Mag‘lubiyatga teng g‘alaba
Tahlil
−
24 noyabr
16454O‘zbek futboli uchun yana bir sinovli, hayajonli va asabiy hafta yakunlandi. O‘zbekiston terma jamoasining oxirgi 2 ta o‘yinidan xulosa qilib aytishimiz mumkinki, futbolimiz 21 yoshli futbolchining o‘ta kuchli xohishi va sa’y-harakatlari evaziga mundial tomon sekin-astalik bilan qadam tashlamoqda. Bu gap bilan mundialga chiqishni Abbosbek Fayzullayevdan boshqa futbolchilar xohlamayapti demoqchi emasmiz. O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqsa 37 millionlik xalqning orzusi ushaladi, murodi hosil bo‘ladi, lekin ishoning, garchi Shimoliy Koreyani yutgan bo‘lsak-da, koreyslar bilan bahsda ko‘rsatgan o‘yinimiz bilan mundialga chiqishimiz katta bir mushkulotning xuddi o‘zi. Tabiiyki, natija ko‘rsatayotgan, lekin futbol o‘ynamayotgan terma jamoamizga va uning sloveniyalik mutaxassisga beriladigan savollarning adog‘i ko‘rinmayapti.
Bugun sizlar bilan og‘ir va mushohadali futbol haftasi haqida gaplashamiz. Assalomu alaykum.
O‘zbekiston qiyin o‘yinda Shimoliy Koreyani mag‘lub etdi
19 noyabr kuni futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati saralashining Osiyo qit’asi 3-bosqich 6-turi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) bilan bahs olib borib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv davomida Srechko Katanets shogirdlarida qator imkoniyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa ham, yagona gol 44-daqiqada Abbosbek Fayzullayev tomonidan kiritildi. 21 yoshli futbolchining uzoqdan yo‘llagan zarbasi raqibga tegib, Shimoliy Koreya darvozasiga yo‘l oldi va uchrashuvda hisob ochildi.
83-daqiqada koreyaliklarning hujumlaridan birida o‘zbekistonlik himoyachi o‘z jarima maydonchasida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va hakam Umar Eshmurodovga qizil kartochka ko‘rsatib, O‘zbekiston darvozasiga penalti belgiladi. Raqib tepgan to‘pni O‘tkir Yusupov bartaraf etib, jamoasi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
KXDRni mag‘lub etgan o‘zbek futbolchilarining o‘yini qanday baholandi?
19 noyabr kuni Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 6-turi doirasida bo‘lib o‘tgan Shimoliy Koreya-O‘zbekiston bahsida Abbosbek Fayzullayevning xatti-harakatlari eng yuqori bahoga loyiq ko‘rildi. Bu haqda “Sofascore” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Fayzullayevning o‘yini 7,8 ballga baholandi. 21 yoshli futbolchi O‘zbekiston terma jamoasining hujumlarida faol qatnashdi va uchrashuvdagi yagona golga mualliflik qildi.
Fayzullayevdan keyin darvozabon O‘tkir Yusupovning o‘yini yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi. Uchrashuvda penaltini bartaraf etgan Yusupovning xatti-harakatlari 7,7 ball to‘pladi.
O‘zbekiston terma jamoasi safida eng past ko‘rsatkichni 2-taymda qizil kartochka olgan Umar Eshmurodov qayd etdi. Uning o‘yini 6,5 ballga loyiq ko‘rildi.
Ortda qolgan 6 ta turdan keyin Srechko Katanets shogirdlari “A” guruhida 13 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. 6-turda safarda Qirg‘izistonni mag‘lub etgan Eron 16 ochko 1-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Qatarni yirik hisobda taslim etgan Birlashgan Arab Amirliklari 10 ochko bilan 3-o‘rinni egallab, O‘zbekiston terma jamoasining eng yaqin ta’qibchisi bo‘lib turibdi.
Taktika-paktikani yig‘ishtirib, yurakdan o‘ynashga kelishgandik – O‘tkir Yusupov
19 noyabr kuni Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 6-turi doirasida bo‘lib o‘tgan Shimoliy Koreya-O‘zbekiston bahsidan keyin o‘yinning eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan darvozabon O‘tkir Yusupov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘yindan qoniqdik. Uch ochko keltirganimizdan xursandman. Hamma borini berib o‘ynadi. Bir kun oldin gaplashgandik – taktika-paktikani yig‘ishtirib, hamma borini berib, yurakdan o‘ynasa, yutamiz, deb kelishgandik. Ko‘rdinglarmi, hamma maydonda borini berdi”, deydi O‘tkir Yusupov.
Qayd etish joiz, Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinning 83-daqiqasida koreyaliklarning hujumlaridan birida o‘zbekistonlik himoyachi o‘z jarima maydonchasida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va hakam Umar Eshmurodovga qizil kartochka ko‘rsatdi. Yusupov esa darvozasiga belgilangan penaltini bartaraf etdi, bundan tashqari, posbon bahs davomida qator seyvlar amalga oshirdi.
Men o‘z ishimni qilyapman – Srechko Katanets
Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 6-turidan o‘rin olgan KXDR-O‘zbekiston o‘yinidan keyin “oq bo‘rilar” bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob berdi.
“Birinchi taymni juda yaxshi o‘tkazdik, yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik, lekin afsuski, ko‘p vaziyatlardan foydalana olmadik. 2-bo‘lim boshida Bobur Abduxoliqov yaxshi imkoniyatni golga aylantira olmadi, agar u gol ursa o‘yin ancha yengil kechishi mumkin edi”, deydi Katanets.
Murabbiy futbolchilarining nega uchrashuvda katta qiyinchilik bilan g‘alaba qozongani va penalti bilan bog‘liq holatga izoh berdi.
“Albatta, futbolda yo‘q joydan shunaqa holatlar ham bo‘lib turadi, lekin Yusupov zarbani qaytardi va kerakli natijaga ega bo‘ldik. Menimcha, to‘liq 90 daqiqa davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatadigan jamoalar bo‘lmasa kerak. KXDR bilan qiyin sharoitda o‘yin o‘tkazdik. Yuqori namlik, vaqtdagi tafovut va Qatardan o‘yin oxirida o‘tkazilgan gol o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Asosiy futbolchilarsiz o‘yin o‘tkazgan bo‘lsak ham, KXDR bilan o‘yinda maydonga tushgan o‘yinchilar o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsata oldi”, deydi mutaxassis.
Anjumanda Katanets Laosdagi maydonlar holati futbolchilarning sog‘ligi uchun xavfli ekanligini aytdi.
“Shu bilan birga, Osiyo futbol konfederatsiyasiga murojaat qilmoqchiman, Laosdagi maydonda to‘p tepish futbolchilarning sog‘ligi uchun xavfli. Bundan tashqari, mashg‘ulot maydonining sifati ham yomon darajada edi. Bu yerdagi tashkiliy masalalarda hech qanday e’tirozim yo‘q”, deydi mutaxassis.
Srechko Katanets keyingi o‘yinlar bilan bog‘liq savollarga ham javob berdi.
“Men o‘z ishimni qilyapman. Meni qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun futbolchilarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz 6 ta o‘yinda mavjud 18 ochkodan 13 tasini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldik. Oldinda 4 ta o‘yin bor va biz 12 ochko uchun harakat qilishimiz kerak. Mundial yo‘llanmasini muddatidan avval naqd qilishga harakat qilamiz, biroq oxirgi o‘yingacha kurashadigan kayfiyatda bo‘lishimiz kerak. Asosiy futbolchilarsiz qiyin o‘yinlarda g‘alaba qozonish oson emas”, deya qo‘shimcha qildi Katanets.
Yusupov JCH saralashining ramziy jamoasiga kirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov Jahon chempionati saralashining 3-bosqich 6-tur ramziy jamoasidan o‘rin oldi. Bu haqda “Sofascore” xabar berdi.
Ramziy jamoaga Yaponiyadan 3 nafar, Indoneziya va BAAdan 2 nafar, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni va O‘zbekistondan 1 nafardan futbolchi kiritildi.
E’tiborlisi, jamoadan O‘zbekiston chempionatida to‘p tepuvchi Qirg‘iziston fuqarosi Joel Kojo va bir paytlar O‘zbekiston fuqaroligini olgan BAA vakili Fabio de Lima ham joy egalladi. Qatarga qarshi o‘yinda Lima poker qayd etdi va uning o‘yini 10 ballga loyiq ko‘rildi.
O‘zbekistonning JCHga chiqish imkoniyati qanday baholanmoqda?
Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati saralashning 3-bosqich 6-turidan o‘rin olgan bahsda KXDR ustidan qozongan g‘alabasi evaziga O‘zbekiston terma jamoasining 2-o‘rin bilan mundialga chiqish imkoniyati 78 foizga baholanmoqda. Bu haqda “We Global” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Srechko Katanets shogirdlarining 1-o‘rin bilan JCHga chiqish imkoniyati 8 foizni tashkil etmoqda. Guruh peshqadami Eron esa katta ehtimol guruh g‘olibi sifatida mundialga yo‘l olishi kutilyapti. Forslarning 1-o‘rin bilan JCHga chiqish imkoniyati 91,3 foizga baholangan.
“A” kvartetida amaldagi Osiyo chempionati va 2022 yilgi mundial mezboni Qatarning to‘g‘ridan to‘g‘ri JCHga chiqish imkoniyati 1 foizga teng. Qatarliklarda faqat guruhda 4-o‘rinni band etib, 77,6 foiz bilan 4-bosqichda ishtirok etish imkoniyati yuqori.
“B” guruhida Janubiy Koreya va Iroq, “C” guruhida esa Yaponiya va Avstraliyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri Jahon chempionati chiptasini qo‘lga kiritishi kutilmoqda. FIFA Fayzullayevni e’tirof etdi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rasmiy sayti 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida yorqin o‘yin namoyish etayotgan olti nafar yosh yulduzlar qatorida O‘zbekiston milliy terma jamoasi va SSKA futbolchisi Abbos Fayzullayevni e’tirof etdi.
“OFK tomonidan “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topilganidan so‘ng, Fayzullayev O‘zbekiston safida KXDRga qarshi yana bir ajoyib o‘yin ko‘rsatib, o‘z obro‘sini oshirishda davom etmoqda. Kichik bo‘yli ekaniga qaramay, ajoyib texnik xususiyatlarga ega. Moskvada yashovchi “sehrgar” Ventyandagi bellashuvda yagona gol muallifiga aylandi. U uzoq masofadan urgan goli evaziga “Oq bo‘rilar”ning tarixda ilk bor Jahon chempionatiga chiqish yo‘lidagi harakati davom etishiga hissa qo‘shmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 21 yoshli Fayzullayev O‘zbekiston terma jamoasi safida oxirgi 2 ta o‘yinda 3 ta gol urdi. U Qatar darvozasini 2 marta ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Shimoliy Koreya darvozasiga yagona g‘alaba to‘pini kiritdi.
LiveBarchasi