DTMni sudga berishdi va yutib chiqishdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muasssasasiga o‘qishga kirishda o‘tkaziladigan test savollarining murakkabliklari haqida bir qator chiqishlar bo‘ldi. Unda xalq vakillari, ziyolilar taniqli davlat va jamoat arboblari ham to‘z munosabatini bildirar ekan, test savollarining murakkabligi bir tomondan, tanish-bilishchilik va korrupsiya kabi illatlar ikkinchi tomondan o‘qiyman degan har bir yosh uchun g‘ov bo‘layotgani, buning oqibatida necha minglab, yigit-qizlarning test tizimiga bo‘lgan ishonchi yo‘qolib, buning o‘rniga nafrat hissi palak yozayotgani haqida ko‘p va xo‘p gapirildi, bong urildi. 

Xo‘sh, test sinovlarini o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan Davlat test markazi bu yil tizimida qanday yangiliklarni amalga oshirdi? AOKAda o‘tkazilgan brifing davomida markaz rahbari Majid Karimov bu yilgi o‘zgarishlar qatorida abituriyentlar test ishlaydigan stolda to‘ldirish namunalari bo‘lishini, ular test jarayonida faqat savollar kitobining raqami, ism-sharifini yozishini, test savollari birmuncha yengillashtirilgani, savollarni tuzadigan mutaxassislar Rossiya Federatsiyasida malaka oshirib qaytgani haqida gapirar ekan, 180 mingdan ortiq testlar mavjudligi va variantlar bir-birini qaytarmasligi hamda savollar ichida o‘tgan yili foydalanilganlari ham borligini qo‘shimcha qildi. 

Shuningdek, markaz rahbarining aytishicha, o‘tgan 2018 yilda DTM ustidan 4 mingga yaqin e’tiroz kelib tushgan Ularning 42 tasi qondirilgan. 8 nafar abituriyent DTM ustidan sudga murojaat qilgan va ulardan ikkitasi  sudda g‘olib bo‘lgan. Ulardan birinchisining o‘qishga qabul qilinishi shartnoma asosidan byudjetga o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchisi o‘qishga shartnoma asosida qabul qilingan. Bir so‘z bilan aytganda, ikkinchi abituriyent talaba bo‘lgan. 

Biroq Majid Karimovning aytishicha, mazkur jarayonda ishtirok etgan 10 nafar ekspertdan 8 nafari DTM xatoga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlagan bo‘lsa, 2 nafari shikoyatchilar manfaatini himoya qilgan va sud ham aynan mana shu ikkki nafar ekspertga tayanib qaror chiqargan. DTMning bu bo‘yicha sud bilan bahslashishga vaqti bo‘lmagan. (!)

Xullas bugungi anjumanda yana shular ma’lum bo‘ldiki, test jarayonlariga jurnalistlar Yoshlar ittifoqi vakillari hamrohligida kirishi 20 daqiqa davomida bo‘lishi kerak. Bungacha OAV DTM tomonidan maxsus ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. 

Yana bir gap. Test jarayonlari shaffofligini ta’minlashda kuzatuv kameralari hamda monitorlarning elektr tarmog‘idan qo‘qisdan uzilib qolish hollarini bartaraf etish maqsadida Energetika vazirligi mas’ul etib tayinlangan va har bir test sinovlari o‘tadigan binoga qo‘shimcha ravishda elektr ishlab chiqaradigan dizel dvigatellar olib kelib o‘rnatgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Majid Karimov DTM

Baholaganlar

100

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing