DXX vodiyda giyohvand moddalar savdosiga qarshi yirik operatsiya o‘tkazdi

3-sahifa

image

DXX xodimlari tomonidan Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida giyohvand moddalarning mamlakatga olib kirilishi va realizatsiya qilinishi bilan bog‘liq bir nechta holatlarga chek qo‘yildi.

Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi M.Mamirov va J.Shokirovlar kelayotgan Nexia rusumli avtomashina Andijon tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilganda, uning salon qismida 997 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Mamirov va Shokirovlar mahalliy fuqaro M.Sulaymonov hamda Xo‘jaobod tumanida istiqomat qiluvchi Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi O.Shermatovlar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan ushbu giyohvand moddalarni sotish orqali mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.

DXX xodimlarining Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasini jalb etgan holda o‘tkazgan yana bir tezkor tadbiri davomida esa A-373 yo‘lida harakatlanib kelayotgan Andijon shahrida yashovchi S.Usmonov boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashina to‘xtatildi. Ushbu avtotransport vositasi tekshirib ko‘rilganda, haydovchi o‘rindig‘ining tag qismida 988 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik tanishlari tomonidan O‘zbekiston hududiga o‘tkazilgan mazkur og‘uni u Xo‘jaobod tumanida qabul qilib olgan va kelgusida sotishni rejalashtirgan.

Andijon viloyati Marhamat tumani Do‘stlik MFY hududidan o‘tuvchi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi bo‘ylab harakatlangan fuqaro Xakimova DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda, uning yonida 1 kg 905 gr “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlangan va protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Boshqa bir holatda esa mahalliy fuqarolar E.Qanohatov, O.Yormatov va I.Madumarovlar 475 gr “gashish” moddasini Marhamat tumanida, shuningdek, O‘.Ortiqov 435 gr “gashish” moddasini Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahrida sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bu kabi holat Namangan viloyatida ham qayd etildi. Jumladan, DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Chust-Namangan” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Gentra rusumli avtomobil to‘xtatildi. Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan U.Xalilov boshqaruvidagi ushbu avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 994 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, ushbu og‘uni qirg‘izistonlik Nurmuxammad ismli shaxs Chust tumanidagi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasidan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib bergan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Vodil qishlog‘ida yashovchi, muqaddam sudlangan N.Xakimov jinoiy sheriklari bo‘lgan Marg‘ilon shahrida yashovchi R.Abdullayev va T.Oripovlar bergan 5 ming AQSH dollariga aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonning Qadamjoy rayoniga borib, “Qahramon” ismli shaxsdan 987 gr “gashish” moddasini sotib oladi. So‘ngra noqonuniy ravishda davlat chegarasini kesib o‘tib, Farg‘ona shahrida og‘uni Abdullayev va Oripovlarga bergan vaqtida, ularning barchasi DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bundan tashqari, ularning yonidan topilgan 32 mln 360 ming so‘m ham o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 7 kg 781 gr “gashish” giyohvand moddasi musodara qilingan. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing