Donetskdagi bozor o‘qqa tutildi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 21 yanvar kuni Rossiya kuchlari nazorati ostida bo‘lgan Donetskning Tekstilshik mikrorayonidagi bozor o‘qqa tutildi. Rossiya tomoni hujumda Ukrainani aybladi. Ukraina Qurolli kuchlari esa buni rad etmoqda.

Tan olinmagan DXR rahbari Denis Pushilinning aytishicha, 21 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 21.00 holatiga ko‘ra, Tekstilshik mikrorayonidagi bozorning o‘qqa tutilishi oqibatida 28 nafar shahar aholisi halok bo‘lgan, yana 30 kishi jarohatlangan. 

“Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, 152 mm va 155 mm kalibrli artilleriyadan qo‘shma zarba Kuraxovskiy va Krasnogorovskiy yo‘nalishlaridan amalga oshirilgan”, deb yozadi Pushilin Telegram-kanalida.

O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlarining Taurid yo‘nalishi birlashgan mudofaa kuchlari matbuot markazi bayonot berib, Rossiyaning ayblovlarini rad etdi.

"Rossiyaliklar Donetskdagi bozorga hujum uyushtirilgani haqida ma’lumot tarqatmoqda. Mas’uliyat bilan bildiramizki, "Tavriya" operativ va strategik guruhiga bo‘ysunuvchi kuchlar bu holatda buzg‘unchilik qilmagan", deyiladi markazning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilingan bayonotda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Donetskga berilgan zarbani keskin qoraladi.

“Bosh kotib tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qilingan barcha hujumlarni, jumladan, bugun Donetskning o‘qqa tutilishini keskin qoralaydi. Tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlar xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha taqiqlangan, ular qabul qilib bo‘lmaydigan va zudlik bilan to‘xtatilishi kerak”, deyiladi BMT Bosh idorasi bayonotida.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakil o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiyning aytishicha, Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini talab qilgan. Bugun, 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishning asosiy mavzusi Donetskning o‘qqa tutilishi bo‘ladi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham unda qatnashadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Donetsk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing