DSQ qurilish sohasidagi ommalashgan soliqdan qochish sxemalari haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qurilish kompaniyalari hisobotlarda xarajatlarni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish orqali faoliyatini zarar bilan yakunlagani uchun foyda solig‘ini to‘lamaslik holatlari uchrab turibdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining 2019-2022 yillarda qurilish kompaniyalari faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan huquqbuzarliklar va ko‘p uchraydigan soliqdan qochish sxemalariga bag‘ishlangan davra suhbatida aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, 2019-2022-yillarda tovar aylanma va bajarilgan ishlar hajmi o‘rtacha yildan yilga 15-20 foiz ortib borayotgan bo‘lsada, soha bo‘yicha o‘rtacha xarajatlar rentabelligi 2021 yildagi 10 foizdan 2022 yilda 3,1 foizga tushgan. Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan 20 303 ta korxonalarning 5 mingga yaqinida (24 foiz) hujjatlariga muvofiq, rentabellik 0 foizdan past, 12 mingdan ortig‘ida (60 foiz) 0 foizdan 1 foizgacha va 904 (4 foiz) kompaniyada 1 foizdan 3 foizgacha rentabellik kuzatilgan.

Bundan tashqari, 10 mingga yaqin (50 foiz) qurilish korxonalarida 1 nafar ishchi rasmiylashtirilgan bo‘lib, haqiqatda ishlaydigan ishchilar soni yashirilgan.

Shuningdek, quyidagi:

•    turar joy obektlarini o‘rtacha bozor narxidan keskin darajada past narxda realizatsiya qilish (misol uchun, qurilish korxonalarining biri tomonidan Uchtepa tumanida qurilgan yangi ko‘pqavatli turar joy majmuasidan 26 ta kvartira o‘rtacha 1,8 mln so‘mdan sotilgan);

•    hisobotlarda xarajatlarni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish orqali faoliyatini zarar bilan yakunlash natijasida foyda solig‘ini to‘lamaslik (misol uchun, soliq to‘lovchi tomonidan 2022-yil 1-chorakda 16 mlrd so‘m realizatsiya amalga oshirilgan bo‘lsada, faoliyat 8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlangan);

•    jismoniy shaxlar tomonidan qurilish korxonalari ustav jamg‘armasiga yirik miqdorda pul mablag‘lari, bino va inshootlar, qurilish mollari (manbasi ko‘rsatilmagan holda) kiritish va realizatsiya qilinishi (misol uchun, 2 ta ta’sischi jismoniy shaxslar tomonidan ustav kapitali 2021-yil boshidan bugungi kunga qadar 121 mlrd so‘mga to‘ldirilgan. Ta’sischliarning soliq organlaridagi ma’lumotlariga asosan yillik rasmiy daromadi 3,4 mln so‘mni tashkil etganligi aniqlandi);

•    bajarilgan ishlar hajmini EHF rasmiylashtirmaslik orqali yashirish holatlari misollar shaklida taqdimot qilindi (misol uchun, soliq to‘lovchining hisob raqamiga bajarilgan ishlar uchun 78 mlrd so‘m mablag‘lar kelib tushgan bo‘lsada, soliq hisobotlarida 15 mlrd so‘m aylanma aks ettirilgan).

DSQ xabarida ta’kidlanishicha, mazkur muammolarni hal qilishda, soliq qonunchiligiga ixtiyoriy rioya etilishi, soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar afzalliklarini soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikda muhokama qilish qo‘mitaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing