Deputat: “O‘zbekiston 24” o‘zgarishi shart”

Jamiyat

image

Bir necha kunlardan beri ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston 24” telekanalining saviyasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva telekanal tomoshabini sifatida o‘z mulohazalarini bildirdi.

“O‘zbekiston 24” axborot berish tizimini o‘zgartirishi zarur. Kanalning tezkorlik masalasida oqsayotgani yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Ba’zan ayrim voqea, xabarlar haqida muddati o‘tgandan keyin axborot beriladi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar oqimi tarmoqlarda oqib kelayotgan, jarayonlar kechayotgan bo‘ladi...

Tanqidiy munosabatlarda tilga olinganidek, go‘yoki jahonda, O‘zbekistonda boshqa hayot oqimi kechayotgandek, “O‘zbekiston 24” da esa tinch, osuda boshqa hayot kechayotgandek tasavvur uyg‘otishi ham shundandir balki.

To‘g‘ri, mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayonlarni albatta berish kerak, yutuqlarimizni ko‘rishimiz kerak, odamlarda amaga oshirilayotgan islohotlardan boxabarlik, kelajakka ishonch ruhi paydo bo‘lishi lozim. 

Shu bilan birgalikda, hayotiy materiallar, kamchiliklarimizni ham ko‘rishimiz zarur. Birov qiyshiq oyna olib bizga tutganidan ko‘ra, to‘g‘ri oynani o‘zimiz olib yuzimizni ko‘raylik.

Bu kanal ochilganda juda yaxshi maqsadlar qo‘yilgan, 24 soat davomida vatanimizda kechayotgan jarayonlar, yoniq nuqtalardan xabarlar tinimsiz uzatib turilishi nazarda tutilgan edi. Ammo istemolchilar bugun o‘z kutganlarini to‘liq ololmayaptilar. 

“O‘zbekiston 24” kanali o‘z reytingini baholashi, agar tomoshabinlari boshqalarnikidan kam bo‘lsa, o‘z ustida ishlashi kerak.

“O‘zbekiston 24” davlat siyosatini to‘g‘ri aks ettiruvchi, vatandoshlar hayotidan hikoya qiluvchi rostgo‘y kanal, biz uning kelajagiga, eng kuchli kanallardan biri bo‘lishiga umid qilib qolamiz. Balki kadrlar siyosatini o‘zgartirish kerakdir, balki maqsadlarni boshqacharoq qo‘yish kerakdir. Ammo kanal faoliyatini takomillashtirish vaqti kelganini davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi”, deydi deputat Gulbahor Saidg‘aniyeva.

Eslatib o‘tamiz, “Oriyat Dono” radiokanalida efirga uzatilgan “Futbol plyus” loyihasi ishtirokchilari Bobur Akmalov, Jamoliddin Bobojonov va Xayrulla Xamidov o‘zaro suhbatda “O‘zbekiston 24” telekanali xususida tanqidiy fikr bildirib, kanal tarqatayotgan xabarlar real hayotdan yiroq ekani haqida (“Susambil”da tashkil qilinganmi" deya) mulohaza bildirgan edi. Aynan shu kichik qism internet tarmoqlarida tarqaldi va keng muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov o‘z arizasiga ko‘ra, “Sport” telekanalidan ketdi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston 24” telekanali 2017 yilning 24 iyul kuni o‘z faoliyatini boshlagan. Telekanal ichki va tashqi siyosat yuz berayotgan masalalar bo‘yicha butun mamlakat hududi bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri 24 soat davomida efirga chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston 24 Gulbahor Saidg'anieva

Baholaganlar

422

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing