DXX Qirg‘iziston va Tojikistondan narkotik olib kirgan shaxslarni ushladi

3-sahifa

image

O‘zbekiston hududiga qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlaridan olib kirilgan jami 10 kilogramm 701 gramm “gashish”, 2 kg 39 gramm opiy giyohvand moddalari hamda 16 940 dona “Regapen” va 1 783 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro 10 kilogramm 701 gramm “gashish” giyohvand moddasini kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududiga olib o‘tib, xufiyona joyga yashirgan vaqtida qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogarlar uning kurerlik xizmatiga 1200 AQSH dollari berishlari kerak bo‘lgan.

Shuningdek, DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida “Buxoro-Amudaryo” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Lacetti rusumli avtomobil To‘rtko‘l tumanidagi “Miskin” YPX maskanida to‘xtatilgan.

Avtomobil ko‘zdan kechirilganda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Amudaryo tumanida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaro yonida 2 kilogramm 39 gramm “opiy” borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand modda Tojikiston Respublikasidan Buxoro viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan. 

Yana bir shu kabi holat Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Unda Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi, 1979 y.t. fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomobil poytaxt hududiga kirgan vaqtida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. 

Natijada uning salon qismida Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib o‘tilgan 11 228 dona “Regapen” va 595 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning 1988 va 1991 yillarda tug‘ilgan 2 nafar jinoiy sheriklari ham ushlangan. 

Bundan tashqari, poytaxt hududida kuzatilgan yana bir shunga o‘xshash holatda Andijon shahrida yashovchi, 1985 y.t. fuqaro Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. fuqaroga 5 488 dona “Regapen” va 1 188 dona “Tropikamid” dori vositalarini bergan vaqtida ularning har ikkisi ham qo‘lga olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘iziston Respublikasidan mamlakat hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib, Toshkent shahriga yuborgan, Andijon shahrida yashovchi, 1986 y.t. shaxs ham ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing