DXX o‘zbek-qirg‘iz chegarasida qurol ishlatilgani bo‘yicha bayonot berdi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston bilan chegarada ushbu davlatning uch nafar fuqarosini o‘tochar qurol bilan jarohatlagani, oqibatda ular vafot etgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Qirg‘iziston bilan chegaradagi vaziyat xususida rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari xabar berishicha, kecha, 5 may kuni o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Oqtom qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida bir guruh noma’lum shaxslar O‘zbekistondan Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tayotgani aniqlangan. O‘zbek chegara naryadlari tomonidan ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rgan.

Chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari yetkazgan va qurollarni olib qo‘yishga harakat qilgan.

Ushbu holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘lgan. Natijada, 3 nafar shaxs yaralanib, ularning jinoiy sheriklari tomonidan Qirg‘iziston hududiga olib ketilgan.

Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5 may kuni zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining hudud bo‘yicha chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Shuningdek, 6 may kuni Farg‘ona vodiysi yo‘nalishi bo‘yicha  va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati bo‘yicha chegara vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.

“Hozirda har ikki tomon holat bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan bugun, 6 may kuni Jinoyat kodeksining 223 moddasi (“Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

659

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing