DXA uy olishdagi yana bir mantiqsizlikni qoralab chiqdi

Jamiyat

image

Davlat xizmatlari agentligi Ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni biriktirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiya raislari – hokimlarga murojaat bilan chiqdi. Quyida murojaat matni to‘liqligicha keltirilmoqda.

“So‘nggi yillarda aholining hayot sifatini oshirish, shaharlarda istiqomat qiluvchi turar joylarga muhtoj bo‘lgan oilalar, ayniqsa yoshlarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, 2020 yilga qadar respublika bo‘yicha 1236 ta ko‘p qavatli uylar barpo etilib, 51 350 dan ortiq oila kvartiralar bilan ta’minlanadi.

Bunday kvartiralarga ega bo‘lish har bir oilaning orzusi ekani shubhasiz. Lekin, ushbu turar joylar birinchi navbatda yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotganlar va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar toifalari uchun ustuvor hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslarni aniqlash mezonlari belgilangan.

Unga ko‘ra, o‘z uy-joyining yo‘qligi va ijara (arenda), bepul foydalanish shartlarida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashash, bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash kabilar uy-joyini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar sifatida e’tirof etiladi.

Ular tegishli hokimliklar huzuridagi Ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslarga biriktirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyalarga turar joy sotib oluvchilar toifasiga kirish uchun murojaat qiladilar.

Yuqoridagi Nizomga muvofiq, jismoniy shaxs hududiy komissiyaga ariza, qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar bilan birga, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojligini tasdiqlovchi hujjat - nomida turar joy yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etib kelmoqdalar.

Mazkur ma’lumotnomani olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘tgan davr mobaynida 16 mingdan ortiq fuqaro murojaat qilgan.

E’tiborli jihati, nomida turar joy mavjud-mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etishga mas’ul bo‘lgan vakolatli organ – kadastr bo‘limlari ayni bir vaqtning o‘zida hokimlik huzuridagi komissiyalar tarkibida bo‘la turib, Komissiya tomonidan fuqarolardan ushbu hujjat taqdim etilishining talab qilinishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Komissiyaning ushbu xatti-harakatini “qog‘ozni o‘z cho‘ntagidan chiqarib olish uchun fuqaroni ovora qilish”dek baholash mumkin.

Vaholanki, komissiya tomonidan tegishli hujjatlarni o‘rganish jarayonida fuqarolarning nomida turar joy mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi faktni komissiya a’zosi – kadastr bo‘limlari tomonidan aniqlash imkoniyati mavjud. Buning uchun, Nizomga muvofiq komissiya a’zolariga tegishli hujjatlarni o‘rganish uchun 1 hafta muddat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining asosiy vazifalaridan biri – jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, Davlat xizmatlari agentligi nomida turar-joy mavjud yoki mavjud emasligi va yashab turgan turar joy maydoni to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni bevosita Komissiyaning so‘roviga asosan, kadastr idoralari o‘rtasida idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan olish imkoniyatini yaratish, ushbu hujjatning fuqarolardan taqdim etilishini talab qilishga chek qo‘yish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Ushbu bo‘yicha barcha hududiy komissiya raislari – hokimlar va kadastr organlarini faollikka chorlab qolamiz”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing