DSQ: Reklamadan pul topayotgan blogerlar soliq to‘lashi kerak
Jamiyat
−
12 iyun 2019
5358Ma’lumki, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar nafaqat tanishish, yangi do‘stlar orttirish va suhbatlashish maydoni, balki yaxshigina reklama bozoriga aylanib qolgan. San’atkorlari, taniqli shaxslar va ko‘plab kuzatuvchilarga ega bo‘lgan sahifalar ma’lum bir tadbirkorlarning mahsuloti yoki xizmat turini reklama qilib berishi evaziga mo‘maygina pul ishlab oladi. O‘zbekistonda esa boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq bunga ham soliq solish yo‘lga qo‘yilmoqchi.
Bugun, 12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan “Qo‘shimcha qiymat solig‘i va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va mohiyati” mavzusida brifingda shu haqda so‘z bordi.
Muloqotda internetdagi maxsus sahifalar va Instagram, Telegram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda reklama e’lonlarini joylashtirish orqali daromad olish va bundan soliq to‘lanishi shart yoki shart emasligi haqida savol berildi.
“Daromad olishga yo‘naltirilgan har qanday faoliyat turi tadbirkorlik hisoblanadi. Qanday yo‘l bilan daromad topishingizning ahamiyati yo‘q. Davlat ro‘yxatidan o‘tishingiz shart. Agar siz daromad topish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo yuridik shaxs sifatida albatta davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishingiz kerak”.
Brifingda blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yo‘l bilan daromad orttirishiga “noqonuniy faoliyat” deya ta’rif berildi.
“To‘g‘ri, qonunda blogerlik degan tushuncha yo‘q. Blogerlik faoliyat turi emas, bunga qonunchilikda ta’rif berilmagan. Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat ko‘rsatayapsiz-ku. Bu xizmat ko‘rsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud bo‘lmasa-da, xizmat ko‘rsatish degan tushuncha bor”, deydi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov.
Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunov ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerakligini ta’kidladi.
Agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs davlatga soliq to‘lamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qo‘yilishi mumkinligi aytildi.
“Agar kimda-kim noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, biz undan tadbirkorlikni qanday vosita orqali amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘sha vositasini, jihozini olib qo‘yishga to‘laqonli haqqimiz bor. Bu qonun doirasida kafolatlangan. Olib qo‘yilgan jihoz 30 kungacha ushlab turilishi mumkin. Agar o‘sha shaxs yoki bloger 30 kun ichida PF-4848 sonli Prezident Farmoni asosida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, olib qo‘yilgan jihozlari qaytarib beriladi”, dedi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov.
Muloqotda qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlarning joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bundan buyon har qanday qonun va qarorlar, normativ-huquqiy hujjatlarning muallifi xalq bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Biroq, qabul qilinayotgan qaror va qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani bilan, fikr va izohlar qanchalik inobatga olinmoqda. Inobatga olingan bo‘lsa o‘ta yuqori bo‘lgan QQSni odamlarning o‘zi yoqlab chiqqaniga ishonish qiyin. Qolaversa, Davlat soliq qo‘mitasi QQSni 20% etib belgilashda, mahsulot ishlab chiqaruvchi va sotuvchi emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar ko‘proq yuk tushishini inobatga olmagan. O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, bor-yo‘g‘i 2 million so‘mlik xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkor, QQS evaziga uning narxini 2 million 400 ming so‘mga ko‘tarishiga to‘g‘ri kelyapti. Boisi, mahsulotlarniki singari, xizmatning tan narxi degan tushuncha yo‘q. Ikki o‘rtada esa yana naqdiga ishlash ommalashyapti.
Blogerlar masalasiga keladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, pul topayotgan har qaysi kishi soliqlarni ham to‘lab qo‘yishi, undan bo‘yin tovlamasligi kerak. Ammo, nima uchun soliq to‘lashga kelgandagina qonunlar ishlayapti? Nima uchun boshqa mavjud qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmayapti, xususan blogerlarning huquq va manfaatlarini himoyalovchi qonunlar ishlab chiqilmayapti? Kimdir pul topib qolsa, cho‘ntagiga mo‘ralashga ustamiz. Ammo, u bu pullarni topgunicha qanday to‘siqlarga duch kelyapti, muammosi nima deydiganlar bormi? Bloger topgan daromadidan soliq to‘laganidan keyin o‘ziga nisbatan davlat tomonidan qandaydir o‘zgarishni ham sezishi kerakmi yo yo‘q? DSQ biroz bu haqda ham bosh qotirsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.