Dubaydan kelgan karantindagilarga 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi

Jamiyat

image

BAAning Dubay shahridan kelgan bir guruh fuqarolar karantin qoidalarini buzishgan va karantin hududi sanalmish sihatgohda boshqalarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilishgan. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov QALAMPIR.UZga ma’lum qilmoqda. 

Qayd etilishicha, Yuqorichirchiq tuman ma’muriy sudida Sh. U. (1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), K. A. (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), I. K. (1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), D. M. (1986 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan), Sh. T. (1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan), F. N. (1988 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan), P. R. (1990 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan) larga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etganlik yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqilgan. 

Ish materiallariga ko‘ra, joriy yilning 1 aprel kuni soat 20:00 lar atrofida Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Energetiklar” sihatgohida, BAAning Dubay shahridan mamlakatimizga qaytgan va karantinda bo‘lgan yuqorida qayd etilgan fuqarolar, belgilangan karantin qoidalariga amal qilmasdan, har xil uyatli so‘zlar bilan ushbu sihatgohda saqlanayotgan boshqa fuqarolar va karantin tartibini nazorat qiluvchi xodimlar oldida baqir-chaqir qilishgan. Bu huquqbuzarlar boshqalarning tinchligini buzishgan vaqtida, tinchlikni ta’minlash uchun kelgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat joyida ularni xam uyatli so‘zlar bilan so‘kib mayda bezorilik qilishgan.

“Sud ularning ayblari ishda to‘plangan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan degan xulosaga kelib, bugun, 3 apreldagi qarori bilan Sh. U., K. A., I. K., D. M., Sh. T., F. N. va P. R.ning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Bugungi kunda yurtimizda aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida karantin tartibi joriy etilgan bo‘lib, fuqarolarimizni koronavirus infeksiyasidan himoya qilish va ushbu infeksiyaga chalinganlarni davolash borasida izchillik bilan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilayotgan bir vaziyatda yuqorida qayd qilingan kabi huquqbuzarliklarga murosasiz bo‘lish talab etilishi va bu masalada qonun ustuvorligi to‘liq ta’minlab borilishi ta’kidlanadi. Zero, karantin tartibiga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning burchidir”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.  


Maqola muallifi

Teglar

Dubay BAA Oliy sud Koronavirus Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

501

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing