DXX tezkor tadbirida 22,5 kg narkotik musodara qilindi (video)

3-sahifa

image

Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan va Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 22 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududida harakatlanayotgan Cobalt avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Denov tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yonida 9 kilogramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu giyohvandlik vositasi kelgusida sotish maqsadida tojikistonlik narkokurerlar tomonidan yetkazib berilgani ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, Oltinsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1969 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro va uning Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi o‘zaro kelishgan holda, Tojikistondan olib kelingan 1 kilogramm 962 gramm “opiy” moddasini xaridorga 200 million so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Farg‘ona viloyatidagi holatda esa, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1994 va 1988 yillarda tug‘ilgan 2 fuqaro ketayotgan avtotransport vositasi shahar hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib, tekshirilganda, ularning yonida 5 kilogramm 862 gramm “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan ushbu giyohvandlik vositasini har bir kilogrammini 89 million so‘mdan kelishgan holda sotib olmoqchi bo‘lgan vaqtida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi. Bundan tashqari, ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanida narkosavdogardan olib, O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan keltirgan jinoiy guruh yetakchisi – So‘x tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs ham protsessual tartibda ushlandi.

Shuningdek, Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 3 kilogramm 950 gramm “gashish” moddasini xaridorga 38 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, u bilan birga kelgan jinoiy sherigi – Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi. Tezkor tadbir davom ettirilib, 1992 yilda tug‘ilgan shaxsning Farg‘ona tumanidagi yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan keltirilgan 868 gramm “gashish” moddasi ham olindi.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan hamda Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi, 1969 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki fuqaro Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 943 gramm “opiy” moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 22 kilogramm 585 gramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istondan olib kelingan sintetik giyohvandlik vositalarining aylanmasiga chek qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo DXX Namangan Sirdaryo Farg'ona gashish giyohvandlik vositalari narkotik opiy tezkor tadbir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing