Dron hujumlari ortidan Ukraina aholisi elektrsiz qoldi
Olam
−
03 fevral
8528Rossiyaning bir kechada yigirmaga yaqin dron bilan mamlakatning infratuzilmasini nishonga olishi oqibatida markaziy va shimoli-sharqiy hududlarda elektr energiyasi uzildi. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati harbiy boshqarmasi raisi Sergey Lisak o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 64 ta shahar va aholi punktlari, Dnepropetrovsk viloyatining 15 mingga yaqin fuqarolari Rossiya hujumlari oqibatida yorug‘liksiz qolib ketdi. 3 fevralga o‘tar kechasi Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning Vinnitsa, Jitomir va Odessa viloyatlarida havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi.
Mulozimga ko‘ra, Krivoy Rog shahridagi 43 ming abonentni ta’minlovchi ikkita qozonxona ham elektrdan uzilgan. Tezyurar tramvay faoliyatiga ham zarar yetkazilgan. Nikopol shahrida ikkita xususiy uy, xo‘jalik binosi va elektr uzatish liniyasi shikastlangan. Qurbonlar yo‘q.
Bundan tashqari, Fransiya juma kuni ikki nafar fransuz ko‘ngilli yordam xodimi 1 fevral kuni Ukraina janubidagi Xerson shahri yaqinida Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining hujumi oqibatida halok bo‘lganini tasdiqladi.
“Rossiyaning zarbasi oqibatida Ukrainada ikki nafar fransuz yordam xodimi halok bo‘ldi. Pastkash va jirkanch bir harakat. Men odamlarga yordam berishga intilayotgan barcha ko‘ngillilar bilan birdamligimni bildiraman”, deb yozgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamdardlik va yelkadoshligi uchun Fransiya hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
"Rossiya terrorizmi chegara yoki qurbonlarning millatini bilmaydi, Fransiyaning jasur yordam xodimlari odamlarga eng so‘nggi soniyalargacha ko‘mak berdi va biz ularning insoniy fazilatlariga ko‘ra doimo minnatdormiz”, deb yozgan Ukraina Prezidenti.
LiveBarchasi