DXX soliq inspektori va sud-ekspertini qo‘lga oldi

3-sahifa

image

Xorazm viloyatida soliq inspektori, Qashqadaryo viloyatida esa sud-ekspertiza markazi xodimi pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xorazm viloyatining Yangiariq tumani davlat soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘’basi davlat soliq inspektori trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJning soliq qarzdorligini undirmasdan, uni bankrotlik asosida tugatib berish evaziga o‘zining yaqin aloqasi orqali 900 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda soliq inspektoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qashqadaryoda kuzatilgan holatda esa, viloyatning Yakkabog‘ tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tomonidan suv ta’minotiga noqonuniy ulanib, foydalangani bo‘yicha aniqlangan 99 million so‘mlik zararni tegishli tashkilot ekspertlari orqali yo‘q qilib berish evaziga, fermer xo‘jalikning ish boshqaruvchisidan 1500 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining Qashqadaryo viloyat bo‘linmasi eksperti ushbu pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda fuqaro va ekspertga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik qilish) va 28, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyatida o‘z xizmat mavqeidan foydalangan uch nafar advokatni pora berish va firibgarlik jinoyatlarida ayblab, qo‘lga olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik soliq inspektori pora berish sud-ekspert

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing