Diareya – “berkinadigan” va qulay fursatni poylaydigan kasallik

Salomatlik

image

Murakkab iqlim sharoitiga ega  O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, bolalar orasida yuqumli ichak kasalliklari, xususan, diareya ko‘p uchraydi. Bu haqida Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi dotsenti Gulnora Xudoyqulova so‘z yuritadi.

“Bolalar orasida diareya (ichburug‘) kasalligi ko‘p uchraydi. Diareyaning bakteriyali va virusli turlari bor. Uning bakteriyali turi solmonellyoz, dizenteriya,  ichak tayoqchasi, shartli patogen — mikroorganizmlarning tanada muvozanati buzilishi tufayli yuzaga keladi. Virusli turi esa oziq-ovqat va havo orqali yuqadi. Bu kasalliklarning yuqishiga, asosan, tozalik, shaxsiy gigiyenaga yetarli rioya etmaslik, suvni qaynatmay ichish, sifatisiz oziq-ovqatlarni iste’mol qilish, meva-sabzavotlarni tozalab yuvmay yeyish sabab bo‘ladi. Bunday hollarda bola harorati ko‘tariladi, ishtahasi yo‘qolib, holsizlanadi va ichi ketadi. Ba’zi ota-onalar boladagi bu xastalikni o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigan holatdek qabul qiladi. Lekin ba’zida kasallik shunchaki vaqtinchalik “berkinadi” va qulay fursatni poylaydi”.

Mutaxassis fikricha, bola organizmi bunday hollarda juda tez suvsizlanib qoladi, ko‘p miqdorda suyuqlik yo‘qotish oqibatida modda almashinuv jarayoni va boshqa a’zolar faoliyati ham buziladi. Birinchi galda asab tizimi va oshqozon-ichak trakti ishi zarar ko‘radi. Diareya xavfini nazar-pisand qilmaslikning oqibati yaxshi emas. Dunyo statistikasiga ko‘ra, diareya bilan kechadigan kasalliklardan har yili 5 million bola vafot etadi. Bu kasallik, ayniqsa,  go‘daklar va  3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun juda xavfli. 


“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu borada to‘rtta eng oddiy usulni targ‘ib etadi. Ya’ni, bolaning holsizlanib qolishi, ko‘z atrofi va qovoqlar osilishi va ko‘karishi, qorin sohasidagi teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar diareyaning og‘ir darajasini ko‘rsatadi. Bunday vaziyatda zudlik bilan bolani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yetkazish lozim deydi”, mutaxassis.

Gulnora Xudoyqulovaning aytishicha, agar bolaning axlat rangi pushti bo‘lsa dizenteriya, yashil bo‘lsa organizmda stafilokok yoki salmonellyoz ko‘payayotganini anglatadi.  Kulrang ko‘pikli axlat esa organizmda rotavirus belgisi. Axlatda yog‘ va hazm bo‘lmagan ovqat qoldiqlari bo‘lsa, bolaga iste’mol qilgan qaysidir taomi yoqmaganini bildiradi. Agar axlat o‘ziga xos rang va hidli bo‘lsa disbakteriozdan nishona bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda bolani vrach ko‘rigidan o‘tkazib, kasallikka aniq tashxis qo‘yib, davolash lozim.

Dinara Yusupova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

36

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing