Desham Fransiya terma jamoasidan ketdi
Sport
−
09:45 2146 1 daqiqa
Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Deshamning o‘z lavozimidan ketishini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi xabar berdi.
Avvalroq Fransiya terma jamoasi Jahon chempionatining uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsida Angliyaga 4:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.
Jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, Fransiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib Zinedin Zidan tayinlanadi.
57 yoshli Desham 2012 yildan buyon Fransiya terma jamoasini boshqarib kelayotgan edi. Uning qo‘l ostida jamoa 2018 yilgi Jahon chempionati va 2022 yilgi UEFA Millatlar ligasida g‘olib chiqdi. Shuningdek, fransuzlar Yevro–2016 hamda 2022 yilgi Jahon chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
2018 yilgi mundialdagi zafardan so‘ng Desham ham futbolchi, ham bosh murabbiy sifatida Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan tarixdagi uchinchi shaxsga aylandi. Undan avval bunday natijaga faqat braziliyalik Mario Zagallo va germaniyalik Frans Bekkenbauer erishgan.
Desham futbolchilik faoliyati davomida Fransiya terma jamoasi sardori sifatida 1998 yilgi Jahon chempionati va 2000 yilgi Yevropa chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.
Klublar darajasida esa u “Monako”, “Yuventus” va “Marsel” jamoalarida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Desham “Marsel” bilan 2009-2010 yilgi Fransiya chempionatida g‘olib chiqqan.
Live
Barchasi