Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, keskinlik kuchaymoqda – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
14:15 1081 2 daqiqa
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, keskinlik kuchaymoqda, savdo va transport aloqalari qayta shakllanmoqda, yangi xatarlar paydo bo‘lmoqda. Bu haqda bugun, 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida so‘z ochdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan. O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, bunda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim o‘rin tutgan.
Prezident Markaziy Osiyoni XXI asrda rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayoni yakunlanganining tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlagan.
Mintaqaviy jarayon doirasida katta va murakkab tuzilmalarni tashkil etishga intilish yo‘qligi qayd etilgan.
“Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerak”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo mamlakatlari yaqinlashayotgan hozirgi murakkab xalqaro vaziyatga qisqacha baho bergan.
“Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, keskinlik kuchaymoqda, savdo va transport aloqalari qayta shakllanmoqda, yangi xatarlar paydo bo‘lmoqda”, deydi davlat rahbari.
Shu bois, hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma faoliyatni yanada yaqinroq muvofiqlashtirish ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan.
Avvalo, tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalari mavjud mintaqalar bilan yagona hamkorlik makonini shakllantirish g‘oyasi ilgari surilgan. Paydo bo‘layotgan imkoniyatlardan foydalanib, bu aloqalarni ancha mustahkamlash hamda savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni birgalikda rivojlantirish bo‘yicha aniq mazmun bilan boyitish zarurligi ta’kidlangan.
Ushbu masalalarni kelgusi yili Toshkentda o‘tkaziladigan “Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lida mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” xalqaro konferensiyasida batafsil muhokama qilish taklif etilgan.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish ishlarini davom ettirish orqali mintaqaviy muloqot asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etilgan.
Live
Barchasi