Dunyoda xotira taqchilligi xavfi: barcha qattiq disklar sotib bo‘lindi
Texnologiya
−
21 fevral 5068 2 daqiqa
Qattiq disk (HDD) ishlab chiqaruvchilari 2027 yilgacha bo‘lgan barcha mahsulotlarni sotib bo‘ldi. Yirik kompaniyalar – Seagate va Western Digital ishlab chiqarayotgan HDD’larning deyarli barchasini oldindan xarid qilib, korporativ bozor uchun erkin yetkazib berish imkoniyatini qoldirmagan. Bu haqda iXBT xabar berdi.
Qayd etilishicha, eng yirik qattiq disk ishlab chiqaruvchilari yaqin yillar uchun ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq taqsimlab bo‘linganini ma’lum qilgan. Bu asosan sun’iy intellekt infratuzilmasi jadal o‘sishi bilan bog‘liq.
Hisobot anjumanlarida Seagate va Western Digital vakillari 2026 yil uchun mo‘ljallangan barcha mahsulot hajmi sotib bo‘linganini, 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan ta’minotning bir qismi esa uzoq muddatli shartnomalar asosida band qilinganini tasdiqlagan.
Tiang Yu Tanning aytishicha, kompaniya 2026 yil oxirigacha deyarli to‘liq buyurtmalar bilan ta’minlangan va keyingi yillar uchun ham bir qator mijozlar bilan kelishuvlarga erishgan. Deyv Mosli ham shunga o‘xshash holatni aytib, kompaniyada yaqin ikki yil uchun bo‘sh ishlab chiqarish quvvati qolmaganini aytgan.
Sohaviy manbalarga ko‘ra, uchinchi yirik ishlab chiqaruvchi – Toshiba’da ham vaziyat o‘xshash, ammo kompaniya hozircha rasmiy bayonot bermagan.
Qattiq disklar shaxsiy kompyuter va noutbuklarda deyarli yo‘qolib borayotgan bo‘lsa-da, katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlashning eng arzon usuli bo‘lib qolmoqda. Shu bois HDD’lar data-markazlar, bulutli platformalar va yirik sun’iy intellekt modellarini o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar tomonidan faol qo‘llanilmoqda.
Live
Barchasi