“Akfa”, “Artel” va “UzAirways”... “Tanka”si borlarga berilgan imtiyozlar yuki kimning bo‘ynida?

Jamiyat

2021 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha bir qator kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgan. Ular tom ma’noda eng boy va eng daromadli korxonalar hisoblanadi. Soliq imtiyozi berilgan yirik kompaniyalar orasida biz “Artel” korxonalari tarmog‘i, “Akfa”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va boshqa nomdor kompaniyalarni ham ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh, ular to‘lamaydigan trillionlab soliqlar kimlarningdir yelkasiga tushib qolmayaptimi? Ikkinchidan, ularga nima uchun soliq imtiyozi berilgan? Uchinchidan, soliq imtiyozi berilgan kompaniyalarning balansida umumiy qancha mol-mulk bor? Qalampir.uz jurnalisti Yulduz Abdurashidova shu va boshqa savollarga javob topish uchun Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga yuzlandi.

“Oxirgi savolga javob bermayman: balansida qancha mol-mulk borligi soliq siri bo‘ladi. Buni bilmayman ham, bilganimda ham javob bermasdim.

Kimning yelkasiga tushyapti, deganda savol noto‘g‘ri qo‘yilyapti. Hech kimning yelkasiga tushgani yo‘q. Davlat fiskal va moliya siyosati doirasida qaysidir sohalarni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlarini beradi. Agar biz o‘sha soliq imtiyozlarini yashirib, e’lon qilmaganimizda, Soliq qo‘mitasiga aybdor sifatida qarashingiz mumkin edi. Biz hammasini ochiqchasiga e’lon qilyapmiz. Agar haqiqatan ham Artek korxonalar tarmog‘iga ham soliq imtiyozi berilgan bo‘lsa, demak buni ko‘rishimiz kerak. Yulduzxon, eng asosiy prinsip shundaki, bular e’lon qilinyapti, berkitilmayapti, sir saqlanmayapti”, dedi Sherzod Qudbiyev.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi so‘zida davom etar ekan, Moliya vazirligining barcha tuzilmalaridagi xodimlar jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilingani haqidagi xabarlarni ham inkor qildi. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari ham daromad solig‘i to‘layotganini ta’kidladi.

“Birinchidan, kimga soliq imtiyozi berilgan bo‘lsa, hammasini e’lon qilib boryapmiz. 

Ikkinchidan, Moliya vazirligining barcha tuzilmalaridagi xodimlar jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilingani qayd etilgan, unday emas. Soliq kodeksida belgilanganidek, oxirgi ikki yildan beri, hatto, huquq-tartibot idoralari ham daromad solig‘i to‘layapti, kim qancha daromad solig‘i to‘lagani haqida aniq raqamlar bor.

Uchinchidan, yakuniy bo‘lmagan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda 1 trln 190 mlrd so‘mlik tovar aylanmasi qayd etilgan, shundan 17 foizi nol darajadagi, 13 foizi esa imtiyozli tovar aylanmalaridir. Umumiy, soliqqa tortiladigan aylanma 833 trln so‘mni tashkil qilgan, shundan 125 trln QQS hisoblangan, 105 trln “zachet”ga hisoblangan. Soliq imtiyozlari ham bir muammo bo‘lishi mumkin, ammo biz uchun eng asosiy muammo – adolatli hisobot berilishini ta’minlashdir”, dedi u.

Qo‘mita rahbari mol-mulk solig‘idan hech kim ozod bo‘lmasligini ham qo‘shimcha qildi.

“Keyingi masala, mol-mulk solig‘idan ozod qilinganlar haqida. Aniq ayta olamanki, O‘zbekistonda hech kim mol-mulk va yer solig‘idan ozod bo‘lib qolmaydi. Ozod bo‘lganlar ham, belgilanganidek, 1 foizlik to‘lovlar to‘laydi”, – dedi Sherzod Qudbiyev.

Moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod Sultonovning ta’kidlashicha, yangi Soliq kodeksining qabul qilinishi mamlakat uchun oldinga katta qadam tashlash bo‘lgan. Shuningdek, kimlarga soliq imtiyozi berilganini ochiqlash ham xato bo‘lgan.

“Avvalo, 5 yoki 10 yil ortga qaytaylik. Avval imtiyozlarning vakolatlari keng edi. Imtiyozni uch pog‘onaga ega odamla, ya’ni hokimiyat, Vazirlar Mahkamasi va Prezident bera olgan. Yangi kodeksimiz joriy qilinganidan keyin, 2020 yildan boshlab, faqatgina Qonunchilik palatasi, Oliy majlis, Senat tasdiqlanganidan keyin imtiyozlarning kuchga kirishi tabiiy bo‘ldi. To‘g‘ri tushuning, bu mamlakatimiz uchun oldinga katta qadam bo‘ldi.  Soliq kodeksining 483-moddasiga muvofiq vaqtinchalik imtiyozlar yaratilgan. 

Hammani qiziqtirayotgan shu 20 ta yoki 50 ta tashkilot to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda ayb Soliq bu narsani e’lon qilgani bo‘ldi”, deya ta’kidladi Dilshod Sultonov.

Moliya vazirligidan kelgan vakilning so‘zlariga ko‘ra, ikkita mamlakatdan tashqari barcha mamlakatlarda bank moliyaviy xizmatlar uchun soliq to‘lamaydi. To‘g‘ri, Sultonov aytgandek banklar moliyaviy xizmat ko‘rsatayotgandir, ammo “Artel” korxonalar tarmog‘i, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” kabi monopol tashkilotlarga kimning va nimaning hisobiga imtiyoz berildi? Yo ularning “shoxi bormi” yoki davlat bu bizneslarning ildiz otishining kafilini olganmi?

Dilshod Sultonov kimga nima uchun imtiyoz berilgani va kim qanaqa imtiyozga ega ekanligi haqida batafsil ma’lumot berish uchun 1 hafta vaqt so‘radi. Ko‘ramiz va 1 hafta kutamiz.

Ma’lumot uchun, 2022 yil boshlanishi bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qator o‘zgarishlar tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 2021 yil 47 mingdan ziyod kompaniya va tashkilotlarga soliq imtiyozi berilgan. Ular orasida siz Akfa, Amirsoy, To‘palang va bir qator bank nomlarini ko‘rishingiz mumkin. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

348

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing