Dunyoda ilk bor uzilib ketgan oyoq qaytadan ulandi
Olam
−
20:31 605 2 daqiqa
Xitoyda zavoddagi baxtsiz hodisa oqibatida ikki son qismi to‘liq uzilib ketgan 51 yoshli erkakning oyoqlari muvaffaqiyatli qayta ulandi. Qariyb 20 oylik davolanishdan so‘ng bemor hozir yordamchi moslama yordamida mustaqil yura boshlagan. Bu haqda “Chinapress” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak taxminan 20 oy avval zavodda ishlayotgan vaqtida mashinadagi baxtsiz hodisa oqibatida ikkala oyog‘idan son qismi to‘liq uzilishi bilan bog‘liq og‘ir jarohat olgan. Shifokorlar har ikki oyoqni qayta ulash uchun qariyb 8 soat davom etgan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
Suchjou shahridagi Juyxua ortopediya shifoxonasi travmatologiya bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat dunyoda ikki son qismidan to‘liq uzilgan oyoqlarni qayta ulash bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli operatsiya sifatida qayd etilgan.
Shifokorlarning bildirishicha, hozirda bemor maxsus yurish moslamasi yordamida xona ichida mustaqil harakatlana oladi. U kundalik ehtiyojlarining aksariyatini o‘zi bajarayotgani aytilmoqda. Shuningdek, bemorning oyoqlaridagi sezish qobiliyati ham tiklanib, to‘piqdan yuqori qismida sezuvchanlik qayta paydo bo‘lgan.
Tibbiyot xodimlari uning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganini ta’kidlab, bemor bir-ikki yil ichida tayanch vositalarisiz mustaqil yurishi mumkin, degan umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rochester universiteti olimlari yalang‘och yerqazirning (yalang‘och mol-kalamush) qarishdan himoya qiluvchi genetik mexanizmlarini boshqa jonivorlarga qisman ko‘chirishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi