DXX Chinozdagi “yangi Ahmadboy”ni ushladi
3-sahifa
−
03 mart 2022
14783Toshkent viloyatida 12 nafar fuqarodan 94 ming dollar, 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva hayvonlarini ma’lum muddatdan so‘ng ko‘paytirib, qaytarib berish sharti bilan olgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Gap shundaki, Chinoz tumanida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan A.N. ismli shaxs 2016 yilda “moliyaviy piramida” tashkil qilib, bir necha oydan so‘ng ko‘paytirib, qaytarish sharti bilan fuqarolardan pul, mashina va boshqa qimmatbaho buyumlarni qabul qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Shu sabab, 2017 yilda sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan.
O‘tgan yilning dekabr oyida esa unga nisbatan amnistiya qo‘llanilib, qamoqdan chiqarilgan. Biroq ozod bo‘lgandan so‘ng ham eski hunarini davom ettirgan.
Xususan, A.N. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, Spark rusumli avtomobilini 6 500 AQSH dollariga baholab hamda qo‘shimcha 2 000 dollar berishini talab qilgan. U fuqaroga umumiy miqdorda 8 500 dollarni 10 oy davomida, har oyda 1 700 dollardan, jami 17 000 AQSH dollari miqdorida qaytarib berishini aytgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u fuqaroning Spark avtomobilini hamda 2 000 AQSH dollarini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Dastlabki surishtiruv natijasida A.N. o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida olgan 2 ming dollar hamda Spark bilan qo‘shib hisoblaganda, ma’lum muddatdan so‘ng ko‘paytirib, qaytarib berish sharti bilan jami 12 nafar fuqarodan 94 ming dollar hamda 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva hayvonlarini (avtomobillar va chorva hayvonlarining umumiy bahosi 394 million so‘mni tashkil qiladi) olgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.N.ga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, odamlar orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev “moliyaviy piramida” tashkil qilib, 40 ming kishidan pul, avtomashina, qoramol va boshqa qimmatli buyumlarni olib, ularni aldagandi.
Shu sabab, Ahmadjon Tursunboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan aybli deb topilib, unga ushbu modda bilan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddlari tartibida jazoga qisman Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2019 yil 28 oktyabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 14 yil 6 oyga qamalgan.
Ahmadjon Tursunboyevga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandi, “b” kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘tash belgilangan.
LiveBarchasi