‘lgan teraktga 18 yil to‘ldi. Jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar terror balosi nimaligi va uning insoniyatga bo‘lgan xavfini anglab yetishiga katta turtki bo‘lgan ushbu voqea oradan 18 yil o‘tsa ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Aynan shu kuni AQSHda dunyodagi eng qo‘rqinchli terrorchilik harakati amalga oshirildi. Boston, Nyu-York va Vashingtondan havoga ko‘tarilgan 4 ta yo‘lovchi samolyotlarining boshqaruvini qo‘lga olgan bir guruh terrorchilar Nyu-York shahrida joylashgan egizak binolarga va Virjiniya shtatida joylashgan mamlakat Mudofaa vazirligining shtab kvartirasi — Pentagonga borib urildi.
11 sentyabr soat 08:00. Boston shahridagi Logon xalqaro aeroportidan Los-Anjeles tomon havoga ko‘tarilgan AQSH havo yo‘llariga tegishli Boeing 767-223ER rusumli samolyot bortdagi 5 nafar terrorchi tomonidan ishg‘ol etilib, tongi soat 08:46 Jahon savdo markazi (egizak binolar)ga borib urildi.
17 daqiqadan keyin “United Airlines”ning 175-sonli samolyoti Jahon savdo markazining ikkinchi binosiga borib uriladi. Dunyo aholisini o‘zida jamlagan AQSH tugul, dunyoning har chekkasidan bo‘layotgan voqealar jonli efirda namoyish etildi. Dunyo nigohi, siyosatchidan tortib, san’atchigacha, sportchidan tortib, tadbirkorgacha AQSH haqida gaplashardi. Uning qonli taqdiriga achinish ko‘zi bilan qarardi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay turib, “American Airlines”ga tegishli bo‘lgan samolyot Virjiniya shtatida joylashgan mamlakat Mudofaa vazirligining shtab kvartirasi — Pentagonga borib urildi.
Dunyodagi eng kuchli harbiy kuchga ega bo‘lgan AQSH mudofaasi bu hujumlardan o‘zini himoya qilolmaganligi boshqa mamlakatlarni taajjubga sodi.
Ana shu paytda Pensilvaniya yaqinlarida yana bir yo‘lovchi samolyoti halokati haqida xabar berildi. Bu samolyot ham terrorchi kuchlar tomonidan olib qochilganni va u Vashington tomon, aniqrog‘i Oq uyga yo‘l olgani surishtiruv natijasida ma’lum bo‘ldi.
AQSHning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Jorj Bush bu paytda Florida shtatidagi bir maktabda o‘quvchilarga “Gunoh echkisi” (A scapegoat) nomli hikoyani o‘qib berayotgan edi...
Barcha hujumlar natijasida, jami bo‘lib 2977 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Bu hujumlar “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti rahbari Usama ben Ladenning maxsus topshirig‘i asosida amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Dunyoning bir qancha davlatlariga aziyat bergan radikal islom harakati tarafdori bo‘lgan “Al-Qoida” tashkiloti tarixiga to‘xtalib o‘tsak.
1979 yil SSSR hukumati tomonidan Afg‘onistonga harbiy kuchlarning kiritilishi natijasida Afg‘onistonda SSSR va amaldagi Hukumatga qarshi bo‘lgan kuchlar “mujohidlar” nomi ostida qurolli kurash olib bordi.
1984 yilda Abdulloh A’zam va Usama ben Laden afg‘on “mujohid”larini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Maktab al-Xidmat” (Xizmatlar buyurosi)ni tashkil etadi. Keyinchalik bu tashkilot negizida Usama ben Laden 1988 yilda o‘zining terrorchilik tashkiloti, ya’ni “Al-Qoida”ni tuzadi.
Bu tashkilot yillar davomida ayrim “qora kuchlar” tomonidan moliyaviy va qurol-yarog‘ bilan ta’minlab kelingan. Bunda mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni nazorat qilib turish kabi maqsadlar ko‘zlangan edi.
11 sentyabr voqealaridan keyin AQSH Hukumati ben Laden haqida berilgan aniq ma’lumotga ikki million AQSH dollari mukofot joriy etdi.
Ammo bu kabi urinishlar o‘z samarasini bermadi. 10 yil davomida “Al-Qoida” yetakchisini qo‘lga olish va yo‘q qilishga qaratilgan harakatlar bekor ketdi.
2011 yil 2 may kuni Pokiston Islom Respublikasining Abottaobod shahrida o‘tkazilgan harbiy operatsiya natijasida Usama ben Laden o‘ldirildi.
Ayrim siyosatchilarning fikricha, 11 sentyabr voqealari sabab dunyodagi siyosiy vaziyatlar tubdan o‘zgarib ketdi. Bunga misol tariqasida AQSH Hukumati voqealardan bir oy keyin Afg‘onistonga havodan hujum qildi.
2003 yilda Iroq Hukumati tomonidan kimyoviy va biologik qurollar ishlab chiqilgani iddao qilinib, Iroq rahbari Saddam Husayn hokimiyatini ag‘darish maqsadida urush e’lon qilindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, 11 sentyabr 2001 yilda sodir bo‘lgan terroristik hujumi – XXI asrda insoniyat uchun yangi muammo va ziddiyatlar haqidagi xabarning bir “ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i” edi. Ushbu voqea dunyo geosiyosatida yangi davrni boshlab berdi.