Korrupsiyalashgan O‘zbekiston, Falastinni qo‘llagan Mirziyoyev, Baydendan “to‘ygan dunyo” – Hafta tahlili
Tahlil
−
09 noyabr
7174O‘zbekistonda, qo‘yingki, poytaxt Toshkentda jamoat joylari, do‘konlar, bog‘lar, bozorlar, savdo majmualari, ko‘chalarda hojatxonalarni topa olasizmi? Pulli bo‘lsa ham, hatto, qo‘l yuvishga sovun tugul suv bo‘lmasa ham, boring ana, eshigi bo‘lmasa ham birlamchi ehtiyoj uchun hojatxonalarni tez-tez uchratasizmi? Men juda kam uchrataman va bu masalani bir necha bor ko‘targanman ham. Metroda anchadan beri yurmaganim uchun unda hojatxona yo‘qligini bilmas ekanman. Shu hafta bir odamning Toshkent metrosining Paxtakor bekatida bamaylixotir hojatini chiqarib, so‘ng poyezdga chiqishga urinayotgani aks etgan videosi tarqaldi. Bu ishni qilgan kishi mast-alastmi, bilmadim, har holda hojatxonasi yo‘q metro rahbariyatidan hojatxona talab qilib o‘tirmadi. Yo‘qmi, yo‘q deya hojatini bekatning o‘ziga chiqardi. Keyin nima bo‘ldi, deysizmi? Dasturni oxirigacha tomosha qilsangiz, keyinini oxirida gaplashamiz.
Pora bilan qo‘lga tushgan hokim o‘rinbosarlari
Tugayotgan hafta pora bilan qo‘lga tushgan hokim o‘rinbosarlari, ularning yordamchilari va boshqa mansabdorlar haftasi bo‘ldi. Va ular orasida 1 million dollar olayotganida ushlangan va o‘sha pullarga qo‘lini bigiz qilib suratga tushib bergan Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari hali ko‘p eslanadi.
Eshitmagan bo‘lsangiz aytib ketay, tugayotgan haftada Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln AQSH dollari talab qilib, oldindan 1 mln AQSH dollarini o‘zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlandi.
Xo‘sh, hokim o‘rinbosarining taqdiri nima bo‘ldi deysizmi? Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Haydovchiga nima bo‘lgani esa noma’lum.
Bu shu hafta ro‘y bergan yagona holat emas.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan ob’ektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, tugayotgan haftada Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hokimi yordamchisi va Andijon viloyatining Shahrixon tumani hokimi yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi.
Sirdaryo viloyatida esa o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan Xovos tumani hokimining o‘rinbosari Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Toshkent viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tezkor tadbirda Majburiy ijro byurosining Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisi fuqarodan 5 ming AQSH dollari talab qilib, dastlab 2 ming AQSH dollari olgan va qolgan 3 ming AQSH dollarini olayotganida Zangiota tumani soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxonaning faoliyatiga rahnamolik qilish va 1 yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 1200 AQSH dollari olgan vaqtida, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi tadbirkordan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman bo‘limi boshlig‘i o‘zining xizmat xonasida 7 mln 300 ming so‘m, Nukus shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limining mansabdor xodimi 4 mln so‘m, Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati boshqarmasining shahar bo‘limi boshlig‘i 10 mln so‘m, Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Asaka tuman bo‘limi bosh inspektori 20 ming AQSH dollari, Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi Urganch shahar bo‘limining bosh mutaxassisi 20 mln so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: O‘zbekistonda odatda katta-katta poralar bilan mayda baliqlar ushlanadi. Hor holda Chirchiq hokimi o‘rinbosari 1 mln AQSH dollarini bir o‘zining jig‘ildoniga urmas, insof qilib uni boshqalar bilan ham bo‘lishishni maqsad qilgandir, balki. Boshqa tomondan esa ko‘pincha pora yoki boshqa turli ayblovlar bilan lavozimidan ozod etilgan, panjara ortiga tashlangan amaldorlarning keyingi taqdiri, ularga qanday jazo berilgani oshkor qilinmaydi, sud majlislari haqida miq etilmaydi. Xo‘sh, natija nima bo‘lyapti? Buni so‘raydiganlar talay, ammo javob beradigan odam yo‘q. Odamlar esa katta-katta pora olayotganlarga go‘yo jin urmayotganiga o‘rganib qoldi. Xo‘sh, siz O‘zbekistonda asosan qaysi jabhalarda korrupsiyaga duch kelyapsiz? Korrupsiyaga qarshi qanday kurashish kerak?
Shoir Mansur Jumayev vafot etdi
Universitetda o‘qib yurgan kezlarimizda ustozlarimiz bir savolni berishardi: jurnalistikaga sodiqlik, kasbiy mahorat yoki vijdon yuki. Ochig‘i, jurnalistlar axborot qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda shay. Haqiqat nima bo‘lsa, axborot o‘sha. Biz shu tamoyillarga amal qilamiz. Biroq bu hafta kasbimiz va vijdon yuki o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘ldik. Hozirgi xabarimizni diqqat bilan eshitsangiz, buning sababini tushunib olasiz.
Gap shundaki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy targ‘ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig‘i, iste’dodli shoir Mansur Jumayev 33 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Marhumning vafotidan ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti junbishga keldi.
Marhum 1991 yil 17 fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoirning “Oq orzularim”, “Hayrat qo‘shiqlari”, “Biz kutgan fasl”, “Hazrati ishq” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. She’rlari bir qator tillarga tarjima qilingan.
QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, shoir 5 noyabr kuni taxminan soat 07:30 larda yashash xonadonida o‘zini osib, vafot etgan. Ushbu holatni aniqlagan turmush o‘rtog‘i tez tibbiy yordamga murojaat qilgan.
Holatga nisbatan birlamchi tashxisga ko‘ra, u “bo‘yin sohasida strangulyatsion chizig‘i mavjud bo‘lib, yurak qon-tomir nafas yetishmovchiligi” oqibatida vafot etgan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Afsus bilan aytamizki, o‘zbek mediasida shoirning o‘limi sabablariga faqat QALAMPIR.UZ to‘xtaldi. Bu qahramonlik emas, aksincha, axborotlarni yashirmay, oshirmay, boricha o‘quvchilarga yetkazish. Marhumning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda ham shunday yo‘l tutardik, tutganmiz. Biz yana bir bor marhumning yaqinlari, oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz.
Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammiti qanday o‘tdi?
Kun kelib qo‘limda Turkiy davlatlarning umumiy pul birligi yoki ularning mushtarak maqsadlarini ifoda etuvchi sovg‘a tanga bo‘lsa, ajabmas. Har holda bunday tanganing ilk nusxasi Qirg‘izistonda davlat rahbarlariga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan sovg‘a qilindi. Turkiya Respublikasida ishlab chiqarilgan tanganing bir tomonida tashkilotning yangi logotipi, ikkinchi tomonida esa tashkilotga a’zo davlatlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, kuzatuvchi davlatlar Vengriya, Turkmaniston va tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bayroqlari tushirilgan. Uning yuqori qismiga esa jadidchilik asoschilaridan biri Ismoil-Mirza G‘aspiralining “Tilda, fikrda, amalda birlik” so‘zlari yozilgan. Ushbu tanga Turkiy davlatlar tashkilotining 6 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tgan 11-sammitining umumiy mazmun mohiyatini o‘zida ifoda etadi.
Sammitda a’zo davlatlar Prezidentlari Ilhom Aliyev, Qosim-Jomart To‘qayev, raislik etuvchi Sadir Japarov, Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham Bishkekka keldi va unga Turkiy dunyo oliy ordeni topshirildi. Shuningdek, sammitda ilk bor Prezidentlar o‘tirgan stol atrofidan Turkiyadan boshqa hech bir davlat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar ham o‘rin oldi. Turkiy dunyoning birlashuvida eng passiv rol o‘ynayotgan Turkmaniston esa shunday nufuzli tadbirga bor-yo‘g‘i Qirg‘izistondagi elchisi Nuri Golliyevni yubordi. Bu Ashxobodning tashkilotdagi kuzatuvchilik maqomidan kelib chiqilsa, uning faoliyatiga o‘ta past nazar bilan qarashini anglatadi. Holbuki, bugungacha tashkilot tadbirlarida Prezident Serdar Berdimuhamedov bo‘lmasa-da, juda bo‘lmaganda uning otasi – Turkmanistondan Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etganiga bir necha bor guvoh bo‘lganmiz. Hatto, 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tgan sammitda Berdimuhamedov Turkiy dunyo oliy ordeni bilan ham mukofotlangandi.
Sammitda so‘z olgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, eng avvalo, dunyodagi global vaziyatga e’tibor qaratib, Isroilning G‘azo sektoridagi qirg‘inini qoraladi.
“Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlarimizdan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus oldi. Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.
Albatta, bularning salbiy ta’siri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarimizga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda, desam, bu – ayni haqiqatdir.
Tashkilotimiz doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiqdir.
Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.
Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir.
Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilamiz”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Shuningdek, uning fikricha, Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari, albatta, ko‘rib chiqilishi lozim.
Shu o‘rinda alohida qayd etish kerakki, Turkiy davlatlar tashkiloti hali oddiy odamlar hayotida, ularning turmush tarzida, qo‘yingki, turkiy davlatlarga safarlari chog‘ida o‘z ifodasini topmayapti. Odamlar bu tashkilotning bor-yo‘g‘ini bilmaydi, uning foydasini ko‘rmaydi. Turkiy dunyoning birlashuvi deb ko‘kragiga urayotgan Turkiyaning o‘ziga borib qolgan o‘zbek, qozoq, qirg‘izning qadri Yevropaning qay bir o‘lkasidan kelib qolgan ajnabiynikidan past bo‘lsa bordir, yuqori emas.
Prezident Mirziyoyev esa o‘z nutqida iqtisodiy masalaga urg‘u berib, loaqal savdo aylanmasini oshirish kerakligiga e’tibor qaratdi.
“Tashkilotimiz doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish bo‘yicha niyatimiz qat’iydir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarimizning tashqi tovar aylanmasida o‘zaro savdomiz ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importimizning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada vaziyatni keskin o‘zgartirish vaqti keldi.
Eng avvalo, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim.
Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini o‘tkazish ayni muddao bo‘lar edi”, deydi Mirziyoyev.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham, eng avvalo, e’tiborini G‘azodagi vaziyatga qaratdi. Uning fikricha, BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilning genotsidiga tomoshabin bo‘lib, qo‘l qovushtirib o‘tiribdi.
“Xalqaro hamjamiyat bosib olingan Falastin hududlarida, xususan, G‘azoda sodir bo‘layotgan genotsidni to‘xtatish borasida yomon sinovdan o‘tmoqda. Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashga mas’ul bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi hatto stol atrofiga yig‘ilib qaror qabul qila olmaydi. Aniqrog‘i, buni qilishni istamayapti. Netanyaxu hukumatining irqchi mentaliteti G‘azodagi vahshiyliklar soyasida G‘arbiy Sohildagi falastinliklarni siqib chiqarish va birinchi qiblamiz bo‘lmish Al-Aqso masjidining maqomini o‘zgartirish niyatida”, deydi Erdo‘g‘an.
Biroz avval Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar ham kelgani va birinchi marta davlat rahbarlari o‘tirgan stol atrofidan joy olganini aytgan edim. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi 2022 yil noyabr oyida O‘zbekistonda o‘tgan sammitda ushbu tashkilotga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilgan bo‘lsa-da, hanuz hech kim bu haqda miq etmaydi. 2023 yilda Qozog‘istonda o‘tgan sammitda ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti qatnashmadi, Erdo‘g‘an kelgusi sammitda uni ko‘rishga umid bildirib, boshqalarni ham bunga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Ostona sammiti deklaratsiyasiga ko‘ra, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgani ma’lum bo‘ldi va 2023 yilning noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun Ersin Tatar O‘zbekistonga keldi. Biroq tadbirda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bayroqlari boshqa mamlakatlar qatoriga qo‘yilmadi, Ersin Tatar esa boshqalardan orqa qatordan joy oldi.
Shu ma’noda Toshkent Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmay turib, ikki marta unga bag‘rini ochgani bilan tarixda qolmoqda. Birinchisi, 2022 yildagi TDTning Samarqand sammitida uning kuzatuvchilikka qabul qilinishi bo‘lsa, ikkinchisi, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomida qatnashishi.
Erdo‘g‘an esa Bishkekda yana Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastakladi.
“Kipr masalasida oroldagi faktlarga asoslanib, adolatli va doimiy yechim topishda Turkiy dunyoga ham muhim mas’uliyat yuklangan. Kipr turkiylarining haqli da’vosini qanchalik ko‘p anglab, ular bilan birdamlik ko‘rsatsak, o‘z birligimiz va birdamligimizni shunchalik mustahkamlaymiz. Tashkilotimizning bugungi sammitida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining faxriy mehmon va kuzatuvchi a’zo sifatida ishtirok etishi Turk dunyosi sifatida Kipr Turklari bilan birdamlik irodamizning ifodasidir. Umid qilamizki, ular tez orada to‘liq a’zolar sifatida oramizda o‘z o‘rnini egallaydi”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini kuzatuvchilar qatoriga qo‘shish taklifiga hech bir mamlakat qarshi bormagandi. Endi uni to‘laqonli a’zolar orasida ko‘rish orzusiga ham miq etilmadi. Boshqa tomondan esa a’zo davlatlar bu mamlakatni tan olmaslikda davom etmoqda. Hatto, Prezidentlar matbuot xizmatlari tomonidan sammit haqida e’lon qilingan rasmiy xabarlarda ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomi tilga olinmagan.
Erdo‘g‘an so‘zida davom etib, tez orada o‘zining uchinchi yilini to‘ldirayotgan Rossiya-Ukraina mojarosiga ham yechim topilishiga umid bildirdi va gapni alifbo masalasiga taqadi. Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida Xalqaro turkiy akademiya va Turk lingvistik jamiyati tomonidan tashkil etilgan umumiy turk alifbosi bo‘yicha komissiyaning uchinchi sessiyasida 34 harfdan iborat umumiy turkiy alifboni yaratishga kelishib olindi. Erdo‘g‘an ushbu kelishuvni eslatib, Turkiya, Ozarbayjon, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi yagona alifboga o‘tishga tayyorligini, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan javob kutilayotganini bildirdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda umumiy turkiy alifbosiz ham alifbo bilan bog‘liq muammolar yetarlicha. Mamlakatda hamon hujjatlarni rus tilida yuritish, kirill alifbosidan foydalanish avjida. Hatto, ko‘plab nashrlar kirill alifbosida chop etiladi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi esa paysalga solib kelinmoqda. “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi esa loyihaligicha qolib ketdi. Unda 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosi joriy etilishi belgilangandi. O‘tgan yilning dekabr oyida Toshkentda o‘tgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada nutq qilgan O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham mamlakatda amalda bo‘lgan lotin alifbosi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish masalasida so‘z ochdi.
Garchi Mirziyoyeva bu xatolarni tuzatish kerakligini aytgan bo‘lsa-da, hali jiddiy qadam tashlangani yo‘q. Shu ma’noda o‘zining tugal alifbosi masalasida bir to‘xtamga kelib olmagan O‘zbekiston Erdo‘g‘anning taklifiga labbay deyishi dargumon. Biroq sammit yakunida qabul qilingan xartiyada O‘zbekiston ham umumiy alifboni qabul qilishiga ishora berilgan.
Xo‘sh, sammit yakuni bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan Turkiy dunyo xartiyasi ma’qullandi. Unga ko‘ra, barcha turkiy davlatlar har qanday baxtli va qayg‘uli damlarda hamjihatlik va birdamlik ruhida birga ekanliklarini e’tirof etadilar. Turkiy xalqlar ularning hamjihatligi, birdamligi va qadr-qimmatiga putur yetkazishga qaratilgan har qanday harakatlarning va tahdidlarning oldini olish uchun birgalikda harakat qiladilar.
Alifbo masalasiga keladigan bo‘lsak, xartiyada “Turkiy davlatlar umumiy alifbo o‘zaro tushunish va odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishning samarali vositasi ekanligini e’tirof etadilar. Tarixan turkiy xalqlarning umumiy yozuvdan foydalanganligiga Orxun-Enasoy yozuvlari va boshqa manbalar guvohlik beradi”, deb qayd etilgan.
Endi ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savolga kelsak. Turkiy dunyoni birlashtirayotgan tashkilot harbiy tuzilmaga aylanadimi? Erdo‘g‘anning a’zo va kuzatuvchi davlatlarga taqdim etgan “Bayraktar” dronlari ortidan boshqa harbiy imkoniyatlarni ham yetaklab keladimi? Nega bu savollar kun tartibiga chiqyapti? Chunki sammit yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlar orasida TDT uchun Fuqaro muhofazasi mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuv ham bor. Bu savollarga Erdo‘g‘anning o‘zi javob berdi.
“Hozirgi bosqichda bu haqda gapirishga juda erta. Hozirda bunday rejalar yo‘q. Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari orasida kelajakda qo‘shma qurolli kuchlarni yaratish bo‘yicha hech qanday tashabbus yoki sa’y-harakatlar yo‘q. Fuqaro muhofazasi mexanizmi to‘g‘risidagi bitim mintaqamizda xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu muvofiqlashtirishni va mamlakatlarimizning tabiiy ofatlar hamda favqulodda vaziyatlarga javob qaytarishini kuchaytiradi. Ushbu kelishuvning asosiy maqsadi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashda Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolari o‘rtasida birdamlikni mustahkamlashdan iborat”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.
Tramp saylovda yutdi
Ortiqcha ta’rif-u tasnifga hojat yo‘q. Tramp AQSH prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovda yutdi va mamlakatning 47-prezidenti o‘laroq yana Oq uyga qaytyapti. Shu oy 81 yoshni qarshilaydigan Prezident Bayden esa Ukrainadagi urushga sababchi, G‘azodagi qirg‘inning ishtirokchisi va uni muzqaymoq yegancha kuzatgan Prezident sifatida 20 yanvar kuni Oq uyni tinch yo‘l bilan Trampga topshirish taraddudiga tushdi.
Tramp demokratlar nomzodi bo‘lgan va 4 yil davomida mashhurlikda rahbari Baydendan qolishmagan vitse-prezident Kamola Harris ustidan 51,2 foiz ovoz bilan g‘alaba qildi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning ta’biri bilan aytganda, Trampning dushmanlari unga qamoq bilan tahdid qildi, mol-mulkini tortib oldi, ikki marta joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi, Amerikadagi barcha ommaviy axborot vositalarini unga qarshi qo‘yishdi, lekin baribir Tramp g‘alaba qozondi.
Orban nazarda tutgan narsalar AQSHning bo‘lajak 47-prezidenti o‘z nomzodini ilgari surgan paytlardagi sarguzashtlardan boshlangandi. Dastlab u 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanib qamaldi va garov puli evaziga bu jazodan qutuldi. Yozda esa noma’lum kimsa saylovoldi nutqida o‘q bilan uning qulog‘ini nishonga oldi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Trampni g‘alabasi bilan tabriklar ekan, suiqasd paytidagi uning xatti-harakatidan hayratda qolganini va bu shunchaki qo‘l ko‘tarish va o‘z g‘oyalari uchun kurashishga chaqirish emasligini ta’kidladi.
Trampning o‘zi esa saylovdan keyin mahalliy OAVga bergan intervyularidan birida 70 dan ortiq davlatlar yetakchilaridan tabrik qabul qilib olganini va ular bilan muloqot qilganini bildirdi. Ular orasida qator Yevropa, Osiyo davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston rahbari ham bor edi.
O‘zbekiston Prezidenti Trampni tabriklar ekan, uzoq muddatli va keng qamrovli munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida uni O‘zbekistonga taklif qildi.
Boshqa mamlakatlar, xususan, Turkiya ham Trampning prezidentlik lavozimidan nimalar kutayotganini yashirmadi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Tramp bilan Yaqin Sharq masalasida ijobiy muzokaralar olib borish niyatida ekanini bildirdi va yo‘llagan tabrigida Trampni yaqin do‘st deb atadi.
Shuningdek, “Tolibon” ham Trampning Afg‘onistonda “yangi bob” ochishiga umid qilayotganini ma’lum qildi. Ayrim siyosatchilar esa hatto bo‘lajak Oq uy rahbarining toliblarni tan olishi mumkinligini aytmoqda.
Butun dunyo Donald Trampning 2-prezidentlik muddatidan kutayotgan asosiy masalalardan biri bu – “to‘zg‘ib ketgan” dunyoning tinchlanishi bo‘lmoqda. Bunda asosiy muammo Yaqin Sharq – Isroilning Falastin va Livanda olib borayotgan qirg‘inbarot urushi hamda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bo‘lib turibdi. Ayrim manbalar Tramp saylovdan oldin bergan va’dalariga muvofiq ushbu masalani qanday hal qilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Unga ko‘ra, bo‘lajak prezident Ukrainaga urushni muzlatishni, yo‘qotilgan yerlardan kechishni va 20 yilgacha NATOga a’zo bo‘lmaslikni taklif qilishi mumkin.
Albatta, Tramp saylovdan oldin hal qilishni va’da bergan bu masalalarda muvaffaqiyatga erisha oladimi yoki ayrim mamlakatlardagi kabi va’dalar saylovoldi plakatlarida esdalik bo‘lib qoladimi, vaqt ko‘rsatadi.
Boshqa tomondan Tramp prezidentligining navbatdagi davri muhojirlar, xususan o‘zbekistonlik muhojirlar uchun og‘ir kelishi mumkin. Yangi davlat rahbarining saylovoldi va’dalaridan tilga tushgani mamlakatdagi noqonuniy muhojirlarni quvib chiqarish edi. O‘zbekistonliklar esa grin-karta va noqonuniy yo‘llar bilan okean ortiga kirishda yetakchilik qilib kelmoqda. Boshqa tomondan AQSHdagi saylovni O‘zbekistondagi saylovlardan ham sinchkovlik bilan kuzatgan aksar o‘zbekistonliklar maqsad va rejalaridan qat’i nazar Tramp tomon yon bosdi.
Ha aytgancha, noodatiy chiqishlari bilan har zamon tilga tushib turadigan Belarusni 30 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko agar Tramp Oq uyga qaytgach, urushlarni to‘xtatsa, uning nomzodini Nobel mukofotiga ko‘rsatishini aytdi.
Xullas, Trampning saylanishi ortidan hamma nimadirga ega bo‘lib qolish ilinjida. Hammaning unga yo‘llagan tabrigi ortidan Amerikadan kutayotgan u yoki bu maqsadi yo Bayden prezidentligi davridan nolishlari yashiringandek. Haligi gap bor-ku, biz bu odam davrida ezildik...
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘ladi
Tugayotgan haftada O‘zbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov LinkedIn’da ma’lum qilishicha, 14 oylik faol muzokaralar o‘z mantiqiy manziliga yetgan.
“Bu oson bo‘lmagan yo‘l, murakkab, ammo mazmunli muzokaralar, umr bo‘yi esda qoladigan tajriba bo‘ldi. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining ushbu tashkilotga qo‘shilish borasidagi ko‘rsatmalari va qo‘llab-quvvatlashlari, Prezidentimiz yordamchilarining islohotlarni faollashtirishdagi sa’y-harakatlari, bir butun JST jamoasining tinimsiz mehnati natijasidir”, deb yozdi O‘runov.
Uning qayd etishicha, hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu orqali AQSH O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘ladi.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston 30 yildan buyon Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun harakat qilayotgan davlat sifatida dunyoda rekord qozonmoqda. Birinchi Prezident Islom Karimov davrida tashlangan ilk qadamlar 2016 yilgacha bo‘lgan davrda bir necha bor falaj holatga kelib qolgan. Prezident Mirziyoyev davrida esa O‘zbekiston yana JST tomon harakatni boshladi va hammasi ko‘ngildagidek ketsa, mamlakat 2026 yilda yilda ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish istagida.
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha istaklariga Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva boshchilik qilayotgani ko‘zga tashlanadi. Mirziyoyeva shu yilning o‘zida ikki marta JST Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashib, muloqot qilgan.
28 yoshli ayol antibiotik ukoldan vafot etdi
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasi bilan bog‘liq muammolar o‘zgarmay, tizimliligicha qolmoqda. Malakasiz shifokorlar, noto‘g‘ri qo‘yilgan tashxis va davolash choralari sabab o‘nlab odamlar hayotdan ko‘z yummoqda. Ular orasida bolalar borligi esa yanada achinarli. Afsuski, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi Dok-1 Maks voqeasidan xulosa chiqarmadi, ko‘zi ochilmadi. Bu hafta yana bir ayol shifokorlar qo‘lida jon berdi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi klinikalarning birida 28 yoshli ayol qilingan antibiotik ukoldan so‘ng vafot etdi.
Joriy yilning 6 noyabr kuni soat 11:00 atrofida Shahrisabz tumani “Xontepa” MFYda yashagan, 1996 yilda tug‘ilgan ayol xususiy poliklinikaga tomog‘ining shishib ketgani (angina) bo‘yicha murojaat qilgan.
Xususiy klinikaning lor shifokori tomonidan ayolning tomog‘i shishib, yiringlagani sababli uning tomoq qismidan “Seftriakson” va “Deksametazon” dori vositalari aralashmasidan in’eksiya yuborilganida bemorning tili tortilib ketgan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay, bemorning sog‘lig‘i yomonlashib, hodisa joyida vafot etgan.
Voqea sodir bo‘lgan joyga Shahrisabz shahar prokuraturasi tergovchisi rahbarligida tergov tezkor guruhi chiqib, hodisa joyi ko‘zdan kechirilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Taxtaqoracha” dovonida katta xarsangtosh Cobalt'ni bosib qoldi
Shu hafta baxtsiz hodisa sabab 3 kishi hayotdan ko‘z yumdi va ularning ikki nafari xorij fuqarosi. Gap shundaki, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidan o‘tuvchi “Taxtaqoracha” dovonida katta xarsangtosh Cobalt rusumli avtomobil ustiga yumalab, uni bosib qoldi.
Hodisa oqibatida avtomobil tiklab bo‘lmas holga kelib qolgan, uning ichida bo‘lgan 3 kishi voqea joyida vafot etgan.
Dovon hodisa sabab bir muddat avtomobillar harakati uchun yopilib, so‘ng qayta ochildi. Huquq-tartibot organlari qurbonlarning shaxsiga aniqlik kiritmagan.
Traktor “pritsep”i ag‘darilib ketishi oqibatida o‘smir halok bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Pop tumanida 9-sinf o‘quvchisining paxta ortilgan traktor aravasidan yiqilib, boshidan og‘ir jarohat olgani va halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda o‘sha kuni fermerning uyida to‘y bo‘layotgani, hokimlikdan kelib “paxta” deb shoshiltirgach, ota o‘z o‘rniga o‘g‘lini paxta topshirishga yuborgani yozilgan. Ushbu mahalliy fermerning o‘g‘li yo‘lda uch nafar o‘smirni o‘zi bilan olib, paxta yuklangan “pritsep” ichida yo‘lga chiqqan. Yo‘lda “pritsep” ag‘darilib ketishi oqibatida bolalardan biri halok bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Bolalar ombudsmani bilan bog‘landi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 3 noyabr kuni sodir bo‘lgan. 2003 yilda tug‘ilgan yigit traktor va unga ulangan tirkamani zovur bo‘yidan o‘tuvchi ichki yo‘lda boshqarib ketayotganda, traktorga ulangan bog‘lovchi tortqich uzilib ketishi oqibatida tirkama zovurga qulagan. Oqibatda 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan o‘g‘il bola jarohat olib, vafot etgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dasturni metro voqeasidan boshlagandim. Shu hafta o‘zining shonli 47 yilligini nishonlagan Toshkent metropoliteni metro bekatining o‘zida hojatini chiqargan erkakning videosiga munosabat bildirib, holat joriy yilning sentyabr oyida sodir bo‘lgani, shundan keyin bekatlarda hojatxonalar qurilishi bo‘yicha ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Ko‘ramiz, natija qanday bo‘larkan.
LiveBarchasi