DSQ raisi qochgan savolga Artel’ning o‘zi javob berdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, 2021 yil “Artel” korxonalar tizimi, “Uzbekistan Airways” va “Akfa” kabi bir qator kompaniyalarga soliq imtiyozi berilgan. Bugun, 17 yanvar kuni Davlat soliq qo‘mitasiga nima uchun ushbu eng daromadli kompaniyalarga soliq imtiyozi berilgani haqida savol berganimizda, bu savol javobsiz qolgan edi. "Artel" kompaniyasi Matbuot xizmati bu holatga izoh berdi. 

Qayd etilishicha, “Artel” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalarda hozirgi kunda 10 mingdan ziyod ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Ularning 2021 yil uchun yillik daromadi 386 mlrddan oshgan. 2020 yil uchun kompaniya to‘lagan soliq va majburiy to‘lovlar davlat byudjetiga tushgan jami soliq tushumlarining 0,6 foizini tashkil etgan (103,6 trlndan 0,63 trlnso‘m).  

Xabarga ko‘ra, 2021 yilda davlat va mahalliy byudjetga 699 mlrd so‘mdan ortiq soliq va bojxona to‘lovlari amalga oshirgan. Kompaniya 2020 yilda 80 million AQSH dollari va 2021 yilda 100 million AQSH dollari miqdorida eksportni amalga oshirgan. 2022 yildagi soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar natijasida "Artel" kompaniyasi uchun mol-mulk soliq hisoblash bazasi 2.1 barobarga ortgan.

“Elektrotexnika sohasini rivojlantirish uchun O‘zeltexsanoat tarkibiga kiruvchi va elektrotexnika sanoatining barcha ishlab chiqaruvchilari muayyan soliq imtiyozlariga ega. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 02.03.2021-yildagi PQ-5011-sonli Qarorida ko‘rsatilgan imtiyozlardan "Artel" kompaniyasi O‘zeltexsanoat tarkibiga kiruvchi 100 dan ortiq korxonalar bilan teng huquqda foydalanadi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida "Artel" kompaniyasi uchun maxsus yoki alohida tartibda imtiyozlar berilmagan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Davlat soliq xizmati organlarining Byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq ma’lumotlarda Soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgan sub’ektlar, ularning yakuniy benefitsiarlari oshkor qilingan. 2021 yilning 19 oktyabrida ro‘yxatga olingan ushbu uzun ro‘yxat orasida "Artel" korxonalar tarmog‘ini ham ko‘rishimiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2267

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing