AQSH va Rossiyada o‘ldirilgan o‘zbek va tojik bolalari, obro‘ to‘kilishidan qo‘rqayotgan O‘zbekiston, taqiqlangan grin-kart, Prezident atrofidan “uchirilgan” Sultonov va qo‘qonlik tabib – Hafta tahlili

Tahlil

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida bobo va ikki nabirasi, Andijonda 52 yashar erkak, Navoiyning Karmanasida 30 yashar erkak 4 yashar o‘g‘li bilan is gazidan vafot etdi. Bu tugayotgan haftada sodir bo‘lgan holatlar va faqatgina jamoatchilikka, ommaviy axborot vositalariga ayon bo‘lganlari, xolos. Yashirilgan, aytilmagan, yopdi-yopdi qilinganlari qancha deysiz. Har bahorda shu bo‘lar takror, deganlaridek, O‘zbekistonda qish boshlandi deguncha odamlarning eshigi azaga ochilishi odatga aylanib qolgandek. 

AQSHda o‘zbek talabasi otishma qurboni bo‘ldi

Joriy yilning 13 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rod-Aylend shtati Providens shahrida joylashgan Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada ikki talaba halok bo‘ldi, yetti kishi esa jarohat oldi. Vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi, 2007 yilda tug‘ilgan Muhammadaziz Umurzoqov ham bor. Marhumning oila a’zolari AQSHda istiqomat qilib kelgan, lekin begona o‘q Muhammadazizga kelib tekkan kuni uning ota-onasi Umra ziyoratini amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoniga yetib borgan bo‘lgan. 

Ushbu fojia ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston AQSHdagi vakolatxonalari vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQSHning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib borayotgani ma’lum qilindi.

Otishmadan keyingi tongda, Providens politsiyasidan olingan ma’lumotlarga asosan, FQB Rod-Aylenddagi bir mehmonxonani tintuv qildi va bir kishini qo‘lga oldi. Shuningdek, boshqa shtatdagi bir uyda ham tintuv o‘tkazildi. FQB bu reydlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi, ushlab turilgan shaxs esa shu kuniyoq qo‘yib yuborildi. Rod-Aylend bosh prokurori Piter Neronha “uni ish bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs deb hisoblash uchun hech qanday asos yo‘q”ligini aytdi. Jinoyat joyidan olingan dalillar ushlab turilgan shaxs qo‘lida bo‘lgan qurolga to‘g‘ri kelmadi.

15 dekabr kuni Providens politsiyasi gumonlanuvchining suratlari va yana uchta videoni e’lon qildi. Videolardan birida u qora shapka, niqob, yashil kurtka va qora qo‘lqopda tasvirlangan. Providens politsiyasi boshlig‘i polkovnik Oskar Peresning aytishicha, o‘t ochgan odam 9 mm kalibrli quroldan foydalangan. FQB jinoyatchi haqida ma’lumot uchun 50 ming dollar mukofot e’lon qildi.

17 dekabr kuni Providens politsiyasi otishma kuni gumonlanuvchi qaysi hududlarda bo‘lganini ko‘rsatuvchi ko‘cha xaritasini e’lon qildi. Shu kuni huquq-tartibot idoralari jinoyat joyidagi gilzalarda DNK va barmoq izlari topilganini ham ma’lum qildi.

18 dekabr kuni manbalar otishma 15 dekabr kuni MIT professori Nuno Lureyruning Bruklaynda o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu kuni, Braun ishi bo‘yicha hibsga olish orderi bilan politsiya Nyu-Hempshir shtati, Salem shahridagi omborxonaga kirib, u yerda 48 yoshli portugaliyalik Klaudio Manuel Nevesh-Valenteni o‘lik holda topdi. Uning yonidan ikkita qurol chiqdi. Taxminlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.

Klaudio Manuel Nevesh Valente (1977 – taxm. 2025 yil 18 dekabr) – Portugaliya fuqarosi bo‘lib, u 2000–2001 yillarda Braun universitetida fizika bo‘yicha PhD dasturida tahsil olgan. Valente 1990-yillarning oxirida Lureyru bilan bir xil – Lissabondagi Instituto Superior Técnico oliygohida o‘qigan. Uning jinoiy o‘tmishi bo‘lmagan. 2025 yil 28 noyabrdan boshlab u Braun kampusida bir necha bor ko‘ringan va ba’zi odamlar uni shubhali deb hisoblagan.

Braun universiteti va MIT’da sodir etilgan otishmalar fonida AQSH Prezidenti Donald Tramp 18 dekabr kuni “grin karta” lotereya dasturini to‘xtatdi. Tramp topshirig‘iga binoan, AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) mazkur dasturni vaqtincha to‘xtatgan. Qaror Braun universitetida otishma sodir etganlikda gumonlangan shaxs ushbu dastur orqali mamlakatga kelgani sababli qabul qilingan.

Hodisa ortidan Vashington hamdardlik bildirmadi. Biroq, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ta’ziyanomasini e’lon qildi. 

Millatchilik yoxud o‘zgarmas boshqaruv xatosi: Rossiyada 10 yoshli bola o‘ldirildi

Uzoq gapirib o‘tirmayman, ammo gapirmasak ham bo‘lmaydi. Tojikistonlik migrant oilaning 10 yashar farzandi, Rossiyaning Moskva viloyati Odinsovo shahri Gorki-2 tumanidagi maktabning 4-sinfida tahsil olayotgan Qobiljon Aliyev 16 dekabr kuni qotillik, qotillik bo‘lganda ham millatchilik g‘oyasi oqibatida ungan qotillik qurboni bo‘ldi. 

Qobiljon o‘qiydigan maktabning 9-sinfida o‘qiydigan 15 yoshli bola qotillikka avvaldan puxta tayyorgarlik ko‘rib, maktab bo‘ylab o‘z o‘ljasini qidirarkan, uning oyog‘i ostidan Qobiljon chiqdi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Qobiljon boshqa sinfdoshlarining hayotini saqlab qolish uchun o‘zining tojik millatiga mansubligini aytdi va qochdi. Shunda ham qotilning qo‘lida dada deya jon berdi. Holbuki, dadasining ham qora tuproqqa qo‘yilganiga ko‘p bo‘lmagan edi. Onasi esa o‘sha maktabda o‘sha rus bolalarining farroshi edi. 

Takror va takror aytish o‘rinliki, ushbu fojia shunchaki jinoyat emas. U, eng avvalo, so‘nggi yillarda Rossiyada olib borilayotgan millatchilik, antimigrant, boshqa xalqlarni oyoqosti qilish va yo‘q qilish, egallash va bo‘lib tashlash siyosati, imperializm g‘oyalari, sobiq ittifoqni tiklash, Markaziy Osiyo xalqlariga tarixan bo‘lmagan va ularning yerlari go‘yo tortiq qilingan, deb qarash, valdirash, iddao va da’vo qilishlarning mevasi. Bu bugungi siyosatning yuzi, oynadagi aksi. Jumladan, Tojikistondagi ishsizlik, korrupsiya, nepotizm, uzoq yillardan buyon davom etayotgan o‘zgarmas boshqaruvning xatosi. Bugun agar Rossiyada 6 milliondan ortiq migrant bo‘lsa, ularning 1 milliondan ortig‘i tojiklar va Tojikiston Rossiyada migrantlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda bormoqda. 

Afsuski, millatchilik ruhi sezilib turgan ushbu hodisa bo‘yicha ikki mamlakat Prezidentlari ham, ularga yaqin shaxslar ham bayonot bilan chiqmadi. Bolalar ombudsmani mum tishlayapti, huquq-tartibot organlari jim. Faqat Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston TIVga chaqirilib, unga ushbu fojiali hodisa bo‘yicha Rossiya tomoni tomonidan zudlik bilan, xolis va beg‘araz tergov o‘tkazish hamda barcha aybdor shaxslarni qonun doirasida to‘liq javobgarlikka tortish talabi aks etgan nota topshirilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa “dasturxonchi” opamiz Mariya Zaxarova vositachiligida tojik tomoniga, marhumning oilasiga va hujumda jarohat olganlarga hamdardlik bildirdi. Rossiya tomoni Tojikiston Respublikasi bilan strategik sheriklik va ittifoqchilikka xos bo‘lgan o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyiliga amal qilishi aytildi. Mariya Zaxarovaning qo‘shimcha qilishicha, har qanday inson hayoti, fuqaroligi yoki millatidan qat’i nazar, eng yuqori qadriyatdir.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevga qo‘ng‘iroq qilib, bunday dahshatli jinoyatlar jamiyatdagi vaziyatni keskinlashtirishi va boshqa radikal millatchi guruhlarni shunga o‘xshash harakatlarga undashiga sabab bo‘lishi mumkinligini ayttgan.

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan gaplashib, Moskva sodir bo‘lgan jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini aytgan. 

Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Xo‘sh, ko‘zi qonga to‘lgan 15 yashar Timofeyga nima bo‘ldi, dersiz. U so‘roq paytida aybini tan olgan. 18 dekabr kuni sud qarori bilan ikki oy muddatga hibsga olindi. Shu kuni Qobiljon Aliyev ham Tojikistondagi qarindoshining uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi.

“Jazolash emas, moslashtirish”
Bolalar uchun integratsiya markazlari tashkil etiladi

Tugayotgan haftada xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hamda reproduktiv salomatlik masalasi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning diqqat markazida bo‘ldi. 

Mirziyoyevaning aytishicha, O‘zbekiston hamon bolalarga ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik statistikani oshkor qilishdan, ta’na-malomatga qolishdan, obro‘ to‘kilishidan qo‘rqadi. Ko‘pincha haqiqiy ahvol ko‘zga ko‘rinmaydi, ko‘p narsa yashiriladi. Aynan shuning uchun ham Prezident Administratsiyasida o‘tgan yig‘inda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, erta homiladorlik sabablari va ularning oldini olish choralari kabi masalalar muhokama qilingan.
O‘tgan 2024 yilda O‘zbekistonda 412 nafar bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan. 1028 nafar bola jismoniy zo‘ravonlikka uchragan. 929 nafar bola psixologik bosimni boshidan kechirgan. 14 nafar bola ekspluatatsiya qurboni bo‘lgan. 106 nafar bola kattalarning qat’iy befarq munosabatiga duch kelgan. Aslida mana shu raqamlarning o‘zi ham bolajon xalqimizning ichidagi ayrim nafsiga qul kimsalarning asl yuzini ifoda etayotgandek. 

O‘zbekiston bundan naq bir yil muqaddam “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi va bu borada Markaziy Osiyoda haqiqatan ham birinchi bo‘ldi. Ammo qonun ijrosiga kelganda birinchi deyolmaymiz. 
Tugayotgan haftada esa bir yil avval qabul qilingan qonun asosida O‘zbekistonda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya va harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, 2026 yildan boshlab professional tutingan oilalar bilan ish boshlanadi. Bolalar psixologlar va huquqshunoslar yordamini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, oilalar esa zarur ko‘mak va oilaviy terapiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Oilani parchalash emas, balki uni qo‘llab-quvvatlash va qayta tiklanishiga yordam berish ustuvor vazifa hisoblanadi. Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini to‘liq yopish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilingan. Ularning o‘rnida antiijtimoiy xulq-atvorga ega bolalar uchun ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlarda asosiy e’tibor jazolashga emas, balki bolalarni jamiyatga moslashtirish va sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgan bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalarga nisbatan internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu masala 18 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida muhokama qilingan.

Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligini hamda ularni so‘roq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun jinoyatlarning oldini olishga, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shu haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan mas’ul qo‘mitaga qaytarildi. 

Qayd etilishicha, qonun loyihasida ta’lim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan.

Notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyati yuklatilishi belgilangan.

Vasiy yoki homiy o‘z yashash joyini o‘zgartirmoqchi, shu jumladan, boshqa mamlakatga ko‘chib ketmoqchi bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va vasiylikka olingan 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, loyihada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining ishtiroki qayd etilgan.

Shu bilan birga, qonun loyihasida Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qo‘shimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod etilishi belgilangan.

Shuningdek, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga ro‘yxatga qo‘yganda ham davlat boji to‘lashdan ozod etish taklif etilgan, biroq qonun deputatlar tomonidan qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarilgan. 

Kunda emas, kunida: qo‘qonlik tabib qamaldi

Qo‘qonlik tabib, sobiq xonanda Iqbol Soliyevni tanimaganlar qoldimi? Aka, allaqachon chegarabilmas tabibga aylanib, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya kabi davlatlarda ham dardmandlarini topishga ulgurgan. Kamiga, eshitishim bo‘yicha, onlayn davolashni ham yo‘lga qo‘yganmishlar. 

Ammo ko‘za kunda emas, kunida sinadi deganlaridek, Soliyevning O‘zbekiston xalq tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomasi muddati tugaganiga qaramay, noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. 

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan “Bio nur” klinikasi sohibi sifatida tanilgan Iqbol tabibning faoliyati qonuniyligi o‘rganilgan. Shu paytda uning 2020 yilning 5 avgust kuni soliq organlaridan “Xalq tabobati” faoliyat turi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgani hamda O‘zbekiston xalq tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati 2024 yilning 12 dekabr kuni tugagani aniqlangan.

Unga nisbatan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Tabibga nisbatan sud tomonidan 2025 yilning 10 yanvar kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59⁵-moddasi (xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan 7 mln 500 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani inobatga olinib, IIO xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirilgan.
Lekin Soliyev takroran o‘z faoliyatini davom ettirib, videoroliklarni internetga joylab kelgani aniqlanib, joriy yilning 27 noyabr kuni Qo‘qon shahar IIB tomonidan unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59⁵-moddasi 3-qismi (xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

Sud qarori bilan 54 yashar Soliyev 10 sutkaga qamalgan, unga BHMning 20 baravari miqdorida ma’muriy jarima solingan. Endi Soliyev tashqariga chiqqach, tabiblik faoliyatini davom ettiradimi yo yo‘q, buni o‘zi va Xudo biladi. 

“Vadasini bajarolmagan” Sultonov lavozimidan chetlashtirildi

Yangi O‘zbekiston tarixida gazimiz uchta O‘zbekistonni boqishga yetadi, degan bayonot bilan chiqib, so‘ng o‘sha yilning o‘zida mamlakatda yana gaz tanqisligi sodir bo‘lib, siyosatdan yiroq, turmush tashvishi bilan yurgan oddiy o‘zbekistonliklar tiliga ham tushgan sobiq Energetika vaziri – 5 oydirki Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimida ishlab kelayotgan Alisher Sultonov tugayotgan haftada Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmon bilan lavozimidan ozod etildi. Uning ishdan ketishi sabablari hozircha ma’lum emas va ish ham berilmadi. Sultonov qariyb yarim yil egallagan lavozim u ketgach bo‘sh qolmoqda. 

Alisher Sultonov O‘zbekistonning ikki ma’muriyati davrida ham muhim lavozimlarni egallagan shaxslardan sanaladi. Sultonov 2002 yildan 2013 yilgacha “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” unitar shu’ba korxonasi direktori bo‘lgan. 2013 yilda u “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2015 yildan 2018 yilning sentyabrigacha “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

2017 yil 1 noyabrda u O‘zbekiston Bosh vazirining geologiya, yoqilg‘i-yenergetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. 2019 yil 1 fevralda Prezident farmoni O‘zbekistonning birinchi Energetika vaziri etib tayinlandi. 2022 yil 7  aprelda u sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli lavozimidan iste’fo berdi. 

Aslida esa Prezident Sultonovni Energetika vaziri lavozimidan ketishidan 7 oy avval, 2021 yilning avgust oyidan Elektr energiyasidagi uzilishlar ko‘pchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani sabab koyib, Sultonovga “kelgusi yil boshidan boshlab yo aravani tortasan, yo ketasan”, degan edi. 

Sultonov shu bilan yo‘q bo‘lib ketgani yo‘q. U 2023 yilning mayi o‘rtalarida yana siyosiy sahnaga qaytgani va Prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egallagani ma’lum bo‘ldi. Biroq uning tayinloviga oid hujjatlar ochiqlanmagan. 

U oxirgi mansab kursisi, Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakilligiga shu yilning 14 iyul kuni tayinlangan edi. 

O‘zbekistonda Energetika sohasidagi ishdan olishlar shu bilan tugagani yo‘q. "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Siddiqov ham ishdan olindi. Uning iste’fosiga boshqa ishga o‘tayotgani sabab qilib ko‘rsatildi. Siddiqov “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi lavozimida ikki muddat ishlagan rahbar hisoblanadi. U 2019 yil fevraldan 2020 yil yanvargacha kompaniyani boshqargan. Oradan uch yil o‘tib, 2023 yilning 12 martida u lavozimga yana qaytgan edi.

Siddiqovdan bo‘shagan o‘rinni esa Abdug‘ani Sanginov egalladi. U 2017 yildan buyon “O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Sanginovni “O‘zbekneftgaz” jamoasiga Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tanishtirarkan, davlat rahbari sohadan norozi ekani aytilgan. 
Kompaniya strukturasini xalqaro standartlar asosida joriy qilish, yangi boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, strategik loyihalarni amaliy natijaga yo‘naltirish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar formatini tahlil qilish kerakligi aytilgan.

Shuningdek, ushbu o‘zgarishlar ortidan Prezident topshirig‘i bilan Iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi. 

Prezident shahardagi tirbandlikka yechim berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu hafta Yunusobod tumaniga bordi va Toshkent faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda yangragan eng muhim gaplardan biri “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish masalasi bo‘ldi. 

“Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak”, dedi davlat rahbari.  

Shuning uchun Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy byudjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish taklif qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda, bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etiladi.

Umuman, Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi. Aslida, bu qonun bo‘yicha harakatlar 2018 yilning oktyabr oyida boshlangan edi. Oradan 7 yildan ortiq vaqt o‘tdi hamki, qonun loyihasi jamoatchilikka taqdim etilmagan, u qanday bo‘ladi, nimalarni o‘z ichiga oladi, buni ma’lum emas. 

Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Bu albatta, rasmiy statistika. Toshkentga kelayotgan va ro‘yxatda turmaydigan mehmonlar bu raqamlarga kiritilmagan, xususan, taksi haydovchilari ham. Shuning uchun ham ko‘chalarda yursangiz bu shaharda 3,5 emas, 7-8 million kishi yashaydigandek taassurot uyg‘onadi kishida. Uchrashuvda Prezident Kichik halqa yo‘li, Katta halqa yo‘li, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Shahrisabz, Maxtumquli, Ohangaron ko‘chalaridagi tirbandlikdan aholi norozi ekanini aytib o‘tdi. 

Endi transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz ishga tushadi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanishi aytildi. 

Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar quriladi. Bu joylarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar istasa, avtomobilini shaharga kirishda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi. 

Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish,  tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni ta’mirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘lo‘tkazgich va tunnel barpo etishi kerak. 

Prezident tashrifidan keyin Yunusobodga yangi hokim tayinlandi. Tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev o‘rnini Abrorxo‘ja Saidaliyev egalladi. Shuningdek, 5 yildan buyon Sergeli tumanini boshqarib kelayotgan Elbek Shukurov ham yangi lavozimga kuzatildi, uning o‘rnini 2024 yil fevraldan Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Davron Ismatov egalladi. 

Toshkentda piyodani o‘ldirib, jasadini oqizib yuborgan “tezkor xodim” qo‘lga olindi

Toshkent viloyati Bekobod tuman Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruvi bo‘limi tezkor xodimi 43 yoshli erkakni mashinada urib ketib, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi , shuningdek, IIO xodimi marhumning murdasini daryoga oqizib yubordi.

Voqea joriy yilning 11 dekabr kuni Bekobod tumani “Qoraquyli” MFY hududidan o‘tgan “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘lining 64-kilometrida sodir bo‘lgan. Nexia-3 rusumli avtomashina piyodani urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 12 dekabr kuni Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi va 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxsga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda marhumning murdasini topishga qaratilgan tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing