Dronlar birinchi marta Shimoliy Osetiyaga hujum qildi
Olam
−
08 iyun
14778Bugun, 8 iyun kuni ertalab Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Shimoliy Osetiya hududi uzra Ukraina uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Shimoliy Osetiya rahbari Sergey Menyaylo Mozdokda uchta dron urib tushirilganini aytdi. Menyayloning so‘zlariga ko‘ra, dronlar “Ukraina tomondan kelgan” va ularning nishoni harbiy aerodrom bo‘lgan. Qurbonlar va vayronalar yo‘q.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Mozdokdagi harbiy aerodromda 485-alohida vertolyot polki joylashgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, o‘tgan bahorda Rossiya ushbu aerodromdan strategik samolyotlarni qabul qilish va uchirish uchun foydalana boshlagan. 2024 yil 22 aprel holatiga ko‘ra, bu yerda oltita Tu-22M3 strategik bombardimonchi samolyoti, to‘rtta Su-24M/MR razvedka samolyoti va 20 ga yaqin har xil turdagi vertolyotlar mavjud edi.
Ma’lumot uchun, aprel oyi boshida Ukraina dronlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri birinchi marta Tataristondagi korxonalarga hujum qildi. Xususan, Ukraina bilan chegaradan taxminan 1300 kilometr uzoqlikda joylashgan Alabuga maxsus iqtisodiy zonasi hujumga uchradi.
Bungacha Ukraina dronlarining eng uzun zarbasi joriy yilning yanvar oyida Sankt-Peterburg neft terminaliga qilingan hujum deb hisoblangan – o‘shanda dron Ukraina bilan chegaradan taxminan 900 kilometr uzoqlikda uchgan.
LiveBarchasi