Deputat bosim va provokatsiyalardan “dod” dedi. U siyosiy faoliyatini tugatmoqchi

Jamiyat

image

Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Nuriddin Zaynitdinov bosimlar ortidan siyosiy faoliyatini to‘xtatish va partiya safidan chiqib ketishga qaror qildi. Bu haqda u kecha, 18 yanvar kuni Telegram’dagi sahifasi orqali xabar bergan. 

“Oxirgi voqealar fonida amaldagi deputatlik faoliyatimni yakunlash va partiya safidan chiqib ketish va boshqa siyosiy jarayonlarda ishtirok etmaslik fikriga keldim. Agar shunday qaror qabul qilsam, tushuningki, yetarli asoslar bor”, deb yozadi Zaynitdinov.

U aynan qaysi voqealar sabab bundan keskin qaror qabul qilganiga aniqlik kiritmagan. Yozganlaridan anglashilishicha, deputatlarga nisbatan bosim mavjud. 

“Prezident talablarini o‘z bilganicha ishlatadigan rahbarlar bor ekan, odam bo‘lishimiz qiyin. Deputat – xalq vakili ekan, bu amalda shunday bo‘lishi kerak qog‘ozda emas”, deydi u.

Zaynitdinov o‘ziga nisbatan bosim bo‘layotganini aytib, buni “xalqqa nisbatan xiyonat” sifatida baholaydi. 

“Siyosiy byurtma” bilan menga qarshi deputatlik faoliyatim uchun provokatsiyalar uyushtirilayotgani va menga bosim o‘tkazilayotgani, meni obro‘sizlantirish, nomimni bulg‘ashga urinishlar menga ishongan va meni saylagan xalqqa nisbatan qilingan xiyonatdir.

O‘sha o‘zini xalq fikridan xam yuqori qo‘yadiganlar, o‘z boshini o‘zi yeydi. Menga qandaydir tarzda bosim o‘tkazib xech narsaga erishmaolishmaydi, kim bo‘lsa ham”, deydi Nuriddin Zaynitdinov. 

Yana u o‘ziga nisbatan bosim va obro‘sizlantirishga urinish, nomini bulg‘ashga bo‘lgan harakatlar aynan Yangi O‘zbekistonda sodir bo‘layotganini alohida urg‘ulagan. 

Ayni vaziyatda Nuriddin Zaynitdinovni birinchilardan bo‘lib partiyadoshi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev qo‘llab-quvvatlab chiqdi. U asosiy e’tiborini mahalliy kengashlar raisi hokimlar ekani va bu mantiqsiz boshqaruv tizimi o‘zgarmay kelayotganiga e’tibor qaratdi.

“Ikkita hokimiyatga bir shaxs rahbarlik qilib kelayotgan (ijroga ham deputatlarga ham boshliq hokim), mantiqsiz boshqaruv sharoitida faol deputatlar bilan bunday ishlar bo‘lishi tabiiy hol. Yaqinda bu haqida alohida to‘xtatilib o‘tgandim.

Umid qilamizki, joylardagi mana shunday mantiqsiz boshqaruv sharoitida boshqa deputatlar jur’atni yig‘ib, hamkasbini qo‘llab-quvvatlashga kuch topa oladilar”, deydi Kusherboyev.

QALAMPIR.UZ deputat Nuriddin Zaynitdinov bilan bog‘lanib, vaziyatga yanada oydinlik kiritishga harakat qilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

696

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing