Dunyo nigohi Afg‘onistonda. Hududlarni jangsiz olayotgan “Tolibon”ning g‘alabasi muqarrarmi?

Olam

image

“Tolibon” AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketganidan so‘ng, mamlakatdagi eng yirik shaharlarni zudlik bilan egallashga tayyorlanmoqda. Bu haqda Amerikaning yirik ommaviy axborot vositalari yozmoqda.

Kecha, 24 iyun kuni CNN telekanali “Tolibon” harakati Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari va qo‘shni davlatlar, birinchi navbatda, O‘zbekiston hamda Tojikiston o‘rtasidagi eng katta shahar — Mozori Sharifga, allaqachon, yetib kelganini xabar qildi.

Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” harakati jangarilari ushbu shahardan 2001 yilda AQSH va Rossiya qo‘shinlari tomonidan Afg‘onistonda amalga oshirilgan harbiy operatsiyalar davomida quvib chiqarilgan.

Bugungi kunda toliblar mamlakat janubidagi asosan pushtunlar yashaydigan hududlardan Afg‘onistonning boshqa xalqlari: o‘zbeklar, tojiklar, hazoralar yashaydigan viloyatlarga tobora ko‘proq dadil yurishlarni amalga oshirmoqda.

Joriy yilning 22 iyun kuni poytaxti Mozori Sharif bo‘lgan Balx viloyati gubernatori 1990 yillarda “Tolibon”ga qarshi kurashgan “Afg‘oniston tojik Islomiy Jamiyati” (Jamiyat-i-Islomiy) partiyasidagi sheriklarini yana qurol olib, o‘z yerlari va xalqini himoya qilishga chaqirdi.

“Ammo, toliblar Mozori Sharifni sherlar kabi o‘rab olgan”, deb yozadi CNN diplomatik kolumnisti Nik Robertson.

Toliblar ketma-ket Afg‘oniston mintaqalarini hukumat qo‘shinlaridan qaytarib olmoqda: joriy yilning mayidan beri toliblarning so‘zlariga ko‘ra 90 ta tuman, allaqachon, ularning nazorati ostiga o‘tgan. BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layonsning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning 370 ta rayonidan kamida 50 tasi toliblar qo‘lida. Layonsning qo‘shimcha qilishicha, toliblar egallab olgan hududlar viloyat markazlarini qurshab olgan.

“Bu shuni anglatadiki, toliblar xorijiy qo‘shinlar mamlakatni tark etishi bilanoq viloyat markazlarini egallab olishga tayyorlanmoqda”, deydi Layons CNN’ga.

Joriy yilning 21 iyun kuni toliblar Tojikiston bilan chegaradagi Sherxon-Bandar shahrini 2000 yildan beri birinchi marta egallab oldi. Endilikda, toliblar o‘zlarining raqiblariga xalqaro yordam keladigan muhim post — Tojikiston bilan chegarani nazorat qilmoqda. Shu bilan birga, ular 100 dan ortiq hukumat askarlarini o‘ldirgan va asirga olgan, deb yozadi “The Wall Street Journal”.

Afg‘oniston harbiylari shunchalik ruhiy tushkunlikka tushib qolganki, amerikalik ittifoqchilarining ko‘magisiz qolgani sababli toliblarga tobora jangsiz taslim bo‘lmoqda. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘onistonlik harbiylar biron marta ham o‘q uzmasdan, toliblarga amerikaliklardan qolgan harbiy texnikaning butun kolonnasini berib qo‘ymoqda. Masalan, toliblar biron bir qora bozordan topa olmaydigan “Humvee” zirhli mashinalari.

“The Wall Street Journal”ning qayd etishicha, toliblar g‘alaba qilishining muqarrarligi tufayli afg‘on oqsoqollari va “Tolibon” jangarilari o‘rtasida muzokaralar olib borilgan va natijada Afg‘onistonning ko‘p rayonlari taslim bo‘lgan. Toliblar o‘zlari tomonga o‘tgan afg‘on harbiylariga esa hatto bir necha oy davomida ko‘rmagan maoshini to‘lamoqda.

Joriy yilning 22 iyun kuni AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild “Tolibon”ni hokimiyatni harbiy tarzda egallab olish holatida xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmasligi haqida ogohlantirdi.

“Biz toliblarga harbiy yo‘l bilan hokimiyatni egallash harakatga qonuniylik bermasligini yana bir bor takrorlamoqchimiz. Biz Xavfsizlik Kengashidagi hamkasblarimiz, shu jumladan Yevropa davlatlari, Xitoy va Rossiya bilan afg‘on muammosiga harbiy yechim yo‘qligini bir necha bor ta’kidladik. Dunyo Afg‘onistonda hokimiyat zo‘rlik bilan qo‘lga kiritilishini yoki Islom amirligining tiklanishini tan olmaydi”, deydi Linda Tomas-Grinfild BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishida.

Qayd etilishicha, “Tolibon” va AQSH o‘rtasida 2020 yil fevral oyida Qatarning Doha shahrida Prezident Donald Tramp davrida o‘tgan muzokaralarning muhim jihati – bu harakatni yangi siyosiy darajaga olib chiqqan.

Ma’lum qilinishicha, o‘shanda “Tolibon” Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralariga kirishishni va Al-Qoida kabi xalqaro terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikni to‘xtatishni va’da qilgan. Ammo, yakunda ular hech qanday va’dalarini bajarmagan. BMTning joriy yilning iyun oyi boshlarida e’lon qilgan hisobotida aytilishicha, toliblarning hukumat kuchlariga qarshi terroristik hujumlari yanada kuchaygan va Al-Qoida bilan aloqalar saqlanib qolgan.

AQSH harbiy tahlilchilarining bashorat qilishicha, xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etgach 6 oydan 12 oygacha muddat ichida rasmiy Kobul qulaydi, ya’ni mamlakatda hokimiyatni toliblar egallab oladi. 

“Xalqaro koalitsiya qo‘shinlariga asosan tarjimon sifatida yordam bergan o‘n minglab afg‘onlarning taqdiri alohida tashvishga solmoqda”, deya qayd etgan “The Wall Street Journal”.

Toliblar ularni xoin, deb bilishadi va allaqachon, nafaqat tarjimonlarning o‘zlarini, balki yaqin qarindoshlarini ham namoyishkorona qatl qilishgan, deyiladi “Aljazeera” telekanali xabarida.

AQSH harbiy-dengiz flotining admirali Jeyms Stavridis “Bloomberg Opinion” uchun yozgan maqolasida har qanday usul bilan, hatto buning uchun ularni ommaviy ravishda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelsa ham AQSH ittifoqchilarini “Tolibon”dan himoya qilishni taklif qilgan: aks holda ularni Vetnamda qoldirilgan AQSH ittifoqchilarining qiynoqlarga solingan taqdiri kutmoqda.

Massachusets shtatidan Vakillar palatasi a’zosi hamda sobiq dengiz piyodasi Set Multon alohida viza shartlariga loyiq, deb hisoblagan hamda AQSHga yordam bergan 20 ming tarjimon va boshqa afg‘onlarni evakuatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini tayyorlamoqda.

“Afg‘oniston bilan, allaqachon, barchasi tushunarli. Biz bu urushda g‘alaba qozonmasligimiz aniq. Ammo, bu urushda sharmandali tarzda mag‘lubiyatga uchrashning ko‘plab usullari hali ko‘p”, deydi u “The Wall Street Journal” gazetasiga.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

654

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing