“Dubay Ekspo 2020” ko‘rgazmasini kechiktirish taklif qilindi
Olam
−
31 mart 2020
4282“Dubay Ekspo 2020” (Expo 2020 Dubai) xalqaro ko‘rgazmasi ishtirokchi davlatlari koronavirus pandemiyasi sababli mahalliy tashkilotchilarga ushbu butunjahon ko‘rgazma shousini o‘tkazish muddatini bir yilga surishni taklif qildi.
Bu masala kecha, 30 mart kuni ishtirokchi davlatlar va “Dubay Ekspo 2020” ko‘rgazmasi rahbarlari ko‘mitasida muhokama qilindi, deya xabar bermoqda BAA axborot agentligi “Emirates News Agency”.
Qo‘mita bu masalani ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Shuningdek, yakuniy qarorni Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi ovoz berish yo‘li bilan hal qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Bir necha kun oldin “Dubay Ekspo 2020” ofisi xodimlaridan birida koronavirus aniqlandi. U karantinga olindi.
Bungacha ko‘rgazma Dubayda 2020 yil oktyabrda ochilib, 2021 yil aprelgacha davom etishi rejalashtirilayotgandi. Ko‘rgazma 11 mln kishini jalb qilishi kutilmoqda.
1928 yilda tashkil etilgan Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi ko‘rgazmalar taqvimini tuzadi, ko‘rgazmalar tanlovi va ularni tashkillashtirishni o‘tkazadi, ko‘rgazmalar tashkilotchilari o‘rtasidagi hamkorlikning eng yaxshi sharoitlarini yaratish uchun huquqiy me’yorlar o‘rnatadi.