Debatlar mustaqil qaror qabul qilishga yordam beradi
Biznes
−
22 Oktabr 2021
3574Joriy yilning 19 oktyabr kuni 5 ta siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarning vakillari o‘rtasida teledebat o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, prezidentlikka nomzodlarnning vakillari o‘rtasidagi teledebat O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlarida birinchi marotaba qo‘llanilgan yangicha tashviqot bo‘ldi.
Prezidentlikka nomzodlar vakillari debatining boshqa saylovoldi tashviqoti turlariga nisbatan quyidagi ijobiy jihatlarini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Birinchidan, teledebatlar orqali respublikadagi barcha saylovchilarni qamrab olish imkoni mavjud. Saylovchilar gazeta yoki Internet saytlari orqali nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqish imkoniga egalar. Biroq, barcha saylovchilar ham kundalik hayotda bosma yoki Internet nashrlarini kuzatib bormasliklari mumkin. Teledebatlarning ayni bir vaqtda bir qancha teleradiokanallarda berilgani ko‘plab fuqarolarimiz uchun saylovoldi dasturining mazmun-mohiyati bilan tanishish imkoniyatini yaratib berdi.
Ikkinchidan, odatda teledebatlardan boshqa shakldagi saylovoldi tashviqotlarida nomzodlarning saylovoldi dasturlari turli vaqtda har xil ko‘rsatuv va nashrlarda tarqoq holda tanishtirib borilar edi. Teledebatda esa barcha nomzodlarning vakillari bir joyga to‘plandi. Xalqni bir vaqtda prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishtirdi.
Uchinchidan, teledebat uch qismdan iborat tarzda tashkil etildi. Birinchi qism nomzodlar vakillari prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida ko‘rsatilgan mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga o‘zgarishlar olib keladigan tashabbuslarning mazmun-mohiyatini yoritib berishga qaratilgan chiqishlarga, ikkinchi qism fuqarolarni o‘ylantirayotgan savollarga javob berishga, uchinchi qism nomzodlarning vakillari tomonidan saylovchilarga murojaat qilishga bag‘ishlandi. Shuni ta’kidlash joizki, teledebat tomoshabinlari bo‘lgan saylovchilar ajratilgan vaqt davomida yuqoridagi qismlarni kuzatish, nomzodlarning saylovoldi dasturlarini solishtirish va buning asnosida ularga xolis baho berish imkoniga ega bo‘ldilar.
To‘rtinchidan, inson psixologiyasiga e’tibor berilsa, insonlar ma’lumotni eslab qolishlari uchun turli usullarni qo‘llaydi. Ba’zilar ma’lumotni o‘qib eslab qolsalar, boshqalar ularni tingab yoki hodisalarni kuzatib eslab qoladi. Amalda ko‘p odamlar biron narsani tinglasalar yoki kuzatsalar yaxshiroq eslab qolar ekan. Teledebatda nomzodlarning vakillari jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotini o‘zgartirishga olib keladigan eng muhim tashabbuslarini ommaga so‘zlab berdilar. Bu ma’lumotlar saylov uchastkalarida osib qo‘yilsa-da, saylovchilar saylov kuni ovoz berishdan avval ularning barchasini o‘qib chiqmasliklari mumkin. Teledebatni ko‘rgan ko‘plab saylovchilar esa prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlarini tinglash orqali tushunib olish va eslab qolish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning dasturida mamlakatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ekologik muammolarni hal etishga xizmat qiladigan “yashil iqtisodiyotni” barpo etish, O‘zbekiston xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning dasturida esa ehtiyojmand shaxslarga nisbatan ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Bunday tashabbuslarni boshqa partiyalarning nomzodlari saylovoldi dasturlarida, xususan, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturida ham kuzatish mumkin. Bunda aholining qiynayotgan muammolarni hal etishga oqilona yondashilgan. Nomzodning vakili tomonidan mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, aholiga jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni oshirib borish, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan bog‘liq barcha savollarga asoslantirilgan javoblar berildi.
Saylovoldi tashviqotining asosiy maqsadi saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashdir. O‘tkazilgan teledebat nafaqat prezidentlikka qo‘yilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari, balki shu bilan birga ularni nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning faoliyat yo‘nalishi bilan bog‘liq chiqish bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi. Sababi, siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari siyosiy partiyalarning umumiy dasturidan kelib chiqadi.
Qayd etish joizki, teledebat mamlakatimiz siyosiy hayotiga yangicha ruh olib kirdi. Siyosiy jihatdan erkin fikrlash, o‘zining pozitsiyasini himoya qilishga qaratilgan vositaga aylandi. Siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom siyosiy raqobat maydoni hosil bo‘lishiga zamin yaratdi. Bu, ayniqsa, teledebatning savol-javob qismida yaqqol namoyon bo‘ldi. Prezidentlikka nomzodlarning vakillari xalqni o‘ylantirayotgan masalalar bilan bog‘liq savollarga javob berdilar. Masalan, narx-navolarning barqaror holatda bo‘lishini ta’minlash, davlatning tashqi qarz olishi, mehnat migratsiyasi masalalalari singari jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi bir qancha savollar bo‘yicha fikr almashildi.
Savol-javoblar qismining yana bir ahamiyati shundaki, unda nomzodlarning vakillari saylovoldi dasturlarga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirish imkoniga ega bo‘ldi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Prezident saylovlaridagi teledebat saylovchilarga barcha nomzodlarning saylovoldi dasturlarida ijtimoiy va iqtisodiy hayotda muhim o‘zgarishlarga olib keladigan tashabbuslarning mazmuni bilan tanishish, ularga xolis baho berish imkonini yaratdi. Teledebat orqali saylovchilar ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning eng muhim muammolari bilan bog‘liq savollarga javob oldilar. Teledebat fuqarolarga kelajak taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan siyosiy jarayon ‒ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish uchun nomzodlar orasidan munosib deb bilgan nomzodni tanlab olish yuzasidan mustaqil qaror qabul qilishga yordam beradi.
Yuridik fanlar nomzodi, professor Shahzod Saydullayev
LiveBarchasi