Dunyo Rossiyaning qosh-qovog‘iga qarashga majburmi?

Tahlil

image
0:00
0:00
download

Ruslarning Ukrainaga bosqini xalqaro siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqirozlarga sabab bo‘lmoqda. Kremlning “qilmishi”ga jazo sifatida G‘arb ruslarga sanksiyalar qo‘llamoqda, ular esa neft va gaz eksportini cheklash orqali bunga javob qaytarmoqda. Bir qarashda, qo‘llaniyotgan sanksiyalar ko‘lami Rossiya iqtisodiyotini jarlikka yetaklayapti deb g‘arbliklar sarxushlikka berilishi mumkin, biroq tanganing ikkinchi tomonidan qaralsa, rasmiy Moskva va G‘arb (asosan, Yevropa) ayni damda bir jarlikning bir shoxida ilashib turibdi. Ushbu maqolada dunyo rus “qora oltin”i va “zangori olov”iga qanchalik bog‘liqligini betaraf nigohda ko‘rib chiqamiz. 

Rus nefti va gazi uchun qanday sanksiyalar qo‘llanilyapti?

Yevropa Ittifoqi yil oxirigacha Rossiya neftining barcha xaridlarini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Ammo Ittifoq a’zolari o‘rtasida rus gazini import qilishni to‘xtatish borasida haligacha yagona kelishuv yo‘q. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 2022 yil oxiridan keyin Rossiya neftini sotib olish taqiqlanganini ma’lum qildi. YeI a’zolari Vengriya va Slovakiya esa 2023 yil oxirigacha Rossiya neftini sotib olishda davom etadi. Mart oyiga kelib Ittifoq Rossiyadan gaz importini bir yil ichida uchdan ikki qismga qisqartirishga va’da berdi. 

Importni bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

AQSH rus nefti, gazi va ko‘mir importidan to‘liq voz kechganini e’lon qildi. Buyuk Britaniya esa yil oxirigacha Rossiya “qora oltinidan” voz kechishni rejalamoqda. Bu xabarlardan so‘ng, dunyoda neft eksporti bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi Rossiya uning neftini taqiqlash “jahon bozori uchun halokatli oqibatlarga” olib kelishidan ogohlantirdi.

Energiya va toza havo tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarga qaramay, Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga qazib olinadigan yoqilg‘i sotishdan tushgan oylik daromadi deyarli ikki baravarga ko‘paygan. YeI urush boshlanganidan buyon neft va gaz narxi oshgani sababli rus o‘lkasidan oyiga taxminan 22 milliard yevrolik (23 milliard dollar) yoqilg‘i import qilgan, bu 2021 yilning mos davri bilan solishtirganda oyiga o‘rtacha 12 milliard yevro (12,5 milliard dollar)dan oshgan.

Ruslar qancha neft eksport qiladi?

Rossiya AQSH va Saudiya Arabistonidan keyin dunyoda uchinchi yirik neft ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Sanksiyalar e’lon qilinishidan oldin Kreml neft xomashyosi eksportining taqriban yarmi Yevropa mamlakatlariga to‘g‘ri kelgan. 2020 yilda kunlik import qilishda eng ko‘p Gollandiya va Germaniya rus neftiga murojaat qilgan. AQSH energiya axborot boshqarmasi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Amsterdam 549 400 barrel, Germaniya esa 526 400 barrel (kuniga) neft import qilgan.

Xalqaro energiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, muqobil neft yetkazib beruvchilarni izlash uchun qo‘shimcha yil berilgan Slovakiya va Vengriya o‘tgan yili neft importining 96% va 58%ini Rossiyadan qilgan. O‘z navbatida, rus “qora oltin”i 2020 yilda Buyuk Britaniya neft importining atigi 8 foizini va o‘tgan yili AQSH neft importining 3 foizini tashkil etgan.
 
Rossiya neftidan boshqa muqobil variant bormi?

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, gazdan farqli ravishda neft manbalarininng muqobilini topish osonroq. Negaki neftning bir qismi Rossiyadan kelsa, hali yana “katta” qismini boshqa mamlakatlardan olish mumkin.

Xalqaro energetika agentligi a’zosi bo‘lgan ba’zi mamlakatlar o‘z neft zaxiralaridan 120 million barrel ekvivalent “qora oltin”ni neft bozori kotirovkalaridan chiqarib oldilar. Bu neft tarixidagi eng yirigi bo‘ldi.

Mart oyi oxirida AQSH Prezidenti Jo Bayden yuqori yoqilg‘i narxini pasaytirish maqsadida Amerika rezervlaridan neftni katta miqdorda chiqarishni buyurdi. AQSH bir paytning o‘zida Saudiyadan neft qazib olish ishlarini ko‘paytirishini istamoqda va Venesuela neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Rossiya gaz oqimini qanday qilib siqib qo‘ydi?

Ukrainaga bostirib kirishiga qaramay, Rossiya Yevropaning ko‘plab davlatlariga katta miqdorda gaz yetkazib berishda davom etmoqda. Biroq G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan moliyaviy sanksiyalar kiritgach, Prezident Putin “nodo‘stona” davlatlar gaz uchun to‘lovni rublda to‘lashi kerakligini ma’lum qildi. Rossiya davlat energetika kompaniyasi “Gazprom” Polsha va Bolgariyaga ta’minotni to‘xtatdi. Bu to‘lovlar rublda amalga oshirilmaguncha davom etishini ma’lum qildi. Yevropa Kremlning bu harakatlarini “tovlamachilik” deb bilishini aytdi. 

Ko‘pgina boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari may oyi o‘rtalarida to‘lovlarni rublda qilish muammosiga duch kelishi prognoz qilinmoqda. Rubldagi to‘lovlar esa Rossiya valyutasini mustahkamlashga va uning iqtisodiyotiga foyda keltirishga xizmat qiladi.

Kimlar rublda to‘lov qilmoqchi?

Fon der Lyayen xonim Rossiyaning talablarini bajarish Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzishi va agarda Yevropa kompaniyalari Kreml yo‘rig‘idan yurishni istashsa, bu ular uchun “yuqori xavf” olib kelishi haqida ogohlantirdi. O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi davlatlari rasmiy Moskvaning energiya ta’minotiga qaramlikdan qanchalik tez qutilishlari borasida kelisha olmayaptilar.

Germaniya, Vengriya va Slovakiya kabi qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi gaz kompaniyalari gaz uchun to‘lovni Rossiyaning “Gazprombank” banki orqali yevroda to‘lashga, keyin esa to‘lovlar rublga konvertatsiyalanishiga rozi bo‘ldilar. 

“Financial Times” gazetasining yozishicha, Avstriya va Italiyadagi gaz kompaniyalari ham “Gazprombank”da hisob raqamlarini ochishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan hafta YeI rus “zangori olovi”ning xaridorlari to‘lovlarni yevroda amalga oshirsa va rublga konvertatsiya amalga oshirilgunga qadar uni tasdiqlasa, bu sanksiyalarni buzmasligini bildirdi. Biroq, mamlakatlar YeI yo‘l-yo‘riqlarining asl mohiyatini qanday talqin qilish bo‘yicha kelisha olmayapti va Ittifoq diplomatlari bu masala bo‘yicha yanada aniqlik kiritishni xohlashlarini ochiqlashdi.

Rossiya Yevropaga qancha gaz eksport qiladi?

2019 yilda Yevropa Ittifoqi tabiiy gaz importining 41 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Agar Kremldan Yevropaga gaz yetkazib beruvchi quvurlar “qurib qolsa”, Italiya va Germaniya gazning katta qismini undan import qilgani uchun ahvoli ancha og‘irlashadi. Buyuk Britaniya “zangori olov” importining atigi 5 foizini ruslardan qiladi. AQSH esa Rossiya gazini umuman import qilmaydi. Kreml Yevropaga gazni bir necha magistral quvurlar, xususan, “Shimoliy-1” va “Shimoliy-2” orqali yetkazib beradi. Gaz mintaqaviy omborlarda to‘planadi va keyin butun qit’aga tarqatiladi.

Rossiya gaziga muqobil manbalar haqida nima deyish mumkin?

Yevropa Qatar, Jazoir yoki Nigeriya kabi mavjud gaz eksportchilariga murojaat qilishi mumkin, biroq ishlab chiqarishni jadal kengaytirish uchun amaliy to‘siqlar mavjud.  

AQSH joriy yil oxirigacha Yevropaga qo‘shimcha 15 milliard kub metr suyultirilgan gaz yetkazib berishga kelishib oldi. Bu Rossiya gaziga qaramlikni biroz yumshatadi.

Ko‘k qit’a, shuningdek, shamol energiyasi kabi boshqa energiya manbalaridan foydalanishga jiddiy e’tibor qaratmoqchi, ammo buni amalga oshirish ham xamir uchidan qil sug‘urgandek oson kechmasligi aniq.

Sardor Begalov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

408

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing