Dunyo okeanini himoya qilish bo‘yicha tarixiy kelishuv kuchga kirdi
Olam
−
17 yanvar 1858 2 daqiqa
Bugun, 17 yanvardan boshlab tarixiy hujjat – milliy yurisdiksiya doirasidan tashqaridagi hududlarda dengiz va okeanlarning biologik xilma-xilligini saqlash va undan barqaror foydalanish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Bu haqda BMT Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat 2023 yil iyun oyida qabul qilingan. Shundan buyon uni 145 ta davlat imzolagan, 81 ta davlat esa rasman ratifikatsiya qilgan. BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan tamoyillarga tayangan holda, mazkur bitim jahon okeanining uchdan ikki qismini himoya qilish bo‘yicha huquqiy asoslarni sezilarli darajada mustahkamlaydi. Xususan, u okean va uning resurslarini o‘zlashtirish masalasida xalqaro va idoralararo hamkorlik uchun zarur bo‘lgan mexanizmlarni belgilaydi.
Ushbu bitimning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishi okean bilan bog‘liq Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda bioxilma-xillik bo‘yicha Kunmin–Monreal global doiraviy dasturini ro‘yobga chiqarishga muhim hissa qo‘shadi.
Xabarda qayd etilishicha, zaharli kimyoviy moddalar va millionlab tonna plastik chiqindilar qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarini to‘ldirib yubormoqda, bu esa baliqlar, dengiz toshbaqalari, dengiz qushlari va sutemizuvchilarning nobud bo‘lishiga yoki ularga jiddiy zarar yetishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, xavfli zarrachalar inson iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlariga ham tushmoqda. 2021 yilda jahon okeaniga 17 million tonnadan ortiq plastik chiqindi tushgan bo‘lib, bu okeanlardagi barcha chiqindilarning 85 foizini tashkil etadi. Prognozlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich har yili ikki yoki uch baravarga oshib borishi mumkin. Agar choralar ko‘rilmasa, 2050 yilga borib dengizlarda plastik miqdori baliqlardan ham ko‘p bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Bitim okeanni ifloslantirayotgan sub’ektlarga javobgarlik yuklaydi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish mexanizmlarini joriy qiladi. Hujjatga muvofiq, milliy yurisdiksiya doirasidan tashqaridagi suv hududlarida rejalashtirilayotgan har qanday faoliyat bo‘yicha tomonlar o‘z harakatlarining atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirini baholashi shart.
Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, hozirga qadar qariyb 200 ming turdagi dengiz organizmlari aniqlangan, biroq ularning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.