“Dok-1 Maks” ichib vafot etganlar yana bir kishiga ko‘paydi
3-sahifa
−
29 dekabr 2022
8690“Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib vafot etganlar soni yana bir kishiga ko‘paydi. Mazkur dori vositasi qurboni Qashqadaryo viloyatida aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashagan 2021 yilda tug‘ilgan bola 5 kun davomida “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib, sog‘ligi yomonlashgan. Joriy yilning 27 dekabr kuni uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelishgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bola kecha, 28 dekabr kuni vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Sizlardan “Dok-1 Maks” dori vositalarini qabul qilmaslikni, ushbu dori vositalari sotilayotganligi hamda tavsiya qilinayotganligidan xabar topsangiz, darhol prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so‘raymiz”, deyiladi prokuratura xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining joriy yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi