Do‘konlarda sotilayotgan “Royal” ichimligi sifat talablariga javob bermasligi aniqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi bozor va do‘konlarda sotilayotgan anor ta’mli “Royal” ichimligi sifat talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Bildirilishicha, inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan hamda import qilinayotgan mahsulotlar sifati va xavfsizligi muntazam o‘rganib kelinmoqda. Jumladan, bozorlar va savdo rastalarida sotilayotgan “Royal” savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talabiga qay darajada mos kelishi o‘rganilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Royal” savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti tamg‘alanishi (markirovka) bo‘yicha UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ining 8, 36, 53 va 58-bandlari talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.

Akkreditlangan sinov laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, “Royal” savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti tarkibida “Azorubin, E 122” moddasi belgilangan me’yordan ortiq ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ning 36-bandiga muvofiq, tarkibida rang beruvchilar (E122 azorubin, E sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AS E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak.

Inspeksiya yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini bajarmaslik qonun buzilishiga olib kelishi to‘g‘risida ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston do‘konlarida sotilayotgan 8 ta oziq-ovqat mahsulotining laboratoriya sinovlari amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing