Dunyoda aholiga hech qanday shartsiz pul beradigan davlat paydo bo‘ldi
Olam
−
18 dekabr 10998 2 daqiqa
Marshall orollari butun mamlakat bo‘ylab shartsiz bazaviy daromad dasturini ishga tushirdi. Unga ko‘ra, mamlakatning har bir rezidenti har chorakda 200 AQSH dollari oladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashr ekspertlarning so‘zlariga tayanib, bu kabi dastur davlat miqyosida ilk bor joriy etilayotganini yozmoqda. To‘lovlar hech qanday shartlarsiz barcha rezidentlarga beriladi. Marshall orollari aholisi mablag‘ni an’anaviy valyutada yoki AQSH dollariga bog‘langan steyblkoin ko‘rinishida olishi mumkin. Pul bank hisobiga o‘tkazilishi, chek orqali yoki raqamli hamyon orqali berilishi mumkin.
“Biz hukumat sifatida hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlashni istaymiz. Har chorakda bir kishi uchun 200 dollar yoki yiliga 800 dollar odamni ishini tashlashga majbur qilmaydi, ammo ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi”, deydi mamlakat moliya vaziri Devid Pol “The Guardian” nashriga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shartsiz bazaviy daromad dasturi narxlar oshishi va aholining mamlakatdan chiqib ketishi fonida ijtimoiy himoya chorasi sifatida ishlab chiqilgan. Dastur AQSH bilan tuzilgan kelishuv doirasida tashkil etilgan maxsus jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladi. Ushbu hujjat, jumladan, Marshall orollari hududida o‘nlab yillar davomida o‘tkazilgan AQSH yadroviy sinovlari uchun kompensatsiyani ham nazarda tutadi. Jamg‘arma hajmi 1,3 milliard AQSH dollaridan oshadi, bundan tashqari Vashington 2027 yilgacha yana 500 million dollar sarmoya kiritishi lozim.
Dastlabki to‘lovlar joriy yilning noyabr oyi oxirida amalga oshirilgan. Dasturni joriy etishga ko‘maklashayotgan moliyaviy menejer Aneli Sarana ko‘plab fuqarolar olingan mablag‘ni darhol asosiy ehtiyojlar – oziq-ovqat va kundalik zarur buyumlar xaridiga sarflaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Marshall orollari – AQSH bilan assotsiatsiyalashgan Tinch okeani davlati. Aholisi qariyb 42 ming kishidan iborat bo‘lgan mamlakat Gavayi va Avstraliya oralig‘idagi arxipelagda joylashgan. “Numbeo” sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Marshall orollarida soliqlardan tashqari o‘rtacha ish haqi taxminan 1,5 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Shartsiz bazaviy daromad – butun dunyoda uzoq yillardan beri muhokama qilinib kelayotgan ijtimoiy siyosat konsepsiyasi. Ayrim mamlakatlarda bu tizim sinov tariqasida joriy etilgan bo‘lsa, boshqalarida esa aholining o‘zi undan voz kechgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armanistonda 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa 500 ming arman dramini (1300 AQSH dollari) tashkil etishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi