Denovdagi kuchli portlash sababi aniqlandi
Jamiyat
−
15 dekabr 2021
60429Denov tumanidagi portlash bo‘lgan savdo majmuasi ostidan tumani hokimligi qozonxonasini gaz bilan ta’minlaydigan yerosti o‘rta bosimli gaz quvuri o‘tkazilgani aniqlandi. Bu haqda “Indenim” savdo majmuasida sodir bo‘lgan portlash sabablari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
“Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali direktori M.Mansurov holat bo‘yicha izoh berib, o‘tkazilgan tekshiruvlarda 2013 yilda qurilgan “Indenim” savdo majmuasining ostida Denov tumani hokimligi qozonxonasini gaz bilan ta’minlaydigan yerosti o‘rta bosimli gaz quvuri o‘tkazilgani aniqlanganini ma’lum qilgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi qurilish normalari va qoidalariga ko‘ra, inshootning xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash uchun Savdo majmuasi o‘rta bosimli gaz quvurining xavfsizlik zonasini hisobga olgan holda qurilishi kerak. Shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq, ushbu muhofaza zonasi binoning poydevoridan 4 metr masofani tashkil etishi lozim bo‘lgan.
Qayd etilishicha, "Indenim" savdo majmuasi gaz quvurining aynan o‘zida qurilgani sababli yer ostidagi kommunikatsiyalar sozligini tekshirish uchun kirish yo‘li bo‘lmagan. O‘tkazilgan tekshiruvlarda majmua ostida hosil bo‘lgan daydi toklar metall quvurlarning tashqi korroziyasiga va gaz quvurida nuqsonlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Bu esa o‘z navbatida gaz sizib chiqishiga va gaz-havo aralashmasining portlashiga sabab bo‘lgan.
Hokim viloyatdagi shu tartibda gaz tarmog‘iga ulangan 25 ta noturar ob’ektni gaz tarmog‘idan uzish hamda viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, noqonuniy holatlar aniqlansa, ularni ham gaz tarmog‘idan uzish va havfsiz jihozlarga almashtirish yuzasidan tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari va gaz idoralari rahbarlariga topshiriq bergan.
Ma’lumot o‘rnida, portlash 7 dekabr kuni soat 03:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida sodir bo‘lgan. Portlash natijasida savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan.
Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 04:02 da voqea joyiga yetib borib, chaqnash natijasida sodir bo‘lgan yong‘inni soat 04:25 da o‘chirgan.
Hodisa joyiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi safarbar etilgan.
Hukumat komissiyasi tarkibiga IIV, FVV, Milliy Gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.
Voqeada 9 kishi jarohatlandi. Vayronalar ostidan ikki kishining jasadi topilgan.
Savdo majmuasida yuzaga kelgan portlash bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘tgan hafta Denovda bo‘lgan portlashga e’tibor qaratib, bu voqeadan hamma ko‘zini ochishi kerakligini ta’kidladi.
“Denovdagi bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerak.
Har bir hokim, prokuror, ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar va qurilish, sanoat xavfsizligi boshqarmalari rahbarlari o‘z hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amalga qilish, pala-partish qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yerosti tarmoqlar hisobini yuritish ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi shart”, degan davlat rahbari.
LiveBarchasi