Madaniyat hojatxonadan boshlanadi — Hafta tahlili
Tahlil
−
04 mart 2023
20804Madaniyat qayerdan boshlanadi? Bu savolni eshitib, boshlandi yana ma’naviyat saboqlari desangiz, sal adashasiz. Savolga oiladan, kutubxonadan, televideniyedan degan javobni qalashtirishingiz ham mumkin. Lekin men kinoya qilib bo‘lsada, hozir meni toshbo‘ron qilishga tayyor bo‘lsangiz ham fikrimni aytishim kerak. Madaniyat hojatxonadan boshlanadi. Albatta, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, kattaga hurmat, kichikka izzat, mahalla-ko‘ydan kelsak, bu mavzu haqida ko‘pchilik orasida, yana ommaviy axborot vositasida gapirish anchayin “xato”. Bu biz uchun savolga tutilmaydigan tabu, ammo qachongacha. Aytmasam bo‘lmaydi: hojatxonani o‘zimizdan keyingi odamning foydalanishini ham o‘ylab ishlatish, unga ziyon keltirmaslik, ozoda saqlash katta bilim va hech qayerda diplom bilan berilmaydigan farosatni talab qiladi. Lekin farosatni ham avval o‘sha toza hojatxonaga kirib orttiriladi. Bu masalada istalgancha bahslashish mumkin, ammo bahsdan ko‘ra sizga tayyorlab qo‘ygan lavhamiz ko‘proq qiziq bo‘lishi aniq.
Demak, tugayotgan hafta voqealari tahliliga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi kanalimizda tomosha qiling.
Pedofillarni bichish taklif qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodovning ikki farzandi bor. Adashmasam bir o‘g‘il va bir qiz. Lavozimlarni chetga qo‘yaylik, Bekmurodov eng avvalo ota va bugun boshqa ota-onalar singari ko‘cha-ko‘yda bolalar bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar ortidan ko‘ngli xotirjam emas. U joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahar Yangihayot tumanida 12 yashar qizaloq uyida usta bo‘lib ishlagan 29 yashar yigit tomonidan zo‘ravonlikka uchrab, so‘ng o‘ldirib ketilganiga mum tishlab o‘tirgan boshqa deputatlardan farqli o‘laroq, pedofillarni bichishni, ularning ro‘yxatini e’lon qilib borishni va maktabdan uzoqda yashashini ta’minlashni taklif qildi.
U bu taklifni 28 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi paytida bildirgan.
Bekmurodov bildirgan taklif ijtimoiy tarmoqda ham aks sado berdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yana bir deputati Odiljon Tojiyev taklifni keskin rad etib, masalaning qaltis tomonlari borligini aytgan.
Bekmurodovga ko‘ra, qonunga kimyoviy va jismoniy bichish chorasining kiritilishi – bu ushbu choraning hammaga qo‘llanilishini anglatmaydi. Ya’ni, aybi aniq dalillar bilan isbotlangan va psixologik tashxis qo‘yilgan ashaddiylariga qo‘llanilishi mumkin.
Tojiyev esa “bunday qo‘shimcha jazo olishini bilgan jinoyatchi, aybini yashirishga ko‘proq harakat qiladi, oqibatda jabrlanuvchining hayoti xavf ostida qolishi mumkin”, degan fikrda.
Xo‘sh, siz nima deysiz? Ota, deputat, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bekmurodov o‘z bildirayotgan fikrida haqlimi? Pedofillarni bichish kerakmi? Izohlarda albatta bu haqda yozib qoldiring.
O‘quvchi qizlarning aybi nima?
Bu hafta toshkentlik o‘quvchi qizlar ijtimoiy tarmoqlarni portlatdi. Ular shunchaki o‘quvchilik davri, beg‘ubor bolalikni tasvirlashga uringan edi. Lekin tarmoqlar ularning bolalarga xos videosidan emas, ularga qo‘llanilgan jazodan portladi. Gap nima haqida ketayotganini tushungandirsiz.
Chilonzor tumanidagi 181-maktabning to‘rt nafar o‘quvchisi maktabda odob-axloq qoidalariga zid tarzda video tayyorlab, TikTok’ga joylagani tanqid qilindi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi munosabat bildirib, ularning ota-onasi qizlarining xatti-harakati uchun uzr so‘raganini ma’lum qildi. Iya, qizlar nima yomon ish qildiki, ularning ota-onasi uzr so‘rattirildi?
9-sinfda o‘qiydigan qizlar bor-yo‘g‘i instasamkaning “Za dengi da” qo‘shig‘iga havaskorlik bilan video suratga olgan. Eng muhimi, video dars vaqtidan tashqarida suratga tushirilgan.
Mazkur holat Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan. Unga ko‘ra, maktabning to‘rt nafar o‘quvchisi darsdan keyin sinfxonada suvenir pullarni sochib, turli nomaqbul harakatlar bilan o‘z yoshiga mos kelmagan video suratga olgan. So‘ngra bu lavhani ijtimoiy tarmoqlardan biriga joylagan.
Mazkur videoning keng tarqalishi ortidan maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Unda tuman Xalq ta’limi bo‘limi vakillari, faollar, tuman yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, profilaktika inspektori, psixolog ishtirok etgan.
Suhbat davomida qizlar va ularning ota-onalariga o‘smirlarning yuqoridagi xatti-harakatlari odob-axloq qoidalariga zid ekanligi, milliy an’analarga, qadriyatlarga to‘g‘ri kelmasligi tushuntirilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Bizning qadriyat va ma’naviyatimizning cheki, chegarasi bormi? Bu qizlarning videosida qanday ma’naviyatsizlikni ko‘rdingiz? Qolaversa, o‘z yoshiga mos kelmaydigan video deganda nima nazarda tutilyapti? Yo maktab o‘quvchilarining xatti-harakatlari, ular oladigan videolar, eshitadigan qo‘shiqlari, raqslari va ijtimoiy tarmoqdan foydalanishlari bo‘yicha aniq me’yorlar, qoidalar ishlab chiqilganmi? Yo jamiyatda shug‘ullanishga arzigulik mavzu, ulardan boshqa muammo qolmadimi? Bu savollar hozircha ochiq. Bizga esa sizning fikringiz qiziq. Bu mavzuda ham faol bo‘ling, izohlarda fikringizni bildiring.
O‘quvchilar maktabda kitob o‘rniga kartoshka-piyoz tashiydimi?
Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari Chilonzordagi maktabdagi mushtdek keladigan 4 ta qizning ota-onasini chaqirib, ularning videosini muhokama qilib, uzr so‘rattirguncha, Sirdaryodagi maktablardan o‘rnak olsa bo‘lmaydimi? Gap nima haqida ketayotganini tushunmagan bo‘lsangiz, o‘zimdan eshiting. Joriy hafta ijtimoiy tarmoqda Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov shov-shuvlar va e’tirozlarga sabab bo‘lgan videosi tarqaldi. Unda hokim tuman faollari bilan uchrashuvda tumandagi maktablardan birida haftaning bir kunida o‘quvchilar kasb-hunarga o‘rgatilayotgani, qizlar oilaga tayyorlanayotgani va darslarga “Hayot maktabi” deb nom berilganini aytgan.
Sizni bilmadimu bu tashabbus menga juda ma’qul keldi. Ota-onalarni va qizlarni majlislar o‘tkazib, sazoyi qilavermasdan, balki ularning shaxsiy hayoti uchun o‘rnak bo‘ladigan mana bunday tashabbuslarni ham ko‘rsatish kerakdir. Qolaversa, hokim bunday darslarning tashkil etilishini qishloq joylarda oddiy mahalliy sharoitda kerak bo‘ladigan sohalar bo‘yicha mutaxassislar yo‘qolib borayotgani yoki qizlar non yopishni ham eplay olmayotgani bilan bog‘lagan.
Taklif menga ma’qulligini yana takrorlaymanu ammo bir savol hech tinchlik bermayapti. Maktabda yopiladigan non, qovuriladigan qatlamayu damlanadigan oshning masallig‘ini kim beradi. Hokimbuva oxirigacha o‘zlari turib berarmikinlar yo o‘quvchilar sho‘rlik darslikning yoniga to‘rtta piyoz ikkita kartoshka ko‘tarib borarmikin.
Blinken AQSH va O‘zbekistonni ogohlantirdi
28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken o‘z faoliyati davomida birinchi marta Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lib, qator masalalarni muhokama qildi. Prezident Jo Baydenning mesejlarini yetkazdi.
Ostonada S5+1 formatidagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSH Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda Blinkenning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning amalga oshirilishini diqqat bilan kuzatib boradi, biroq ayni paytda Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan, shu jumladan Markaziy Osiyodagi kompaniyalar uchun yengillikni qabul qiladi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalar ostida qolgan Rossiya kompaniyalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan kompaniyalarga maxsus ruxsatnomalar beradi. Bunday ruxsatnomalar kompaniyalarga o‘z faoliyatini qisqartirish va rossiyalik hamkasblar bilan aloqalarni to‘xtatish uchun zarur.
“Bu kalitni almashtirish kabi oson emas. Biz buni biznesingizga zarar keltirmaydigan tarzda qilish uchun ba’zan vaqt kerakligini tushunamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, AQSH Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinida Moskvaga yordam bersa, Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy qiladi.
Blinkenning ogohlantirishicha, agar Xitoy Rossiya Federatsiyasiga qurol-yarog‘ bilan yordam berishga qaror qilsa, Pekinning AQSH va dunyoning boshqa mamlakatlari bilan munosabatlari “jiddiy muammolarga” duch keladi.
Qozog‘iston Prezidenti To‘qayev Blinken bilan uchrashuvda unga AQSH Qozog‘iston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini doimiy va kuchli qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan. Pul jigardan bo‘lgan deganlaridek, uchrashuvda pullik masalalar ham chetda qolmagan. To‘qayevga ko‘ra, hozirda Qozog‘istonda eng yirik sarmoyador AQSH va Qozog‘istonda amerikaliklarning 62 millard dollar puli aylanyapti.
Blinken 28 fevral oqshomida Toshkentga keldi, uni Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Baxtiyor Saidov va uning birinchi o‘rinbosari, to‘g‘rirog‘i o‘sha kuni AQSH elchiligiga tayinlangan Furqat Sidikov kutib oldi. Blinken tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uning Toshkentga tashrifi xususida alohida ko‘rsatuv tayyorlaganmiz, uni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Madaniyat qayerdan boshlanadi yoxud eshigi yo‘q “milliy hojatxona”
Dasturimizning aynan shu qismiga “Blinkenning Toshkentga tashrifi va eshigi yo‘q hojatxona yoxud madaniyat qayerdan boshlanadi?” deb nom berishni ma’qul topdim. Dastur avvalida ko‘tarilgan hojatxona va madaniyat masalasiga endi navbat keldi.
1 mart kuni erta tongdan ommaviy axborot vositalari, jumladan AQSHning nufuzli medialari jurnalistlari, Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari poytaxt Toshkentning qoq markazida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga to‘plandi. Bu yerda Entoni Blinken va Baxtiyor Saidov boshchiligida delegatsiyalar uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kerak.
Bayroqlar shay, OAV xodimlari rasmiylarga halal bermasin deb qizil lenta tortilgan, stol ustiga yangi terilgan gullar qo‘yilgan. Hammasi ko‘ngildagidek. Ammo ko‘ngilni boshqa holat, to‘g‘rirog‘i zarurat ortidan kelgan ko‘ngilsizlik xira qildi.
Siz tasvirda ko‘rib turganingiz Milliy kutubxonadagi milliy hojatxona yoxud ochiq osmon ostidagi muzey. Hojatxonadan kamida ikki kishi foydalanishi mumkin. Qo‘l yuvish yoki shunchaki oynaga qarash uchun kiradiganlarni hisoblasak, uch kishi. Lekin hojatxonadagi unitaz qo‘yilgan joyda to‘siq boru eshik yo‘q. To‘g‘rirog‘i, eshik avval bo‘lgan, uning izi ham turibdi, lekin hozir u yo‘q. Qiziqib qo‘riqchilardan so‘radim, eshikni kutubxonadan foydalanuvchi o‘quvchilar buzib yuborganmish. Nima? Maktabda shunday ish bo‘lsa tushunardim, lekin Respublikaning birinchi raqamli kutubxonasida hojatxonaning eshigini buzib yuborishni aqlbovar qilmaydi. Kutubxonaga shunaqa vahshiy o‘quvchilar keladimi? Mana endi 4 o‘quvchi qizning raqsi va qo‘shig‘ini muhokama qilganlarga muhim maslahat, unda ko‘ra shu hojatxonalarning eshigini sindirayotgan o‘quvchilar bilan tarbiyaviy ishlarni ko‘proq olib borsangiz, ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, urf-odat, qadriyat degan uzundan uzun qoidalaringizga ko‘proq xizmat qilgan bo‘lardingiz.
Masalaning boshqa tarafi ham bor. Xo‘p, kutubxonaga kelgan o‘quvchilar hojatxonaning eshigini sindirib yubordi ham deylik, bundan kutubxona rahbariyati, xo‘jalik ishlariga mas’ullarning xabari yo‘qmi yo ular bu hojatxonadan foydalanmaydimi? Yana shunday nufuzli tadbirlar o‘tkazilsayu hojatxonasining eshigi bo‘lmasa.
Xo‘sh, men aytgan madaniyat hojatxonadan boshlanadi, degan fikrga endi qo‘shilasizmi? Bu hatto kutubxonadan foydalanish madaniyati bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu o‘rinda Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovga ham yuzlanmoqchiman: Ozod aka, bir vaqtlar menga bergan intervyuingizda odamlar, yoshlarning kundalik yurish turishida madaniyat bo‘lishi kerak, madaniyat ko‘rinishi kerak degandingiz. Bugun shu hojatxonaning endi sizga ikki karra bog‘liq joyi bor. Birinchisi madaniyatdan bo‘lsa, ikkinchisi turizmdan. Bilasizmi yo yo‘q, hojatxona madaniyati xalqaro turizmning muhim bir bo‘lagi hisoblanadi. Hatto, bu uchun alohida Xalqaro hojatxonalar tashkiloti ham tuzilib, 2021 yilda O‘zbekistondagi hojatxonalar sharoiti o‘rganilgandi. Mana, o‘sha sharoit, yana qayerda, kutubxonada, milliy kutubxonada. Siz esa mehmonxonalarni milliy atributlar bilan to‘ldirish tarafdorisiz. Avval hojatxonalarni eplab olaylik. Boring maktablarga, tug‘ruqxonalarga. Bolalarda jamoat orasida madaniyat maktabdan rivojlanadi. Shu davrda bolalar eshigi yo‘q hojatxonadan foydalangandan keyin ulardan ertaga qanday madaniyat kutasiz. Uni ham qo‘ying, tug‘ruqxonalarda qorni burniga yetay degan ayollar ham eshigi yo‘q hojatxonalarga qisinib-qimtinib kirishga majbur. Kamiga eshigi yo yopib turadigan “kleyenka”si ham yo‘q dush o‘sha hojatxona ichida joylashgan. Shumi siz va biz qidirayotgan madaniyat. Savollar ko‘p va mavzuga alohida qaytishni va’da qilib, shu yerda biroz tin olishni ma’qul topaman.
Blinken va Lavrov ilk bor to‘qnashdi
Joriy hafta AQSH davlat kotibi Entoni Blinken haqiqatdan ham ekran yulduzi bo‘ldi. Sharqdan G‘arbagacha muhokama markazida turdi. 1 mart kuni O‘zbekistonga tashrifini yakunlagan Blinken, tunda G20 Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida qatnashish uchun Nyu Dehliga jo‘nab ketdi.
Sammitda Blinken va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Segrey Lavrov Rossiyaning Ukrainaga nisbatan qurolli harakatlari boshlanidan beri birinchi marta yuzma yuz to‘qnash keldi. Ular bir xonada tik turgancha 8-10 daqiqa atrofida suhbatlashgan. O‘ta murosali va og‘ir bosiq ko‘ringan Blinken sammitda Ukrainadagi urush yuzasidan Lavrov bilan bahslashgani aytilmoqda. Raqib tomonlar bir-birini dunyoni beqarorlashtirishda ayblagan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov umumiy yig‘ilishlar orasida taxminan 10 daqiqa gaplashgan, biroq hech qanday muzokara yoki uchrashuv o‘tkazilmagan. Blinken Rossiyani START yadroviy shartnomasi bo‘yicha qarorini bekor qilishga chaqirgan. Shuningdek, u Lavrovga Vashington Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytgan. Qo‘shma Shtatlar va uning Yevropadagi ittifoqchilari G20 davlatlarini ikkinchi yilga qarab ketgan Ukrainadagi urushga barham berish uchun Moskvaga bosimni davom ettirishga da’vat qilgan.
O‘z o‘rnida, Rossiya G‘arb delegatsiyalarini G20 kun tartibidagi ishlarni komediyaga aylantirganlikda, o‘z iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklari uchun javobgarlikni Moskvaning zimmasiga yuklashga urinishda ayblagan. Lavrov G‘arbni Ukrainaning janubiy portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishga yordam beruvchi Qora dengiz g‘allasi tashabbusini “uyatsizlarcha ko‘mib tashlaganlikda” ayblagan.
Bu yil blokka raislik qilayotgan Hindistonning Bosh vaziri Narendra Modi Blinken va Lavrovni bir-biridan ajratib turuvchi jihatni emas, balki ularni birlashtiruvchi jihatni izlashga chaqirgan.
Nashid uchun qamalgan yigit ozodlikka chiqdi
Joriy haftada muhim voqealardan biri sodir bo‘ldi. Telefonida nashid eshitgani uchun Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan 22 yoshli talaba yigit Sardorbek Rahmonqulovga tayinlangan jazo shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.
2 mart kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida sudlanuvchi Sardorbek Rahmonqulovning himoyachisi tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati asosida ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan.
Unga ko‘ra, birinchi hukm o‘zgartirilib, Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilgan holda shartliga o‘zgartirilgan.
Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlangani inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlangan.
Sardorbek Rahmonqulov 2001 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi. U jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish ayblovi bilan ozodlikdan mahrum qilingandi.
Aliyev Fransiyani uzr so‘rashga chaqirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1-2 mart kunlari Ozarbayjonga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashdi, Qo‘shilmaslik harakati sammitida ishtirok etib, nutq qildi.
Ilhom Aliyev taklifiga qo‘y demay, Bakuga kelgani uchun Mirziyoyevga rahmat aytgan. Ular avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati va ipakchilik kabi ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirganini qayd etgan. Neft-gaz, transport va logistika sohalarida istiqbolli loyihalar tayyorlanayotgani muhokama qilingan.
2 mart kuni bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati sammitida Mirziyoyev so‘nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning oqibatlarini ham o‘z boshidan o‘tkazayotganini aytib, bu muammolarning ko‘lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solayotganini bildirgan.
U keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning ta’sirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik o‘choqlari paydo bo‘layotgani haqida gapirdi.
Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilganini tashvish bilan eslatdi.
Shuningdek, Mirziyoyev keyingi paytlarda barcha davlatlarda o‘sib borayotgan terrorizm va ekstremizmning xavf-xatariga qarshi Qo‘shilmaslik harakati doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish tobora dolzarb tus olayotganini bildirgan.
Shuni hisobga olib, Qo‘shilmaslik harakati terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarga yetakchilik qilishi lozimligini qayd etgan. Shuningdek, u birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish xususida gapirib, bu jarayonda Xavfsizlik kengashi tarkibida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy o‘rni bo‘lishi kerakligi aytgan.
Ozarbayjon Prezident Ilhom Aliyev ham ushbu masalaga to‘xtalib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi bitta doimiy o‘rin Qo‘shma Shtatlarga berilishi, raislik qiluvchi mamlakat esa rotatsiya asosida almashtirilishi kerakligini aytdi. Shuningdek, U BMT tuzilmasi va Nizomi ishlamay kelayotgani, u ochiqchasiga mensilmasligi va BMT bunga ta’sirsizligini tanqid qilib, bunga misol tariqasida Armaniston 30 yil davomida Qorabog‘ni kuch bilan noqonuniy egallab olgani va BMT bunga ko‘z yumib, ijro etilmaydigan hujjatlari bilan tomoshabin bo‘lib turganini aytdi.
Shuningdek, Aliyev Fransiya hukumatini dunyodan uzr so‘rashga chaqirdi. Siyosatchining ta’kidlashicha, Ozarbayjon Qo‘shilmaslik harakati raisi sifatida adolat tamoyillari va xalqaro huquq normalarini himoya qilish maqsadini ko‘zlaydi.
Ozarbayjon Prezidenti Qo‘shilmaslik harakatining Komor orollariga nisbatan pozitsiyasiga e’tibor qaratdi.
“Harakatimiz Komor orollari Ittifoqining hanuzgacha Fransiya mustamlakasi ostida bo‘lgan Mayotta oroli ustidan so‘zsiz suverenitetini har doim qattiq qo‘llab-quvvatlab kelgan. Biz Parijni Yangi Kaledoniya va xorijdagi jamoalar va hududlardagi boshqa xalqlarning huquqlarini hurmat qilishga chaqiramiz. Yevropadan tashqarida Fransiya nazorati ostidagi hududlar fransuz mustamlaka imperiyasining jirkanch qoldiqlaridir”, deydi Ozarbayjon rahbari.
Shu munosabat bilan Ilhom Aliyev Fransiya hukumatini o‘zlarining mustamlakachilik o‘tmishi va qonli mustamlakachilik jinoyatlari, shuningdek, Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo mamlakatlar Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va boshqa joylarda sodir etgan genotsid aktlari uchun kechirim so‘rashga va javobgarlikni tan olishga chaqirdi.
Bloger Emine hibsga olindi
Ijtimoiy tarmoq faoli, bloger Emine-Lemara Mirzaahmedova hibsga olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, Lemara Mirzaahmedovaning qo‘lga olinishi uning blogerlik faoliyati bilan bog‘liq emas. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bu ayolning blogerlik yoki ommaviy axborot vositalaridagi faoliyatiga mutlaqo aloqador emas. Balki u rahbarlik qilgan qurilish firmasi, pudratchi tashkilotning hujjatlarini soxtalashtirish, qo‘shib yozish orqali byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan va shu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deydi QALAMPIR.UZ manbasi.
O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon bir necha jurnalistlar va blogerlar qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilindi. Bular sirasiga bloger Abduqodir Mo‘minov, jurnalist Xurshid Daliyev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovni kiritish mumkin. Shuningdek, “Kompromatuzb” Telegram kanali ishi bo‘yicha ko‘plab jurnalist va blogerlar huquq-tartibot idoralariga chaqirilgan.
Xoliqnazarov bir necha imomlarni ishdan oldi, qolganlariga “hayfsan” berdi
O‘zbekistonda 1 nafar viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbasari, 2 nafar tuman bosh imomi va 1 nafar imom-xatib ishdan olindi va 4 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi e’lon qilindi.
28 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov raisligida respublika diniy soha xodimlarining tanqidiy-tahliliy videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Unda 2022 yil davomida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari, mudarrislar va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilingan. Shuningdek, ayrim diniy soha xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni isloh qilish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Yig‘ilish jarayonida mehnat intizomiga rioya etmagan, vazifasiga vijdonan yondoshmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini qondirishga jiddiy sa’y-harakat qilmagan va diniy soha xodimi maqomiga munosib bo‘lmagan 1 nafar viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbasari, 2 nafar tuman bosh imomi va 1 nafar imom-xatib ishdan olindi va 4 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi e’lon qilingan. Jumladan:
• Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Abdusalom Fatullayev;
• Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani bosh imomi va “Shoh Mashrab” masjidi imom-xatibi Hafizullo Zayniyev;
• Samarqand viloyati Oqdaryo tumani bosh imom-xatibi Habibulla Abloqulov;
• Xorazm viloyati Shovot tumani “Xo‘roz Eshon bobo” masjidi imom-xatibi Davronbek Ro‘zmetov egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.
Shuningdek:
• Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali Jabborov;
• Jizzax shahar bosh imom-xatibi Faxriddin Shayzaqov;
• Toshkent viloyati “Rahbar ota Akbar o‘g‘li” masjidi imom-xatibi Muhammadiy Rahmanov;
• Farg‘ona viloyati So‘x tumani “Oftobro‘y” masjidi imom noibi Ilhomiddin Toirovga “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahri “al-Hudaybiya” masjidi imom noibi Shuhrat Ziyayev mehnat intizomiga rioya etmagani uchun chora sifatida boshqa ishga o‘tkazilgan.
Mirziyoyev va To‘qayev norasmiy uchrashuv o‘tkazdi
Blinken Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelib ketgach, ikki mamlakat rahbarlari 3 mart kuni Chimkentda norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Norasmiy uchrashuvdan berilgan rasmiy xabarga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari, maxsus ishchi guruhlar hamraislarining imzolangan bitimlar va qabul qilingan qarorlar ijrosining borishi to‘g‘risida hisobotlarini tinglagan.
Prezidentlar sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan.
Mirziyoyev va To‘qayev mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan. Ushbu uchrashuvdan ikki davlat rahbarlari Matbuot xizmati faqat bitta surat e’lon qildi, xolos.
Lukashenkoning ashaddiy dushmani qamaldi
Belarusda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, mamlakat hukmdori Lukashenkoning ashaddiy dushmani Ales Belyatskiyning 3 mart Minsk sudi tomonidan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. “Vesna” inson huquqlari markazi rahbari bo‘lgan Belyatskiy kontrabanda va ommaviy tadbirlarni tashkil etish tartibini takroran buzishda aybdor deb topilgan.
Shuningdek, Belyatskiyning o‘rinbosari Valentin Stefanovich, “Vesna” huquqshunosi Vladimir Labkovich va muqaddam sudlangan inson huquqlari markazi a’zosi Dmitriy Solovev ham sud qilingan. Ular mos ravishda to‘qqiz, yetti va sakkiz yilga qamalgan.
Belyatskiyning sudi jahon hamjamiyatida keng rezonansga sabab bo‘lgan. Suddan bir kun oldin Human Rights Watch va yana 20 ta xalqaro inson huquqlari tashkiloti sudlanuvchilar bilan bir qatorda Belarusda o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan barcha huquq himoyachilarini zudlik bilan va shartsiz ravishda ozodlikka chiqarilishini so‘ragan.
Shuningdek, Germaniya hukumati ham Ales Belyatskiy va uning sheriklariga chiqarilgan hukmni qoralagan. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ayblovlar va sud jarayonini “fars” (komediya) deb atab, huquq faollari Belarus xalqining huquqlari, qadr-qimmati va erkinligi uchun ko‘p yillik kurashlari ortidan sud qilinayotganini aytgan.
“Minsk rejimi fuqarolik jamiyatiga qarshi kurashmoqda. Ular buning uchun zo‘ravonlik va qamoqxonalardan foydalanmoqda. Bu Lukashenkoning Putin urushini qo‘llab-quvvatlashi bilan bir xil sharmandalik”, deb yozgan Berbok Twitter sahifasida.
Ales Belyatskiy, Valentin Stefanovich va Vladimir Labkovich 2021 yilning iyulida hibsga olingan. Belyatskiy sud tinglovlari chog‘ida Belarusda huquq faollariga nisbatan uzoq muddatli ta’qiblar siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini ta’kidlagan. U Belarus Adliya vazirligi “Vesna” inson huquqlari markazini bir necha bor ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortganini aytgan va unga qarshi barcha ayblovlarni rad etgan. 2022 yilda qamoqdaligi paytida Belyatskiy tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, u o‘z intervyularidan birida Belarusdagi namoyishchilarni jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan, mamlakatda repressiya darajasi kuchayib borayotganini aytgan.
“Mamlakatdagi qatag‘onlar ko‘lami juda katta, bu Stalin davridan beri sodir bo‘lmagan. Buni hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi”, degan hibsdagi Nobel mukofoti sovrindori.
Turkiya siyosatida “bomba” portladi
Turkiyaning nafaqat zamini, balki siyosati ham og‘ir tebranishlarni boshdan kechirmoqda. 3 mart kuni “Yaxshilik” partiyasi rahbari Meral Akshenar Erdo‘g‘anga qarshi 6 muxolif partiyadan iborat Millat Ittifoqini tark etdi. U ushbu ittifoqdan yana Erdo‘g‘anning azaliy dushmani – “Jumhuriyat xalq” partiyasi lideri Kamol Qilichdoro‘g‘lining nomzodi prezident sayloviga ko‘rsatilishiga qarshi chiqdi.
Joriy yil Turkiyada prezidentlik va parlament saylovi bo‘lib o‘tishi kerak. Erdo‘g‘anga ishonilsa, saylov joriy yilning 14 may kuni o‘tkazilishi kerak. Ammo bu bo‘yicha yakuniy qaror imzolangani yo‘q.
“Yaxshilik”, “Jumhuriyat xalq”, “Saodat”, “Da’vo”, “Kelajak”, “Demokrat” partiyalar Millat ittifoqini tuzib, ushbu ittifoqdan bir kishini prezident sayloviga nomzod sifatida ko‘rsatishi belgilangan.
Meral Akshenar bunga qarshi chiqib, nomzod o‘laroq “Jumhuriyat xalq” partiyasidan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li yoki Anqara hokimi Mansur Yavash nomzodini ko‘rsatishni taklif qildi. Ammo bu taklif qabul qilinmagan. Shu bois u muxolifat tuzgan ittifoqni tark etdi va oltilik stolidan chiqarkan, “Biz majburlashga bosh egmaymiz”, dedi.
“Biz Erdo‘g‘anga qarshi barcha ommaviy so‘rovlarda uzoq vaqtdan beri g‘alaba qozongan ikki nomni bildirdik. Ular Mansur Yavash va Ekrem Imomo‘g‘li edi. Afsuski, bu mulohazalar va takliflar rad etildi. Oltilik stolning so‘nggi yig‘ilishida o‘zaro kelishuvga erishildi. Biz tushundikki, xalq yutgan haqiqatdan shaxsiy manfaat afzaldir. Aziz millatim, biz “Yaxshilik” partiyasini buning uchun tuzmadik. Tashkil etilgan kundan buyon o‘zimizni boshqalardan ustun ko‘rmadik. Ba’zan partiyamiz manfaatlarini unutib, millatimiz uchun ulardan voz kechdik”.
Meral Akshenar nomzod o‘laroq ko‘rsatishni taklif qilgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va Anqara hokimi Mansur Yavash buni qabul qilmay, muxoliflarning lideri o‘laroq Qilichdoro‘g‘li ko‘rsatilishini olqishladi.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, muxolifat o‘rtasidagi ushbu qarama-qarshilik zilziladan keyin taqdiri savol ostida qolgan Erdo‘g‘anning kuchini yanada oshirishi, muxolifatdagi ishonchsizlik saylovchilarning ham ishonchsizligiga olib kelishi mumkin.
LiveBarchasi